Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 1-dekabr kuni Dubay shahrida o‘tayotgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi sessiyasi ishida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

“Hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri — Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p, so‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qoldi.

“Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum bo‘ronlari, ichimlik suvi taqchilligi, havo iflaslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va ko‘plab boshqa muammolar mintaqada istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmushi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda” — dedi davlat rahbari.

Prezident “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasi qayd etildi.

Davlat rahbari kecha “Yo‘qotish va zararlar” global jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni yuksak baholadi. Ushbu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim o‘zgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi.

Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligi qayd etildi. Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida ko‘rib chiqib borish taklif qilindi

Orolbo‘yi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun davlat rahbari bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.

Bundan tashqari, prezident Toshkentdagi Green University negizida tashkil etilayotgan Iqlim ilmiy forumi doirasida yaqin ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirdi. Yer degradatsiyasining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta’minlash va boshqa o‘tkir masalalar forumning kun tartibidan joy oladi.

Shuningdek, prezident Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan 2024-yili O‘zbekistonda “Iqlim migratsiyasi” mavzusida konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Davlat rahbari Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish, Iqlim o‘zgarishining bandlikka ta’sirini modellashtirish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Iqlim muammolarini samarali yechishga yoshlarni faol jalb qilish uchun mamlakat BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining Yoshlar forumini tashkil etishga tayyor ekani qayd etildi.

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiqligini tasdiqlab, davlat rahbari kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yondashuvlari o‘z ifodasini topgan BMT Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.