O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 28-noyabr kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjatda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun jazolash to‘g‘risidagi band ham o‘rin olgan.

Jamoatchilik ushbu normaning kiritilishi mamlakatda e’lon qilingan ochiqlik siyosatiga zid ekanini va mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati ham bu jamoatchilik e’tirozlarini asosli deb biladi.

Tashkilot qonunchilikdagi har bir o‘zgarish, ayniqsa, demokratiyaning asosiy belgilari bo‘lmish inson huquqlari va davlat organlarining ochiqligi va shaffofligiga oid siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi yangi qoidani kiritish ma’lum bir asoslarga ega bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

“Demak, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xodimlarini internet tarmog‘ida asossiz obro‘sizlantirish va haqoratlash holatlari juda ko‘payib ketdimi? Agar ko‘paygan bo‘lsa aniq raqamlar qancha? Sababi nimada va bu kabi holatlar tizimning sog‘lom ishlashi uchun nechog‘lik jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda? Albatta, bu savollarga javob berilishi lozim”, — deyiladi xabarda.

Yuksalishning ta’kidlashicha, bu boradagi huquqbuzarliklar uchun, allaqachon, qonunchilikda ta’sir choralari belgilangan. Ya’ni, shaxsni haqorat qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik bor, bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasiga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Shunday ekan, huquq tartibot organlari xodimlariga qaratilgan alohida norma nima uchun kerak? Bugun davlat boshqaruvida inson huquq va manfaatlari markaziy o‘ringa qo‘yilmoqda. Mazkur g‘oya yangilangan Konstitutsiyaning bosh mezoni sifatida „inson-jamiyat-davlat“ tamoyili ko‘rinishida aks etgan. Buning teskari bo‘lishi mumkin emas”, — deydi tashkilot.

Harakatga ko‘ra, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Belarus kabi mamlakatlarning ushbu normani joriy etish tajribasi o‘rganilgan.

“Ammo, ushbu mamlakatlarda bu kabi normalar aynan qanday holatlar uchun qo‘llanilishi, ulardagi ijtimoiy-siyosiy muammolarning xarakterini chuqur tahlil qilish taqozo etiladi. Sanab o‘tilgan va boshqa rivojlangan demokratik mamlakatlarda haqiqatan bu kabi cheklovlar bor, ammo ushbu mamlakatlarda har bir fuqaroning nizoli holatlarda politsiya xodimining bodi-kamerasidagi yozuvlarni olish huquqi kafolatlangan”, — deyiladi bayonotda.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi” to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, oshkoralik va shaffoflik hamda davlat idoralari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi davlat organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo‘yilgan.

“Yuksalish”ning ta’kidlashicha, yangi norma bilan kiritilayotgan yangi javobgarlikning belgilanishi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xizmati bilan bog‘liq faoliyatini tasvirga olish mumkin emas degan qoidani keltirib chiqarmasligi lozim. “Aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining nojo‘ya harakatlari aks etgan tasvirlar Internetda tarqalgan hollarda, rahbarlar o‘z e’tiborini tizimni takomillashtirib borishga qaratishi kerak. Bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatining xalqchilligi va professionalligini oshirishga xizmat qiladi.”, — deyiladi tashkilot xabarida.

Harakat Senat qonunni ko‘rib chiqayotganda mazkur band bo‘yicha jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan savol va e’tirozlarga jiddiy e’tibor qaratishi kerak, deb hisoblaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxanov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ushbu normaga salbiy munosabatda ekanini va unga qarshi ekanini aytdi.

“Albatta shaxsni obro‘sizlantirish maqsadida video tasvirga olishning o‘zi qonunchilikka zid. Nafaqat ichki ishlar xodimlarini, balki oddiy fuqarolarni ham obro‘sizlantirish maqsadida tasvirga olib tarqatish noqonuniy harakat sifatida baholanishi kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada aniq tartiblar belgilanmagani uchun ko‘plab tushunmovchiliklar va savollarni keltirib chiqarishi mumkin.

“Ya’ni, tasavvur qiling, ichki ishlar xodimi choy ichib o‘tiribdi. Shuni ko‘rsatib chiqarib yuborsa xodim „bizni obro‘sizlantirgan“, degan vajni aytishi mumkin va shuni aybdor qilib yuborishlari mumkin. Tushunyapsizmi? Aniqlashtirilmaganligi uchun. Aynan bu normada taklif etilayotgan o‘zgarishga biz agentlik vakili sifatida salbiy qaraymiz va ochiqlik siyosatiga zid, deb hisoblaymiz”, — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari.

Burxanovning ta’kidlashicha, hozir ham IIO xodimlarini videoga olib, obro‘sizlantirgan taqdirda ham qonun bo‘yicha javobgarlik bor. “Bunda suistemolchilik ham bo‘lishi mumkin. Chunki javobgarlikka tortish huquq tartibot idoralari, ichki ishlar idoralarning vazifasi hisoblanadi. Buni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman”, — dedi u.