Andijon viloyatida 2,4 milliard so‘mdan ziyod zarar keltirgan mayning ferma aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Nazorat tadbiri davomida “E.” MCHJga tegishli ishlab chiqarish sexida 33 dona mayning qurilmasi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan holda, noqonuniy foydalanib kelgan.

Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu korxona tomonidan tizimga 2,4 mlrd so‘mlikdan ziyod zarar yetkazilgan.

Iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023-yilning o‘tgan davrida 58,2 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlash orqali mayning faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha 26 ta holat aniqlangani xabar qilingandi. Buning uchun 29 kishi o‘g‘rilikda ayblanib, protsessual tartibda ushlangan.