Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov 4-dekabr kuni Nyu-Yorkda (AQSh) bo‘lib o‘tgan brifingda tashqi savdoni liberallashtirish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi ta’siri haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JSTga a’zo bo‘lgach, savdo xarajatlarining qisqarishi va buning natijasida YAIM va aholi farovonligi (real daromad) sezilarli darajada oshishini kutish mumkin.

“Xususan, savdo liberallashtirilgan holatda 0,4−0,5 foiz iqtisodiy o‘sishga, farovonlikni esa 0,9−1,0 foiz darajasida oshirishga erishish mumkin”, — dedi Obid Xakimov.

Markaz rahbari boshlangan islohotlarni davom ettirish muhimligini ta’kidlab, bugungi kunda O‘zbekiston “JSTga a’zo bo‘lish majburiyatini tasdiqlagan holda” savdo hamkorlarini diversifikatsiya qilish ustida ish olib borayotganini ta’kidladi.

Obid Xakimov. Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziObid Xakimov. Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

“Aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan import bojlarini liberallashtirish izchil davom etayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida ham islohotlar amalga oshirilmoqda, bu yo‘nalishda O‘zbekiston JST normalari va standartlariga moslashmoqda, shu jumladan, notarif savdo to‘siqlarini qayta ko‘rib chiqmoqda”, — dedi Obid Xakimov.

ITIM rahbari 2017-yilda Yevropa Ittifoqi bilan “to‘qimachilik protokoli” kuchga kirganini, 2021-yilda O‘zbekiston GSP+ benefitsiar davlatiga aylanganini, 2022-yilda Cotton Campaign tashkiloti o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilganini, bu esa bular esa barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar “samaradorligini ko‘rsatishini” qayd etgan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 yil ichida 53 mlrd dollardan 2022-yilda 82 mlrd dollarga o‘sdi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi esa 2018-yildagi 1 604 dollardan 2022-yilda 2 255 dollarga ko‘tarildi. Investitsiyalar oqimi 3 baravarga — 2017-yildagi 3,3 mlrd dollardan 2022-yilda 9,8 mlrd dollargacha oshdi.

Tashqi savdo erkinlashuvi natijasida eksport hajmi 2017-yildagi 12,6 mlrd dollardan 2022-yilda 19,3 mlrd dollargacha oshdi. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turlari 1,5 mingtadan 3 mingtaga, eksport geografiyasi — 139 mamlakatdan 164 mamlakatga oshdi, tayyor mahsulotlar eksporti ikki baravar ko‘paydi.

Brifing O‘zbekiston prezidentining sentabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi chiqishi va tashabbuslariga bag‘ishlandi.

2023-yilning aprel oyida O‘zbekiston uch davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni deyarli yakunlagani haqida xabar berilgandi. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq mamlakat eksportini ikki baravar oshirish strategiyasi doirasida JSTga albatta kirishi kerakligini aytgandi. Prezident 2023-yilda rasmiylar xalqaro tashkilotga kirishda sezilarli natijalarga erishishini kutayotganini ta’kidlagandi.