23-noyabr kuni Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash uchun pul ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unda aytilishicha, xalq deputatlari kengashining o‘tgan yil 22-apreldagi qarori bilan (ushbu hujjatni topib bo‘lmadi) “Nuroniy” jamg‘armasining poytaxt bo‘limiga “Otalar choyxonasi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Buvijonlar maktabi” va boshqa shu kabi uchrashuvlar, bir piyola choy ustida suhbat, taqdirlash va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun 10 milliard so‘m ajratilgan.

Hokim davlat rahbarining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-apreldagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida II chorakda budjet daromadlarining ortig‘i bilan bajarilgan qismidan yana 500 million so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Joriy yilning 22-iyun kuni kengash tomonidan ham ushbu maqsadlar uchun 1 mlrd so‘m yo‘naltirilgandi.

Prezidentning 2023-yil 11-martdagi qarori bilan keksalar, o‘rta avlod vakillari va yoshlar o‘rtasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarini tashkil etish belgilangan.