Toshkent shahrida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar berdi shahar IIBB axborot xizmati.

Boshqarma qayd etishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan.

“Jumladan, Toshkent shahrida „Saidaziz medgorodok“ laqabi bilan tanilgan 1987-yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaliyev sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat bir nechta shaxsni o‘z atrofiga jalb qilib, bir nechta jinoyatlarni sodir etgan. Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarni muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidandir”.

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi Saidaziz Saidaliyev va boshqa bir nechta shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

IIBB ushbu shaxsdan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan, Toshkent shahar IIBBning 71−206−45−66, 71−206−49−46 yoki 102 raqamiga yoxud yaqin oradagi IIOga murojaat qilishni so‘radi. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Avvalroq Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani xabar qilingandi. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan, deya xabar beradi poytaxt ichki ishlar boshqarmasi.