Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘chada 8 yoshli qizni o‘pib, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan 63 yoshli erkak ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi e’lon qilgan videoda erkak ko‘chada qizcha bilan yonma-yon o‘tirgani, dastlab uning soch va bo‘yin qismidan silaganini ko‘rish mumkin. Ularning oldidan odamlar o‘tayotganda erkak harakatlarini to‘xtatib, so‘ng buni yana bir necha marta takrorlagan. Lavhada, shuningdek, erkak qizning qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, uni o‘pgani aks etgan.

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi S.Abdug‘aniyev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, 1960-yilda tug‘ilgan, pensioner, muqaddam sudlanmagan M.I. Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 50-moddasi (Ozodlikdan mahrum qilish) 6-qismi talabidan kelib chiqqan holda 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

“Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli”, — deyiladi xabarda.