Farg‘ona viloyatidagi ohak ishlab chiqarish sexi 1 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘tkazilgan nazorat tadbirida O‘zbekiston tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.Y.ga qarashli sex tarmoqqa noqonuniy ravishda, tabiiy gaz hisoblagichisiz ulanib olgani ma’lum bo‘lgan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 1 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Samarqandda ham ohak ishlab chiqaruvchi sex mansabdorlari 4,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani xabar qilingandi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina iyul oyida 28,2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bunday holatlarning eng ko‘pi Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.