Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr kuni “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 1-iyuldan boshlab to‘lov tizimlari operatorlari uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlari uchun 10 mlrd so‘m, 2025-yil 1-iyuldan boshlab esa to‘lov tashkilotlari uchun 20 mlrd so‘mgacha oshiriladi. Hozirda to‘lov tizimining uchta operatori (Humo, Uzcard va Qulay Pul) va 49 ta to‘lov tashkilotlari (Payme, Click, Uzum, Oson va boshqalar) ro‘yxatdan o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xuddi shu hujjat bilan Markaziy bankdan Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.