Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi. Bayram tabrigi davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

Prezident joriy yilda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayoti va taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu bayram 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum yakunlari bo‘yicha Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinganini inobatga olgan holda “alohida ma’no-mazmunga egaligini” ta’kidladi.

Uyg‘unlashtirish doirasida 30 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi, deyiladi tabrikda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda barcha islohotlar Konstitutsiya va qonunlar ustunligi tamoyili asosida amalga oshirildi.

Keyingi olti yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 1,5 barobar, tadbirkorlar soni ikki barobar, sanoat o‘sishi 40 foizdan oshdi. Joriy yilda ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘lar 2016-yilga nisbatan 5,6 barobar ko‘payib, 134 trillion so‘mni tashkil etdi.

Prezident so‘nggi yillarda O‘zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo‘yicha xalqaro indeksda 32 pog‘onaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pog‘onaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pog‘onaga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitutsiyaviy makonda yanada qat’iy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ustuvor vazifalar haqida gapirar ekan, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish borasidagi islohotlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita qo‘llash amaliyotiga o‘tish zarur. Shundagina xalqimiz Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va ta’sirini teran his etadi, — dedi u.

Konstitutsiyaviy normalarni barcha davlat organlari, shu jumladan, sudlar faoliyatiga bevosita tatbiq etish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.

Uchinchidan, sud-huquq islohotlari yangi konstitutsiyaviy makonga uyg‘unlashtiriladi. Bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirish ustuvor vazifa bo‘lib hisoblanadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

To‘rtinchidan, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblikni ta’minlash bo‘yicha konstitutsiyaviy prinsipni ro‘yobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini o‘zgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, Konstitutsiyada qat’iy belgilab qo‘yilganidek, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz bo‘lib, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir. Ushbu yo‘nalishda asosiy e’tibor bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi.

Oltinchidan, barcha islohotlarimizda inson va uning manfaatlari markaziy o‘rinda turishi va xalqimiz farovonligi hamda qulay hayot kechirishini ta’minlash davlat organlari uchun bosh maqsad bo‘lishi lozim, dedi prezident.

Yettinchidan, biz “Yangi O‘zbekiston — ma’rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy ta’lim masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Parlament tomonidan Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni o‘rganishni bolalar bog‘chasidan boshlash, barcha darajadagi ta’lim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga to‘liq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari bo‘yicha imtihonlar o‘tkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur, — dedi u.

Sakkizinchidan, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berish kerakligi qayd etildi. Xususan, so‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarning soni qariyb 40 foizga oshdi va ularni qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, dunyoning turli mintaqalarida qarama-qarshiliklar, mojarolar, qurolli to‘qnashuvlar kuchayib borayotganiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, hozirgi o‘ta og‘ir va xavotirli vaziyatda O‘zbekiston xalqi yanada ko‘proq birlashishi zarur. — Ishonchim komilki, bu yo‘lda yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi biz uchun qudratli kuch, kuch va ilhom manbai bo‘ladi, — dedi prezident.