Toshkent shahrida 2 ta o‘ta katta sig‘imli elektrobuslar harakatlanishni boshladi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat”.

Qayd etilishicha, ular Toshkent shahri uchun xarid qilingan 200 dona o‘ta katta sig‘imli King Long rusumli avtobuslarga ishlab chiqaruvchi zavod — “Xiamen King Long United Automotive Industry Co., Ltd” tomonidan bonus tariqasida qo‘shimcha ravishda taqdim etilgan.

Mazkur o‘ta katta sig‘imli elektrobuslar 2023-yil 6-dekabr kunidan boshlab, “2-avtobus saroyi”ga biriktirilgan 14-sonli “TTZ ASHB — Toshkent vokzali” avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt avtobus parki 20-apreldan Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar bilan to‘ldirila boshlandi. Shu kuni yo‘nalishlarga 400 ta mashina chiqarildi. Ular orasida 114 dona uzunligi 18 metrli gormoshkali avtobuslar, 169 ta elektrobus hamda 117 ta gazda harakatlanuvchi avtobuslar mavjud edi.