Qozog‘istonning magistral neft quvuri bo‘yicha milliy operatori — “Kaztransoyl” 2024-yilda Rossiya neftining O‘zbekistonga tranzitini uch baravar — 154 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshirmoqchi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

Sanoat Energetika Guruhi kompaniyasi (O‘zbekiston) “Kaztransoyl” AJga 2024-yil uchun 500 ming tonna Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilish bo‘yicha ariza berdi, bu ko‘rsatkichni 1 million tonnagacha oshirish imkoniyati mavjud", — degan kompaniyaning transportirovka bo‘yicha departamenti direktori Abay Beysembayev. Shu munosabat bilan 2024-yilda Rossiya neftini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzit qilish hajmi 500 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

2023-yilda “Kaztransoyl” AJ magistral neft quvurlari tizimi orqali Rossiya neftining O‘zbekistonga kutilayotgan tranzit hajmi 154 ming tonnani tashkil etadi. Yanvar-oktabr oylarida esa 104 ming tonna neft yetkazib berilgan.

Kompaniya matbuot xizmatining qayd etishicha, Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilish 2017-yilda boshlangan bo‘lib, 2017-yilda tranzit hajmi 67,9 ming tonnani, 2018-yilda 36 ming tonnani tashkil etgan. 2019−2022-yillarda esa tranzit amalga oshirilmagan.