2023-yilning o‘tgan davrida elektr energiyasini o‘g‘irlash orqali mayning faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha 26 ta holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur holatlarda 58,2 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 29 mln kVtli yoki 145 mingta xonadonning bir oylik iste’mol ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasi o‘g‘irlangan.

Buning uchun 29 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) tegishli qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ular protsessual tartibda ushlangan.

Mayning faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib, energiya resurslarini juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zatilishiga hamda 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazo tayinlanishi mumkin, deya eslatma berdi Bosh prokuratura.

Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududlarda elektr energiyasi o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgandi.

Xususan, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452 ta mayning qurilmasi o‘rnatilgani oqibatida 10 oy davomida qariyb 5,5 mln kVt·s elektrdan noqonuniy foydalanilgan. Buning oqibatida davlatga 24,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Prezident tuman hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari 10 oyda hududda shuncha elektrdan o‘g‘rilikni payqamagani uchun ishdan olgandi.