Dam olish kunlari ayrim hududlarda yomg‘ir va qor yog‘adi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Payshanba kuni kunduzi O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havo bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat +8…+13 daraja, shimolda 0…+5 daraja bo‘ladi.

Juma, 8-dekabr kuni respublikaning ko‘pchilik hududlarida yomg‘ir yog‘adi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 0…+5 darajagacha, kunduzi +5…+10 darajagacha, shimolda kechasi −2…−7 darajagacha, kunduzi 0…-2 darajagacha pasayadi.

Shanba, 9-dekabr kuni yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik faqat O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida saqlanib turadi. 8−9-dekabr kunlari tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik asosan qor shaklida bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Yakshanba, 10-dekabr kuni respublikaning ko‘pchilik hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Havo harorati shanba kuni kechasi 0…+5 daraja, kunduzi +3…+8 daraja, yakshanba kuni kechasi -2 darajadan +3 darajagacha, kunduzi +5…+10 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublika shimolida dam olish kunlari kechasi −5…−10 darajagacha, kunduzi 0…-5 darajagacha bo‘ladi.

Keyingi haftaning birinchi yarmida sovuq respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati kechalari −8…−13 darajagacha, kunduz kunlari −3…−8 darajagacha pasayadi. Respublika shimolida harorat kechalari −15…−20 darajagacha, kunduz kunlari −7…−12 darajagacha pasayadi.

Toshkent shahrida 7 va 10-dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, 8-dekabrda kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi, 9-dekabrda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qorga aylanishi mumkin) bo‘ladi. Harorat 7-dekabrda +9…+11 daraja, 8−10-dekabrda kechasi 0…+5 daraja, kunduzi +4…+9 daraja bo‘ladi.

Avvalroq agentlik 8−13-dekabr kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilgandi. Shuningdek, 10−12-dekabr kunlari Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.