Humo milliy banklararo protsessing markazining Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) balansiga o‘tishi xususiylashtirish rejalari bilan bog‘liq emas, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga agentlik matbuot xizmati.

Prezidentning 30-noyabrdagi qarori bilan Markaziy bankning bosh axborot markaziga tegishli bo‘lgan Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi to‘liq DABAga o‘tkazildi.

2023-yilning 9-martidan kuchga kirgan “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga muvofiq, davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning o‘zida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni bu holatda MB bank bozorini tartibga soluvchi va Humo`ning yakka egasi bo‘lib qolishi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga olib keladi, deya qayd etdi agentlik.

“Ushbu holat mulkdorning vazifalarini davlat organidan Davaktiv agentligiga o‘tkazish yoki mazkur korxonani tugatish yoxud tartibga soluvchining vazifalarini ushbu davlat organidan boshqa davlat organiga o‘tkazish yo‘li bilan bartaraf etiladi”, — deya ta’kidladi agentlik.

Endilikda qonunchilik talablarini bajarish maqsadida boshqa vazirilik va idoralar tomonidan boshqarilayotgan xo‘jalik jamiyatlarning davlat ulushlarini vakolatli organ sifatida Davaktiv agentligiga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur qonunning 22-moddasiga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini boshqarish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Ma’lumot uchun, milliy to‘lov tizimi 2018-yil sentabr oyida yaratilgan. O‘shanda chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytirishi, to‘lov infratuzilmasining yagona integratsiyalashuviga yo‘l qo‘ymaysligi va bitta monopoliya tizimining hukmronligiga olib kelishi ta’kidlangandi.

Humo o‘sha paytdagi yagona protsessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan keyin tuzilgan.