Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatining chorak finalida Fransiya terma jamoasi bilan to‘qnash keladi. Uchrashuv 25-noyabr kuni soat 13:30 da Indoneziyada bo‘lib o‘tishi kerak.

Chorshanba kuni o‘zbekistonliklar angliyalik tengqurlarini 2:1 hisobida mag‘lub etdi (bosh murabbiy Jamoliddin Rahmatullayev qizil kartochka oldi), fransuzlar Senegalni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi — 0:0 (5:3).

Ammo Fransiya terma jamoasi o‘z tarkibiga avvalroq Niger U-17 terma jamoasida to‘p surgan hujumchi Yanis Issufuni jalb etgani uchun o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan diskvalifikatsiya qilinishi mumkin, deb xabar bermoqda Foot Mercato.

Forvard Niger terma jamoasi safida jahon chempionati saralash bosqichidan o‘rin olgan G‘arbiy Afrika futbol ittifoqi turnirida to‘p surgan. Shunday qilib, Issufu bir turnirda ikki xil jamoada o‘ynadi, bu esa Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan taqiqlangan.

Agar Fransiyaning raqiblari norozilik bildirsa, FIFA diskvalifikaciyaga qaror qilishi mumkin. Sport News Africa nashrining yozishicha, guruh bosqichida fransuzlarga qarshi maydonga tushgan Burkina-Faso terma jamoasi federatsiyaga murojaat qilishi mumkin.

Hujumchi jahon chempionatining uchta o‘yinida qatnashib, ikkita golli uzatmani amalga oshirgan. Issufu Senegalga qarshi o‘yinda Fransiya tarkibidan joy olmagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklar guruh bosqichida Maliga yutqazib (0:3), Kanadani mag‘lubiyatga uchratgan (3:0), Ispaniya bilan durang (2:2) o‘ynab, “B” guruhida 4 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallagandi. Har bir guruhdan ikkita eng yaxshi jamoa va uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa, jumladan, O‘zbekiston ham jahon chempionatining 1/8 final bosqichiga yo‘llanma olgan.

Fransiya o‘z guruhida Burkina-Faso (3:0), Janubiy Koreya (1:0) va AQShni (3:0) mag‘lub etgan.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasining eng yaxshi to‘purari Amirbek Saidov (4 ta gol), Fransiyada esa Joan Tinkres (3) bo‘lib turibdi.

Fransiyaning ushbu turnirdagi eng yaxshi natijasi 2001-yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqani bo‘lsa, O‘zbekistonning eng yaxshi natijasi 2011 va 2023-yilgi chorak finalidir.

Chorak finalda quyidagi juftliklar ham ishtirok etadi: Argentina — Braziliya, Mali — Marokash va Ispaniya — Germaniya.