Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida 2,8 milliard so‘mdan ziyod zarar keltirgan mayning ferma faoliyati to‘xtatildi, deya xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.

Tumanining Bog‘ibo‘ston mahallasida faoliyat ko‘rsatuvchi MCHJda fuqaro M.A. o‘zboshimchalik bilan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib, mayning qurilmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulab olgan.

Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, M.A. tomonidan tizimga 2,8 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududlarda elektr energiyasi o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgandi.

Xususan, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452 ta mayning qurilmasi o‘rnatilgani oqibatida 10 oy davomida qariyb 5,5 mln kVt·s elektrdan noqonuniy foydalanilgan. Buning oqibatida davlatga 24,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Prezident tuman hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari 10 oyda hududda shuncha elektrdan o‘g‘irlikni payqamagani uchun ishdan olgandi.