O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish va haqorat qilish maqsadida” ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilindi. 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 195−2-moddani kiritishni taklif qilmoqda, unga ko‘ra ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida olingan surat va videolarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetda joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida (1-dekabrdan — 17 million so‘m) jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Deputat Doniyor G‘aniyev huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini ta’kidladi.

“Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin. Bu xodimlarning ruhiy holatini yaxshilashga olib kelishi mumkin deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q, bu aks natija beradi. Biz huquq-tartibot idoralari xodimlari, xususan, ichki ishlar xodimlari fuqarolarning haqiqiy tayanchi, do‘sti va himoyachisi bo‘lgan institutga aylanishini istaymiz”, — dedi u.

Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, agar shunday me’yor qabul qilinsa, “fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan hurmatini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”.

Doniyor G‘aniyev qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda muhokama qilish chog‘ida hamkasblaridan ushbu modda yuzasidan ham fikr bildirishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining roziligisiz faoliyati aks etgan fotosuratlar va videolarni internetda joylashtirishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Buning asosi sifatida prezidentning yopiq farmoni borligi aytilgan. Jamoatchilik bu taklifni “orqaga qadam” deb hisoblagandi.