Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshib ketayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqaldi. Ushbu xabarlar sabab Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, viloyatda qizamiq kasalligi bilan gumon qilingan bemorlarni statsionar davolash uchun 340 ta o‘rin tashkil etilgan, bundan 240 shifo o‘rni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 100 shifo o‘rni viloyatning Beshkapa bolalar sihatgohida tashkil etilgan.

Shundan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 240 o‘rinda 235 nafar bemor davolanmoqda, 5 ta shifo o‘rni zaxirasi mavjud. Beshkapa bolalar sihatgohida esa 100 o‘rinda 2 yoshdan yuqori bemorlardan 20 nafari davolanmoqda, 80 shifo o‘rni zaxirasi mavjud. Ta’kidlanishicha, viloyatda jami 85 shifo o‘rni zaxirasi bor, 255 ta bemordan 62 foizi 1 yoshgacha bolalar, 25 foizi 1−3 yoshdagi bolalar. Bugungi kunda viloyatda diagnostikum, reagent va vaksinalar yetarlik miqdorda zaxirasi yaratilgan.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, 2023-yil 10 oyi davomida viloyat bo‘yicha jami 735 ta qizamiq kasalligi laboratoriya tekshiruvida tasdiqlangan.

“Ma’lumot o‘rnida shuni alohida ta’kidlash lozimki, joriy yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti hisobidan 3 mln doza qizamiqqa qarshi vaksinalar xarid qilindi. Ushbu vaksinalar epid ko‘rsatma bo‘yicha emlanadigan qatlam, ma’lum sabablarga ko‘ra emlashdan qolib ketgan bolalar hamda xavf guruhiga kiruvchi, qizamiq kasali bo‘lgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 6 oydan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash uchun mo‘ljallangan, va ayni vaqtda hududlarga tarqatilmoqda”, — deyiladi xabarda.