1-dekabr kuni ertalab HAMAS guruhi G‘azo sektori bilan chegarada joylashgan Isroil aholi punktlariga raketa hujumini uyushtirdi, deb yozmoqda “Meduza” The Times of Israel nashriga tayanib.

Bildirilishicha, raketa havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirilgan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumotlar mavjud emas.

HAMAS harbiy operatsiya bo‘yicha tanaffusni buzdi va Isroil hududiga ham o‘t ochdi. Isroil G‘azo sektorida HAMASga qarshi jangovar operatsiyalarni qayta boshladi, — deyiladi Isroil mudofaa kuchlari bayonotida.

“RIA Novosti”ning yozishicha, juma kuni ertalab Isroilning G‘azoga bergan zarbalari oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralandi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh bitimi 24-noyabr kuni kuchga kirgan va olti kun davom etdi. Kelishuv doirasida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlashga va’da bergan. Bundan tashqari, HAMAS G‘azoda garovga olinganlarning bir qismini, Isroil hukumati esa bir necha falastinlik mahbuslarni ozod qilgan.