8-dekabr kuni soat 12:00 dan Toshkent xalqaro aeroportidagi yo‘l o‘tkazgichga (estakada) chiqish cheklanadi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Kompaniya bunga aeroportda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari boshlangani sabab bo‘lganini qayd etdi.

Shu munosabat bilan avtotransport vositalari va turistik avtobuslarning kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida alohida yo‘lovchi tushirish yo‘lagi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, terminalda rekonstruksiya ishlari olib borilishi munosabati bilan Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zaliga kuzatuvchilarning kirishi vaqtincha cheklanadi, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro aeroporti estakadasi orqali avtotransport vositalari harakati 2021-yil 10-iyulda sinov rejimida boshlangan.