1-dekabrdan boshlab Yandex Go xizmati O‘zbekiston hududida soliq rezidenti — YandexGo UB MCHJ yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi, deya xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

“Shu kundan boshlab Yandex Go xizmati o‘z hisob-kitoblarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida yuritadi, birlamchi hujjatlarni va soliq hisobotlarini taqdim etadi hamda belgilangan soliqlarni to‘laydi. Bu haqda Ridetech International B.V. Soliq qo‘mitasini rasmiy xat orqali xabardor qildi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shuningdek, Yandex Go xizmatini fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalash bo‘yicha ishlar yakunlangan. Ayni vaqtda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yuridik shaxslar mazkur servis yordamida tashish xizmatini ko‘rsatganda mijozlarga fiskal chek berish masalasi ko‘rib chiqilayotgani aytilgan. Shu tariqa, Yandex Go o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha Soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarmoqda.

Shuningdek, MyTaxi va Uklon xizmatlarining fiskal ma’lumotlar operatori bilan integratsiyalash ishlari ham yakunlangan. Yaqin kunlarda ular orqali ko‘rsatilgan tashish xizmatlari uchun ham to‘lovlar fiskallashtirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, Yandex Go xizmatlarini taqdim etuvchi Ridetech International kompaniyasidan O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lishini talab qilgandi. Bundan tashqari, kompaniya soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiyani ta’minlashi va mijozlarga avtomatik tarzda shakllantiriladigan fiskal kvitansiyani taqdim etishi kerak edi. Talablar bajarilmasa, platforma bloklanishi haqida ogohlantirilgan.

Soliq qo‘mitasining ushbu bayonoti e’lon qilingan kuniyoq Yandex Go kompaniya O‘zbekistonning soliq rezidenti bo‘lishini va 1-dekabrdan keyin faoliyatini davom ettirishini e’lon qilgan.