Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, elektr toki urishi oqibatida vafot etgan. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

O‘quvchining o‘limiga elektr jarohati, elektr toki yoyidan zaharlanish, o‘tkir nafas yurak-qon tomir yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi sabab bo‘lgan. Bolaning chap qo‘li kaft sohasida elektr toki urishi ham aniqlangan.

Avvalroq tarmoqlarda toshkentlik o‘smir maktab hududida ochiq elektr simiga tegib, elektr toki urishi oqibatida vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgandi.

Biroq poytaxt Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi elektr toki urishi holatini rad etib, 27-noyabr kuni soat taxminan 18:15 da o‘quvchi A.A. ta’lim muassasasi hovlisidagi sport maydonchasidan chiqib ketayotib, hushini yo‘qotganini ma’lum qilgan.

Ammo biroz vaqt o‘tib, boshqarma o‘z xabarini tahrirladi va bolaning o‘limiga elekt toki sabab bo‘lmagani, maktab stadioni va uning atrofida elektr energiyasi uzatkichlari borligi aniqlanmagani aytilgan qismini olib tashladi.

Boshqarma vakilining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, xabarning mazkur qismi rahbariyatning “hali [ma’lumot berishga] shoshmay turinglar”, degan topshirig‘i tufayli olib tashlangan. Hududdagi kameralarni tekshirish ishlari ketmoqda.

Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura.