Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi sud mamlakat fuqarosini “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) tarkibida Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashgani uchun 6 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qildi, deya xabar bermoqda Tengrinews.

Erkak Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 170-moddasi 3-qismi (Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish va buzishga yoki davlatning hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan qurolli mojaroda, harbiy va boshqa zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Ushbu modda bo‘yicha eng og‘ir jazo mol-mulki musodara qilingan holda 10 yilga ozodlikdan mahrum etish hisoblanadi.

Sudning aniqlashicha, 2023-yilning mart oyida Qarag‘anda viloyatida tug‘ilgan fuqaro “V Kontakte” ijtimoiy tarmog‘ida “Vagner” XHKga yollanish haqidagi e’lonni ko‘rgan va keyinchalik rag‘batlantirish evaziga Ukrainadagi urushda qatnashishga rozi bo‘lgan. Erkak Rossiya hududiga borib, u yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va aprel oyining oxirida Baxmutga yuborilgan. U yerda “Ukrainaning konstitutsiyaviy tuzumiga putur yetkazish va hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan jangovar harakatlarda qatnashgan, bu jarayonda yaralangan va safdan chetlatilgan”, — deyiladi sud matbuot xizmati xabarida.

“Sudlanuvchi aybini tan oldi va pushaymon ekanini bildirdi”, deyiladi xabarda. Sud, shuningdek, erkakning “Vagner” XHKga yollanish orqali topgan pullarini musodara qilish haqida qaror chiqardi.

2023-yil may oyida Rossiyadagi “Vagner” XHK safiga qo‘shilgan yana bir Qozog‘iston fuqarosi Ukrainada 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi, deya qo‘shimcha qilgan Tengrinews.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Reuters Ukrainadagi urush avj olishi fonida Rossiya Qozog‘istonda rus armiyasi uchun ko‘ngillilarni qidira boshlagani haqida yozgandi. Agentlikka ko‘ra, internetdagi reklama “aniq mamlakat aholisiga qaratilgan” va shartnoma imzolangan taqdirda 5000 dollardan ortiq to‘lov amalga oshirilishini taklif qilgan.