2023-yil boshidan buyon dunyo bo‘ylab 94 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, to‘qqiz nafar ayol o‘ldirildi. Bu bir yil oldingi, ya’ni 68 kishi vafot etgan 2022-yildagi raqamlardan deyarli 40 foizga ko‘p, deyiladi Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (International Federation of Journalists, IFJ) yillik hisobotida.

Eng ko‘p jurnalist — 68 nafar xodim Isroil va HAMAS o‘rtasidagi janglarda halok bo‘lgan. IFJ ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilot o‘ldirilgan OAV xodimlari reyestrini yurita boshlagan 1990-yildan beri G‘azo urushi jurnalistlar uchun eng qonli urush bo‘lib qolmoqda.

Ukrainadagi urush esa xavfligini saqlab turibdi. Ukraina, Rossiya va Fransiyadan bo‘lgan uch nafar jurnalist uni yoritish chog‘ida halok bo‘ldi.

Yil davomida mintaqada Yaqin Sharq va arab mamlakatlarida jami 71 jurnalist o‘ldirilgan. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ularning soni yettitani tashkil etmoqda. Lotin Amerikasida yana yetti kishi halok bo‘lgan. Afrikada besh, Yevropada to‘rt nafar jurnalist vafot etgan.

jurnalistlar, IFJ

O‘ldirilgan jurnalistlar va OAV xodimlarining ҳудудлар bo‘yicha bo‘linishi. Foto: IFJ.

Bundan tashqari, IFJ hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda turli mamlakatlarda 393 nafar jurnalist qamoqda qolmoqda. Tashkilotning qayd etishicha, so‘nggi uch yil ichida ularning soni sezilarli darajada oshgan.

Xitoy va Gonkongda 80 nafar matbuot xodimi qamoqda. Bundan tashqari, keyingi o‘rinlardan Myanma (54), Turkiya (41), Rossiya va bosib olingan Qrim (40), Belarus (35), Misr (23), Vetnam (18), Saudiya Arabistoni (11), Hindiston (10) va Suriya (9) joy olgan.