Ijtimoiy tarmoqlarda pedagog bog‘cha yoshidagi bolani urib, mashg‘ulot o‘tayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Logo bilim” ta’lim markazida sodir bo‘lgan. Pedagog 2019-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi M.B.ni urgan holda mashg‘ulot olib borgan.

Holat yuzasidan bolaning onasi bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan va ombudsman tomonidan nazoratga olingan. Tuman IIB tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlagan.

“O‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan bolaga nisbatan bunday pedagogika zid harakatlarga yo‘l qo‘ygan mutaxassis hozirda ishdan bo‘shatilgan bo‘lib, uning harakatlariga huquqiy baho berish jarayoni bormoqda”, — deyiladi xabarda.