Shaxrux Shaturgunovich Sharaxmetov Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, bu o‘zgarish uning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan amalga oshgan.

Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sharaxmetovning 2021-yil mart oyidan buyon egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan.

O‘sha kuni yig‘ilishda yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, ulardan mahsulot pulini olishdagi muammolar, aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi Raqobat qo‘mitasi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklardan dalolat ekani ta’kidlangan.

Shaxrux Sharaxmetov 1977-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1998-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999-yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini tamomlagan.

Turli yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparati, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlarda ishlagan.