O‘zgidromet xizmati agentligi direktori Sherzod Habibullayev 8−13-dekabr kunlari sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qor ko‘chish xavfidan ogohlantirdi.

Kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan:

  • Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari (Chotqol tizmasining tog‘lari);
  • Namangan viloyatining Pop tumanida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.

10−12-dekabr kunlari A-373 Toshkent — O‘sh avtoyo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi, vaqti vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi mumkkin. Ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 17 — 22 metr/sekundgacha kuchayishi natijasida avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga 9-dekabrdan Rossiyaning shimoliy hududlaridan juda sovuq havo massasi kirib kelishi xabar qilingandi. Harorat kechalari −17, kunduzi -10 darajagacha pasayishi, 10−11-dekabr kunlari respublika bo‘ylab qor yog‘ishi mumkin.