Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkent shahrining xorijiy va milliy valyutadagi “BB-” darajasidagi barqaror prognozli uzoq muddatli kredit reytinglari bekor qilinganini e’lon qildi.

Fitch “Toshkent reyting jarayonida ishtirok etishni to‘xtatishga qaror qilgani” uchun reytingni qaytarib olgan.

Agentlik endi asosiy kredit omillarini, jumladan, fiskal va qarzni boshqarish siyosatini ko‘rib chiqish uchun yetarli ma’lumotga ega emas. Shu bois moliya instituti bundan buyon O‘zbekiston poytaxti bo‘yicha reyting va tahliliy hisobotlarni taqdim etmaydi.

Toshkent birinchi marta Fitch reytingini 2019-yil iyun oyida olgan. Agentlik tomonidan taqdim etilgan kredit reytingi va hisoboti shaharning moliyaviy salomatligi va kreditga layoqatliligi haqida muhim ma’lumot manbai edi. “Qanchalik ko‘p ma’lumot bo‘lsa, qanchalik ochiqlik, shaffoflik ko‘p bo‘lsa, shahar uchun shunchalik yaxshi”, — dedi Fitch`ning Rossiya/MDH va Qora dengiz mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy rahbari Dmitriy Surkov.

2022-yil dekabr oyidagi so‘nggi hisobotida agentlik mamlakatda olib borilayotgan moliyaviy islohot sharoitida shahar daromadlari barqarorligini “zaifroq” va “beqaror” deb baholagandi. Poytaxt tomonidan yig‘iladigan soliq tushumlarining tarkibi va ularni boshqaruvning turli bo‘g‘inlari o‘rtasida taqsimlanishi markaziy hokimiyat ixtiyoriga ko‘ra doimiy ravishda o‘zgarib turadi.