Haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘ylab quruq va o‘ta iliq ob-havo saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, dekabr oyi quruq va juda iliq havo bilan boshlandi. Oyning birinchi kunlarida havo harorati +15…+18 darajagacha, janubda +20 darajagacha iliq bo‘ldi, bu iqlim normasidan 5−7 darajaga ko‘p hisoblanadi.

Ushbu haftaning birinchi yarmida kunduzi +15…+20 daraja bo‘ladi, ikkinchi yarmidan havo o‘zgara boshlaydi.

Keyinchalik bulutlilik kuchayadi va harorat foni pasaya boshlaydi. 8-dekabr, juma kunida havo harorati kechasi 0…+5 daraja, kunduzi +7…+12 darajagacha, shimolda kechasi −2…−7 daraja, kunduzi 0…+5 darajagacha tushishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida 4−8-dekabr kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 4−6-dekabrda kechasi +3…+8 daraja, kunduzi +15…+20 daraja, 7−8-dekabrda kechasi 0…+5 daraja iliq, kunduzi +7…+12 daraja atrofida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq agentlik O‘zbekistonga 9-dekabrdan Rossiyaning shimoliy hududlaridan juda sovuq havo massasi kirib kelishidan ogohlantirgandi. Harorat kechalari −17, kunduzi -10 darajagacha pasayishi, 10−11-dekabr kunlari respublika bo‘ylab qor yog‘ishi mumkin.