Transport vazirligi tahlillarga tayanib, Toshkent shahrida avtobusning yengil transportga nisbatan samaradorligi 135 barobarni tashkil etayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, poytaxtda bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 nafar yo‘lovchi, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 nafar yo‘lovchi tashilmoqda. O‘tkazilgan transport makromodeli tahlillariga ko‘ra poytaxtdagi mobil aholining kunlik harakatlanish (qatnov) soni o‘rtacha 9 millionni tashkil etib, shundan 6 million qatnov transportda amalga oshiriladi.

Transportda amalga oshirilayotgan qatnovlarning 1,7 milliontasi (28 foiz) jamoat transporti, 4,3 milliontasi yengil avtotransport hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Infografika: Transport vazirligi matbuot xizmatiInfografika: Transport vazirligi matbuot xizmati

Poytaxtning transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy 73 ta ko‘chasining uzunligi 472 kmni tashkil etib, o‘rtacha 380−400 mingta avtotransport harakatlanishiga mo‘ljallangan. Hozirda shaharda kun davomida o‘rtacha 1 millionga yaqin avtotransport harakatlanmoqda. Bu yo‘llarda bir vaqtda harakatlanish sig‘imidan 2 barobar ko‘p hisoblanadi.

Avvalroq oktabrda Toshkentda avtobuslar yo‘lovchilarga 25 mln martadan ortiq xizmat ko‘rsatgandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 83 foiz yoki qariyb 9,4 mln nafarga ko‘p demakdir.