Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasini (MTRK) moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda prezidentning 2016-yil 27-iyundagi PQ-2553-son qaroriga (omma uchun ochiq emas) asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (mamlakat suveren jamg‘armasi) tomonidan MTRKga ajratilgan kredit bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish uchun hisoblangan penyalar hisobdan chiqariladi. Teleradiokompaniyani raqamli eshittirish formatiga o‘tish uchun zamonaviy multimedia uskunalari bilan jihozlash maqsadida nol foizlik 22,5 million yevro (joriy kurs bo‘yicha 302,8 milliard so‘m) kredit ajratilgandi.

Bundan tashqari, kredit muddati 10 yildan 13 yilgacha uzaytirilib, davlat budjetining qarzni qaytarishdagi ulushi oshiriladi.

Dastlab 22,5 mln yevro miqdoridagi kredit MTRK va davlat tomonidan teng ulushlarda — har biri 11,25 mln yevrodan to‘lanishi rejalashtirilgandi. Ammo bu yillar davomida korxona kredit uchun umuman to‘lamagan va har olti oyda budjetdan 661,76 ming dollar ajratilgan. Endi budjet mablag‘lari hajmi yilning birinchi yarmida 1,03 mln yevrogacha oshadi, MTRK esa 2024-yilning ikkinchi yarmidan boshlab 200 ming yevro, keyin esa 100 ming dollardan to‘laydi — 2030-yil oxirigacha jami 1,4 million yevro. Shu tariqa, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ssuda uchun davlat budjetidan 21,1 million yevro (qarzning 93,7 foizi) ajratiladi, bu rejadagidan qariyb 10 million yevroga ko‘pdir.

sentabr oyida kompaniya Litvaning TVS Solutions kompaniyasi bilan Jizzax viloyati teleradiokompaniyasini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 58 milliard so‘m (4,44 million yevro)ga zamonaviy studiya majmuasi va ko‘chma televideniye stansiyasi bilan jihozlash bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil uchun MTRKga davlat budjetidan 555,94 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kerak — bu parlamentning ikki palatasi, qator vazirlik va qo‘mitalar budjetidan ko‘p. 2022-yilda kompaniyaga 463,6 milliard so‘m, 2021-yilda 427,1 milliard so‘m, 2020-yilda 399,5 milliard so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan.

Birinchi yarimyillik yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston jamlanma budjetining taqchilligi 5,7 foizni tashkil etgan — xarajatlar daromadlardan 26,9 trln so‘mga ko‘proq. Bu pandemiya boshlangan 2020-yil, shuningdek, 2021−2022-yillardagi ko‘rsatkichlardan ko‘p. Hukumat bu davrda biror marta budjet taqchilligi chegarasini ushlab turolmagan.

To‘lov jadvali

davlat budjeti, миллий телерадиоkompaniya, мтрк

davlat budjeti, миллий телерадиоkompaniya, мтрк