Toshkent shahar sudida 15-noyabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda guvohlar Ulug‘bek Egamov, Mahfuza Amirova, ekspert Eleonora Pak, sudlanuvchi S.S., shuningdek, jabrlanuvchi Ardashoy No‘’monova, Dadaxon Boltayev, Dilshodjon Yo‘ldoshev, Fazliddin Mirshohidov, Javlon Qirjigitov, Munojot Uraimova ko‘rsatmalari tinglandi. Shuningdek, advokatlar bir necha iltimosnomalar bilan sudyaga murojaat qildi.

Majlis avvalida sudya Muso Yusupov jabrlanuvchilarning uzoq hududlardan kelganligini hisobga olib, agar shoshilayotgan bo‘lishsa, dastlab ulardan ko‘rsatma olishini, bo‘lmasa avvaliga guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglashni taklif qildi. Jabrlanuvchilar esa dastlab guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglashni ma’qul topdi.

Guvoh Ulug‘bek Egamov ko‘rsatmasi

Guvoh Ulug‘bek Egamov ko‘rsatmasi uning “Kuraraks” dori vositasini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash ishida ishtirok etgan-etmagani haqida bo‘ldi.

Guvoh Ulug‘bek Egamov 1984-yil Jizzax shahrida tug‘ilgan. Hozirda ishsiz. Jinoyat ishiga sabab bo‘lgan hodisalar yuz bergan paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari, keyinchalik esa agentlik rahbari lavozimida ishlagan.

Sudya: Marhamat, ko‘rsatmalaringizni berib o‘tishingiz mumkin. Siz tergov jarayonida “Kuraraks” dori vositasini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha tergov jarayonida so‘roq qilingansiz. Shu bo‘yicha ham ko‘rsatmalaringiz bor.

Guvoh: Agentlikda 2022-yil aprelidan ish boshlaganman. Faoliyatim davomida yo‘nalishlar bo‘yicha korxonalar, murojaatchilar tomonidan murojaatlar kelib tushardi. [Ular] shu yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar, korxonalar, mutasaddilarga yuborilardi. Tergov davomida ham aytilganidek, korxonalar murojaatlari ko‘rib chiqish uchun “Farmkomitet” (hozirgi SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi)ga yuborilgan. Ba’zida murojaatchilar agentlikka kelib ham o‘z masalalari bo‘yicha murojaat qilishardi. Shu murojaatlar ham ko‘rib chiqish uchun “Farmkomitet”ga yuborilardi. Asosiy masalalar shular.

Sudya: Murojaatlar bo‘yicha emas, “Kuraraks” bo‘yicha gapiraylik, marhamat.

Guvoh: Faoliyatim davomida “Kuraraks” bo‘yicha duch kelmaganman. Bu bo‘yicha xabarim ham yo‘q.

Sudya: Tergov jarayonida so‘roq qilingansiz. Bu bo‘yicha ham sizga bildirilgan. Ish jarayonida aynan siz bilan bog‘liq holat bo‘yicha, ya’ni sudlanuvchi A.A. tergov jarayonida so‘roq qilingan vaqtda, 2022-yil iyul-avgust oylarida “Aynan Egamov meni xizmat xonasiga chaqirib, “Kuraraks” dori vositasini inspeksion tekshiruvga tushganini aytib, “Shuni inspeksion tekshiruvdan olib tashlash kerak, aynan Marion Biotech bilan Pestro’ni olib tashlash kerak degan mazmunda topshiriq berdi”, degan ko‘rsatma bergan. Hozir inspeksion tekshiruvdan olib tashlangan holat bo‘yicha ham sudlanuvchilarga ayb e’lon qilingan. Marhamat, bunga nima deysiz?

Guvoh: Bu bo‘yicha unday topshiriq berilmagan.

Sudya: Topshiriq berilmagan emas, sizni “topshiriq berdi” deyapti.

Guvoh: Unday topshiriq bermaganman. Bu bevosita mening vakolatimga ham kirmagan.

Sudya: Sudlanuvchi A.A. o‘shanda “Haqiqatan bu narsa mening vakolatimga kirmaydi. Kariyevning vakolatlaridagi narsaligini aytganman, deb tushuntirish berganman”, degan.

Guvoh: Tadbirkorlik subyektlari tomonidan murojaatlar bo‘lardi. Xat orqali ham, o‘zlari kelib ham. Biz shu murojaatlarni yo‘nalishlarda tegishlilik bo‘yicha ularga yo‘naltirardik. Uchrashuvlar davomida (sudya guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: Demak, unaqa bo‘lmagan demoqchisiz-a?

Guvoh: Shunaqa.

Sudya: Demak, sizga tuhmat qilyapti, deb o‘ylaysiz?

Guvoh: Endi bu holat bo‘lmagan ham deya olaman-da

Sudya: Bo‘lmagan-a, hozir?

Guvoh: Shunaqa.

Sudya: Savollar bormi?

Advokatlardan biri: Aynan shu “Kuraraks” dori vositasi bo‘yicha murojaatlarni bizga taqdim qila olasizmi?

Guvoh: U murojaatlarni agentlikka so‘rov qilib ko‘tarib berish kerak. Chunki hozir aynan “Quramaks” korxonasining murojaati bo‘lganmi, yo‘q, aytolmayman.

Advokat: Murojaatlar ijrosi bilan siz shug‘ullanasizmi yoki ijrochiga jo‘natasizmi?

Guvoh: Murojaatlar kelib tushgandan keyin ijrochiga yo‘naltiriladi. Nazorat bo‘limi ijrosini nazorat qiladi.

Advokat: Endi mantiqan bir savolga javob bering-da. Arizaning ijrosi bilan o‘zingiz shug‘ullanyapsiz, ijrochiga o‘zingiz yuborgan bo‘lsangiz. Nima sababdan buni o‘zingiz [unutishingiz mumkin?]

Guvoh: Bevosita “Farmkomitet”ning rahbariyatiga aytganim bo‘yicha bu holat esimda yo‘q. Chunki murojaatlar ko‘p bo‘lardi. Bu narsani bevosita “Farmkomitet” rahbariyatiga topshiriq bergan holatda, men eslolmayman, bunaqa holatlar bo‘lmagan. Chunki ko‘p korxonalar uchrashuv davomida ham, aynan qabulga yozilib ham kelgan hollari bo‘lgan.

Advokat: [Yuzlashtirish jarayonida] aynan mana shuni inkor qilgansiz-da.

Guvoh: “Quramax” korxonasining hech qanday vakili bilan uchrashmaganman. Menga murojaatlar bo‘lmagan.

Advokat: Demak, tergov jarayonida sudlanuvchi A.A. bilan yuzlashtirish davomidagi ko‘rsatmalaringizni tasdiqlamaysiz, shundaymi?

Guvoh: O‘sha ko‘rsatmalarni tasdiqlayman. Hozir [ham] o‘sha ko‘rsatma bo‘yicha gapiryapman. “Quramax” korxonasi tomonidan bevosita murojaat ko‘rmaganman ham, bo‘lganini ham eslolmayman.

Advokat: “Kuraraks”ni inspeksiyadan chiqarish bo‘yicha topshiriq berganmisiz-bermaganmisiz? Yoki iltimos qilganmisiz-qilmaganmisiz?

Guvoh: Yo‘q, unaqa bo‘lmagan.

Advokat: Jinoyat ishi materiallarida [kotibning] telefonidan olingan “raspechatka” bor. Bilsangiz, Telegram’da xabar kimdan kelgan bo‘lsa, o‘shaning ismi turadi. O‘sha yerda “Egamov U” degan [yozuv] turibdi. Aynan “Kuraraks” dori vositasini inspeksiyadan yechish bo‘yicha. Bunga qanaqa izoh bera olasiz?

Guvoh: Biz kelgan murojaatlarni ijrochiga yo‘naltirgan bo‘lishimiz mumkin. Hozir bir yarim yil oldingi holat aniq esimda yo‘q.

Advokat: Savolimni tushunmadingiz. Sizga tergovda Telegram’dan olingan skrinshotni ko‘rsatishdimi?

Guvoh: Ha.

Advokat: O‘sha bo‘yicha tushuntirish bering.

Guvoh: O‘sha murojaatlar ijroga yuborilgan-da.

Advokat: Demak, murojaat bo‘lgan, to‘g‘rimi?

Guvoh: Tergovdagi boshqa korxona edi-da. Siz hozir “Quramax” deganingizga shunday dedim.

Advokat: Men hali biror marta “Quramax” demadim. “Kuraraks” dori vositasi deyapman.

Guvoh: Tergovda ham berilgan. Kelgan ikkita korxonaning murojaatlari Telegram’dan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Lekin Telegram’da xatlari… (advokat guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Advokat: Kimga yuborgansiz?

Guvoh: Hozir kimga yuborganim aniq esimda yo‘q.

Advokat: Endi hayotingizda bunaqa narsa har kuni bo‘lmasa kerak. Tergovga chaqirib, boshqa qilib. Hammasi esda qoladigan narsa-ku.

Guvoh: U bir yarim yil oldingi jarayon. Aniq kimga yuborganimni bilmayman.

Advokat: Yuborganingizni tasdiqlaysizmi?

Guvoh: O‘shanda Telegram’da mendan ketganligi turibdi.

Advokat: Hozir mantiqan bir gapingiz ikkinchisiga to‘g‘ri kelmayapti. Bir murojaat qilmagan deyapsiz, bir ijrochiga berganman deyapsiz. Hozir esa murojaat qilgan, o‘zim yuborganman deyapsiz. Qaysi gapingizga ishonish kerak?

Guvoh: Siz “Quramax” korxonasi deganingizga chalg‘idim.

Advokat: Men biror marta “Quramax” korxonasi deyayotganim yo‘q. Men boshidan “Kuraraks” dori vositasi deb gapirib kelyapman.

Guvoh: Tergov jarayoniga ikkita korxona bo‘yicha qatnashganman. O‘sha bo‘yicha murojaatlar bo‘lgan, yuborganman. Lekin u qaysi bosqichlarda bo‘lgan, ko‘rib chiqish natijasi qanday bo‘lgan aniq bilmayman.

Advokat: Ko‘rsatuvlaringizga [sud tomonidan] baho beriladi, deb o‘ylayman.

Boshqa advokat: Demak, hozir aynan murojaatlar masalasida gap ketyapti. Murojaatlar bilan ishlash tartibini bilasiz-a? Yo yozma, yoki og‘zaki murojaat keladi. Mana shu tergov jarayonida sizga ko‘rsatilgan Telegram’dagi skrinshot qaysi masalaga daxldor edi. Eslay olasizmi?

Guvoh: Hozir korxona nomi esimda yo‘q. Lekin “registratsiya” qilish jarayoni bilan bog‘liq masala edi. Bevosita “Farmkomitet”ning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan masala.

Advokat: “Registratsiya” qilish bilan bog‘liq jarayon bo‘lsa, demak, “registratsiya”ga hujjatlar topshirishning o‘ziga yarasha tartibi bor. Sizning xizmat davringiz davomida “registratsiya” bo‘limi sizga bo‘ysunarmidi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat: Bo‘ysunmasmidi?

Guvoh: “Registratsiya” bo‘limi deb “Farmkomitet” tarkibidagi bo‘limni aytyapsizmi?

Advokat: Xo‘p, sizga xizmat bo‘yicha bo‘ysunarmidi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat: Sud majlisi bayonnomasi uchun “registratsiya” bo‘limiga hujjatlar qanday kelib tushishini eslatib yuboring. Tartibini bilasizmi?

Guvoh: Ha, tartibi bilan tanishib chiqqandim. Murojaat qiluvchi korxona bevosita Dori vositalarining xavfsizligi davlat markaziga — “Farmkomitet”ga o‘zlari yozma ravishda murojaat taqdim etishadi. U kirim bo‘ladi.

Advokat: “Fishka”ga ijro uchun chiqariladi. Va ijrochiga borib tushadi. Uning nazoratini ijro nazorati bo‘limi qilyapti.

Guvoh: Xuddi shunday.

Advokat: Ijro nazorati bo‘limi sizga bo‘ysunadimi?

Guvoh: Yo‘q. Davlat markazidagi ijro nazorati haqida gap ketyaptimi yoki Farmagentlikning ijro nazorati haqida gap ketyaptimi?

Advokat: O‘zi sizning Telegram yozishmangizda qaysi dori vositasi, siz qanday lavozimda edingizu sudlanuvchi A.A.ga qanday chiqib qolyapsiz? A.A. u paytda qayerda ishlardi.

Guvoh: [A.A] davlat markazida ishlardi.

Advokat: Siz-chi?

Guvoh: Agentlikda.

Advokat: Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi davlat markazida. Ijroni nazorat qilish bo‘limi davlat markazida bormi?

Guvoh: Uning o‘zida ham bor, agentlikda ham bor.

Advokat: Agentlik yuqori turuvchi tashkilot bo‘lyapti, to‘g‘rimi? Dorini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat bevosita davlat markaziga borib tushadi. Agentlikka bormaydi, to‘g‘rimi?

Guvoh: Yo‘q, bormaydi.

Advokat: Demak, “Biror bir dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha murojaat bo‘lsa kerak”, degan gapingizdan, agentlik davlat markazini yuqori turuvchi organ sifatida nazorat qilishidan ham kelib chiqadigan bo‘lsak, bu ikkinchi faktor. Davlat markazida biror bir muammo tug‘ilgan bo‘lsa kerakki, murojaatchi bevosita agentlikka boryapti. Agentlikka sizning qabulingizga borgan bo‘lishi mumkin. Fikringizni to‘g‘ri tushunyapman-a? Shu ma’noda ko‘rsatma beryapsiz. Endi jismoniy va yuridik shaxslar murojaati to‘g‘risidagi qonun bor. O‘sha paytda bu amalda edi. Agentlikda sizning qabulingizga kelgan shaxslarning ro‘yxati yoki hisobini qanday yuritardingizlar?

Guvoh: Uning hisobini bevosita agentlikdagi kotibalar yuritardi.

Advokat: Shunda kelib turib qaysi rahbar qabul qilganining hisobi ham bo‘ladimi?

Guvoh: Uning hozir aniq tartibini… Fevral oyidan boshlab (2023-yil — tahr.), agentlik direktori lavozimida ishlagan vaqtimda direktor qabuliga kelgan fuqarolar va korxonalar qabulxonaning maxsus jurnalida yozilardi. Lekin birinchi o‘rinbosar bo‘lib ishlagan paytimda bunday ro‘yxat yuritilganmi-yo‘qmi, aniq aytolmayman.

Advokat: Fuqarolarni qabul qilish hamma joyda bir xil: kitob yuritiladi. Aytingchi, aynan sizning o‘rinbosar bo‘lib ishlagan davringizdagi fuqarolarni qabul qilish ro‘yxatingizdan murojaat qilgan odamni va uning murojaati natijasi bo‘yicha sudlanuvchi A.A.ga chiqqaningizni — ya’ni ijro A.A.da bo‘ladigan bo‘lsa, bevosita A.A.ga chiqqansiz-da — kimning murojaati bo‘yicha chiqqaningizni, A.A.ga chiqqaningiz holatini taqqoslab, aniqlasak bo‘ladimi?

Guvoh: Agentlikda xat bo‘lishi kerak. Hujjatlarni ko‘tarish kerak-da.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, ruxsat bersangiz, A.A. bilan yuzlashtirsak.

Sudya: Marhamat.

Advokat: Ko‘rsatmalarni eshitdingiz-a?

Sudlanuvchi A.A: Eshitdim.

Advokat: Tasdiqlaysizmi?

Sudlanuvchi A.A: Yo‘q, tasdiqlamayman. Tergovda bergan ko‘rsatmamda qolaman. Hozir bu yerda berilayotgan [ko‘rsatma] yolg‘on va o‘zlarining vijdonlariga qoldiraman.

Advokat: Sudlanuvchi, bir narsa: vijdonni chetga surib qo‘yaylik-da, birinchi qonunga rioya qilaylik. Siz qanday ko‘rsatuv berganingizni qisqacha ayting. Sababi yuzlashtirish bo‘lyapti, bu kishi ham eshitishi kerak. Bu yerda yo inkor qilish kerak, yo tasdiqlash kerak-da.

Sudlanuvchi A.A: Mening ko‘rsatmamni hurmatli raislik qiluvchi aytyaptilar. Yana boshidan [aytib o‘taman]. Iyul oyi boshlarida agentlikda ijro nazorati bo‘yicha yig‘ilish bo‘lgan. Uni bemalol ijro protokoli bo‘yicha ham ko‘tarsa bo‘ladi. O‘sha yig‘ilishdan keyin menga “Ketib qolmang” deb topshiriq berilgan. Keyin xizmat xonalariga kirib, ikkita korxonani bizdan, davlat markazidan chiqqan xati menga berilgan, “A.A, mana shuni inspeksiyadan olib tashlanglar”, degan. Men endi direktorning birinchi o‘rinbosari bo‘lganim uchun qanday qilib inspeksiyadan olib tashlaydi, bilmaganman. “Uzr, men bu narsani qilolmayman, rahbar bor, rahbarga chiqing”, deb aytganman. “Bo‘ldi, xo‘p, o‘zim [bir nima] qilaman”, deganlar-da, shu bilan o‘sha joydagi suhbat yakunlagan. Keyin menga rahbardan inspeksiyani olib tashlash bo‘yicha topshiriq tushgan.

Sudya: “Kuraraks” bo‘yichami?

Sudlanuvchi A.A.: Ha. “Kuraraks” bo‘yicha.

Sudya: Advokatimiz, yuzlashtirish bo‘yicha taklif sizdan chiqdi. Marhamat, davom eting.

Advokatlardan biri: Mana bu yerda skrinshot bor ediyu (sudlanuvchi A.A.ga skrinshotni ko‘rsatib — tahr.). Shunda xat bilan xulosa keltirilgan. Shu xat nima mazmunda?

Sudlanuvchi A.A: Bu davlat markazidan “Erofer” dori vositasi inspeksion tekshiruvga tushdi deganda korxona tomonga yo‘naltirilgan xat bo‘lgan. [Telegram'dan olingan] bu [skrinshot]da o‘sha rasm va inspeksiyadan olib tashlash kerak degan yozuv xabari kelgan.

Advokat: Boshqa qo‘shimchalaringiz yo‘qmi?

Sudlanuvchi A.A: Yo‘q, rahmat.

Boshqa advokat: Ulug‘bek aka, qachonki, siz ishlatgan variant, ya’ni murojaatlarni ijrochiga yuborish, hamkasbim aytganidek, o‘sha tashkilotning tegishli tartibi bo‘yicha qilinganida sizga savol bo‘lmasdi. Siz esa Telegram’dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hech qanday murojaat emas, aynan korxonaga yuborilgan ogohlantiruv xatini jo‘natgansiz. Mana shu joyi tushunarsiz bo‘lib turibdi. U hujjat siz aytgan variantga kirmasa. Bunga biror izohingiz bormi?

Guvoh: Oldingi bo‘lgan bosqichning aniq ssenariysi esimda yo‘q-da. Chunki juda ko‘p tadbirlar uyushtirardik. Murojaatlar, tadbirkorlarni yig‘ardik. Shu paytda ham kelib tushgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu narsa qaysi tartibda kelib tushganini aytolmayman. Aytganimdek, ko‘p murojaatlar bo‘lardi-da. Ba’zan agentlikka rasmiy xat kelardi, ba’zan uchrashuv davomida ham shu narsalar ko‘tarilardi. Ba’zan esa kelib murojaat qilinardi. Davlat markazida ochiq muloqotlar tashkil qilgan paytimizda ham kelib murojaatlar qilishardi.

Advokat: Keling, aniq narsa haqida gaplashamiz. Hozir hech kim texnikani inkor qilolmaydi. Telegram’dan borgan xat sizdan borgani aniq-da. Buni qanday tushunish kerak. Bu nima — murojaatmi? Eslab ko‘ring, bu xatni sizga kim bergan? Bu murojaatga kirmaydi. Nima deb olgansiz? Nima uchun A.A.ga yuborgansiz? O‘zingiz aytib turibsiz, vakolatingiz yo‘q ekan, “Farmkomitet”dagi bu yo‘nalish sizga bo‘ysunmas ekan.

Guvoh: Bu bo‘yicha qaysi tartibda bo‘lganini, qaysi jarayonda bu murojaat menga kelib tushganini aniq eslolmayman.

Advokat: Aynan Farmagentlikning birinchi muovini sifatida “Farmkomitet”ning rahbari birinchi o‘rinbosari A.A.ga Telegram orqali topshiriq berish masalasi-chi? Biz buni qaysi vakolatingizga qo‘shishimiz kerak?

Guvoh: Ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirilgan. Undan boshqa xat-hujjatlar ham yo‘naltirilgan.

Advokat: Demak, aniq bir rezolyutsiya qo‘ygan holatingizni eslolmaysiz. Buni ko‘rishim kerak deyapsiz. [Tergovdagi] so‘rovdan keyin ham shu narsalarni o‘rganib ko‘rmadingizmi? “Nima bo‘lgan ekan o‘zi, qaysi holat bo‘lgan ekan?”, deb.

Guvoh: Yo‘q. Tergovdan qaytgandan keyin bu bo‘yicha aniqlik kiritmaganman.

Advokat: Dastlabki tergov vaqtida DXX tergovchilari sizga birdaniga savol qo‘yishgan. “Eurofarm group” va “SKF” korxonalari bo‘yicha A.A.ga inspeksion tekshiruv ro‘yxatidan chiqarib tashlagin, deb topshiriq bergan deb sizga savol berishgan ekan. Jinoyat ishida bu to‘g‘risida ma’lumot yo‘q-da. Xuddi tomdan tushgandek berilgan. Bu savol qayerdan kelib chiqqandi?

Guvoh: Menimcha, A.A.ning ma’lumotidan kelib chiqqan bo‘lsa kerak. Chunki o‘shanda ikkita korxona bo‘yicha ham “Shunaqa masala bo‘lganmi?”, deb so‘rashgan. Bu qayerdan kelib chiqqanining sababini aytishmagan.

Advokat: O‘zi sizga shu korxonalar bo‘yicha biror narsa tanishmi? Murojaatlar berilganmi, xat berilganmi? Shu holat bo‘yicha biror narsani eslay olasizmi?

Guvoh: Yo‘q, eslolmayman. Chunki murojaatlar kelganda har birini eslab qolmaganman.

Advokat: Hurmatli raislik qiluvchi, ruxsat bering, A.A.ga shu savolni bersam. Tergov jarayonida shu korxonalarni inspeksion tekshiruvdan chiqarish bo‘yicha savol nimadan kelib chiqqan. Siz shunday ma’lumot berganmisiz?

Sudlanuvchi A.A.: Ha. Chunki haqiqatdan ham shunday bo‘lgan.

Advokat: Bu narsani so‘rovlariningizda ko‘rmadik-da.

Sudlanuvchi A.A: Hozir aniq esimda yo‘q. [Tergovda shu haqda] aytgan bo‘lishim, shundan kelib chiqib [guvoh] ham gapirgan bo‘lishi mumkin. Chunki ularni inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha menga topshiriq berilgan.

Advokat: “SKF”ga guvohnoma berilishi shu bilan bog‘liqmi?

Sudlanuvchi A.A: Guvohnoma berilish jarayoniga men qiziqmaganman. Lekin o‘sha [anavi bo‘lgandan keyin] shunchaki Umid Temirovga aytilgan, bo‘ldi. Davomi bilan qiziqmaganman. Chunki qilish kerak, [deb] tushyapti. Va uni inspeksion tekshiruvdan olib tashlash yoki boshqa qilish mening vakolatimda yo‘q.

Advokat: Qolgani bo‘yicha ma’lumot berolmaysiz?

Sudlanuvchi A.A: Yo‘q.

Advokat: Hozircha shu, boshqa savolim yo‘q. Rahmat.

Boshqa advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, ruxsat bersangiz, guvohning oldiga borib, bir narsani ko‘rsatib, keyin savol bersam. Yozishmasida bitta xat bor, bu yerda yaxshi chiqmagan.

Sudya: (Guvohga qarata — tahr.) Keling, men ko‘rsataman.

Advokat: 3-jildning 17-betida. Shu xat nima to‘g‘risida?

Guvoh: Bu xatning mazmunini men bilmayman.

Advokat: O‘sha payt foydalangan telefoningizdan yozishmalar o‘chirib yuborilmaganmi?

Guvoh: Bu narsa ochilishi kerakmi?

Advokat: Telefoningiz yoningizdami?

Guvoh: Mashinaga tashlab kelganman.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, umuman tushunib bo‘lmaydigan darajada “raspechatka” qilingan ekan-da. Shu xatning mazmunini ko‘rsak, holatga aniqlik kiritilardi.

Sudya: Savol berib turing, hozir jabrlanuvchilar gapirayotgan paytda chiqib olib keladi.

Advokat: Bo‘ldi, mening boshqa savolim yo‘q.

Sudlanuvchi G. S.: Agentlikda ish faoliyatimni 2022-yil aprel oyidan boshlaganman, dedingiz. Vazifa-majburiyatlaringiz, javobgarligingizni aytib keta olasizmi?

Guvoh: Asosiy belgilangan vazifa-yo‘nalishlarim — mahalliy ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan amalga oshiriladigan eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari monitoringini olib borish va ularni belgilangan muddat[da] ishga tushirilishini ta’minlash.

Sudlanuvchi G. S.: Yo‘riqnomangiz bo‘yicha javobgarlikchi?

Guvoh: Shu yo‘nalishdan kelib chiqqan holda shu yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha mas’ul javobgar o‘rinbosar sifatida faoliyat yuritganman.

Sudlanuvchi G. S.: Yuqorida [advokatlar tomonidan] aytib o‘tilgan ayrim savollarni to‘ldirmoqchiman. Ko‘rsatmangizda davlat markazi bo‘yicha vakolat berilmagan, deb aytgansiz. Agar vakolat bo‘lmasa, hozirgi savollardan ham kelib chiqib, birinchi kelganingizda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan paytimda siz biz bilan tanishgansiz. Biz sizga prezentatsiya qilib berganmiz. Faoliyatni o‘rgangansiz. Muhtaram raislik etuvchi, o‘rganganlaridan keyin ichiga kirishni boshlaganlar. Agentlikka ariza yoki shikoyatlar kelib tushgan, deb aytdingiz. Yozma yoki og‘zaki ravishda shularni taqdim eta olasizmi, degan savolni bermoqchi edim. Agentlikdan so‘rab ko‘rish kerak, deb aytyapsiz. Agar imkon qadar shu narsani taqdim etsangiz, yaxshi bo‘lardi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limida ishlaganimda, siz hozir yuqorida aytib o‘tgan faoliyat bo‘yicha agentlikda o‘rinbosar sifatida faoliyat olib borgansiz. Undan tashqari davlat markaziga kelib tushgan ariza va shikoyatlarni arizachilarning o‘zi bilan yuzma-yuz gaplashib, keyin bizni chaqirardilar. Ishi nima bo‘lyapti, deb so‘rardilar. Va bu narsa kundan-kunga ko‘payib borgan. Yozma ravishda topshirgan-topshirmaganligidan mening xabarim yo‘q.

Hattoki bizda videokonferens-aloqa orqali ham gaplashilgan. Undan keyin nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘yicha, balki xorijiy ishlab chiqaruvchilar bo‘yicha ham xuddi shu tartib ketgan. Tahlil qiladigan bo‘lsak, 2022-yilning birinchi yarmida bu narsalar ko‘rinmagan edi. Ikkinchi yarmida esa bu narsalar bo‘yicha katta “sakrash” (“skachok”) bo‘lgan. Ayniqsa, noqonuniy, norasmiy ravishda. Bu narsaga urg‘u berib o‘taman.

Avvalgi rahbarlardan ham “olib tashlanglar”, “qo‘yinglar”, “qilinglar” degan narsalar kelardi… Egamov ish boshladilar, keyin shu narsa cho‘qqiga chiqdi: “snimat” qilish kerak, u qilish kerak, bu qilish kerak. Vakolatingizda bo‘lmasa, nima uchun tezlashtirish jarayonining ichiga [kirgansiz]?

Mahalliy sanoatni rivojlantirganman, eksport bilan shug‘ullanganman, loyihalar bilan ishlaganman [deyapsiz]. O‘zi ishingiz yetarli ekan, nima uchun davlat markazining ichki ishiga kirib ketyapsiz, arizachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashyapsiz? Biz: “Ulug‘bek aka, mana bu yerda kamchilik bor, mana xat chiqib ketgan”, deb haqiqatan sizga ko‘rsatardik. Siz boshidan emas, aynan muammosi bor joyda shunaqa kelaverardingiz. Doimiy ravishda “tezlashtirib qilinglar”, deb aytardingiz. Agar vakolatingizda bo‘lmasa, qaysi vakolat bilan shunday qilgansiz?

Agar siz shu ish bilan shug‘ullanganingizda, shikoyat ariza tushgan bo‘lsa, agentlik rahbari sizga munosabat belgisini berardi-da, keyin sizga tushirardi. Lavozim yo‘riqnomangizda bu narsa yo‘q. Muhtaram raislik etuvchi, to‘ldirib ketish uchun Kariyevdan so‘rasam, bo‘ladimi? [Sardor aka], shunaqa ariza shikoyati kelib tushganida, munosabat belgingizni bildirib, Egamovga viza qo‘yganmisiz? Shu masalalar bo‘yicha ko‘rib chiqib, ichiga kirib, keyin doklad qilishi bo‘yicha.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Yo‘q, bunaqa bo‘lmagan.

Sudlanuvchi G. S.: Agar bunday bo‘lmagan bo‘lsa, shunda vakolat o‘zlashtirilgan bo‘lyaptimi? Hozir nafaqat ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi sifatida men, keyin direktor o‘rinbosari sifatida ham ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari bilan shug‘ullanganman. Boshqa bo‘limlar, bo‘linmalar, qo‘mitalar raislari, laboratoriyalardan hammamiz sudlanuvchi bo‘lib shu yerda aybdor bo‘lib o‘tiribmiz. Shulardan birma-bir so‘rab chiqsam, e’tiroziningiz bo‘lmaydimi?

Sudlanuvchi to‘rt nafar sudlanuvchiga “Ko‘rsatmalar, tezlashtirish jarayonlari bo‘lganmi-yo‘qmi, yuqoridagi gaplarimni tasdiqlaysizmi-yo‘qmi?”, degan savol bilan yuzlandi. Ularning uch nafari tasdiqlashi, bir nafari esa qo‘shilmasligini bildirdi.

Sudlanuvchi G. S.: Vakolat bo‘lmasa, viza bo‘lmasa, hech qanaqa shikoyat arizalarini taqdim etolmasangiz… 104-buyruq, SSVning 343-ga o‘zgartirish kiritilgan ilovasida aynan kim raislik qiladi, nima qanaqa o‘tadi — juda yaxshi ko‘rsatma bergansiz. 104- buyruq bo‘yicha o‘zi nimalarni bilasiz, nimalarni bayon etib bera olasiz? Ekspertlar kengashining vazifasi, vakolati, huquq-majburiyatlari nimalardan iborat? Siz aynan kengashda ishtirok etgansiz shaxsan o‘zingiz, a’zolarning ro‘yxati bilan… 104 bo‘yicha nimalarni bilasiz? SSVning 2020-yil 6-aprelda tasdiqlangan buyrug‘i, aynan ilovalarida o‘zgartirish kiritilgan. O‘zi 104 ning nomini bilasizmi?

Guvoh: [Yo‘q].

Sudlanuvchi G. S.: Ko‘rsatmangizda aytyapsiz-ku.

Guvoh: Aynan nomini bilmayman.

Sudlanuvchi G. S.: Aynan nomini yaxshi bilmasangiz, Davlat markazining faoliyatini yaxshi bilmasangiz, arizachilar, shikoyatchilar bilan ishlamagan bo‘lsangiz, qanday qilib inspeksion tekshiruvdan olib tashlash masalasida vakolatli bo‘la olasiz?

Guvoh: U narsaga vakolatim bor deganim yo‘q hali.

Sudlanuvchi G. S.: Vakolatingiz yo‘q, lekin shu ishni, jarayonni siz olib borgansiz. Raislik etuvchi, bitta narsani ta’kidlab o‘taman, mana shu odam faoliyatga kelgandan keyin “olib tashla”, “qo‘y”, “aralashtir”, “tezlashtir”, “qil” [boshlandi]. Bularning bitta odatlari — hamma narsani birovning qo‘li bilan olib borardilar. Shuni inobatga olishingizni xohlayman.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Ulug‘bek, sen menga “Kuraraks” bilan “Fekron”ni inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha murojaat qilganmiding?

Guvoh: Yo‘q.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Qilmagansan-a? Ulug‘bek, bir narsa-da, hozir mana shu yerda tajiribali sudya, tajribali advokatlar, tajribali prokuror o‘tiribdi. Biz ham 11 oydan beri tajribali bo‘lib qoldik. Odamning aldayotgani-chi aftidan ko‘rinadi-da. Haqiqatan tasdiqlayman, sen shu narsani so‘rab mening oldimga kelmagansan-da. Lekin sen iflosni deb, men mana shu yerda o‘tiribman — sen bilib qo‘ygin. Erkak bo‘lib, mard bo‘lib aytgin-chi — sen 33 ming [dollar]dan necha pul olgansan? Qaysi bir [dori]dan necha pul soqqa qilding? Sendan bir narsani iltimos qilaman: [mana shu yerda] oila a’zolarim turibdi-da — chiqayotganingda bundoq ko‘ziga qarab o‘tib ketgin. Sen iflosni deb men mana shu yerda o‘tiribman.

Sudya: Ogohlantiraman, Sardor Kariyev. Murojaatingizni qabul qilamiz. Lekin haqorat qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Hurmatli sudya, men iflosni iflos deganim uchun javob berishga tayyorman.

Sudya: Bo‘ldi. Sizga munosabat bildirishimizga majbur qilmang. Faqat haqorat qilmasdan, gapingiz bo‘lsa gapiring. Imkon beraman.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Ulug‘bek, senga yana bir marta aytaman, chiqib ketayotganingda oila a’zolarimning ko‘ziga qarab o‘t. Ommaviy axborot vositalari oldida, hammaning oldida aytaman — sen “zam” bo‘lib kelganingdan keyin mana shu qilg‘iliklar boshlangan. Men shu narsani tergov paytida bilganman, shu paytgacha bilmay, “lox” bo‘lib, “zam” bo‘lib “normalniy” ish qilib yurgan, deb yurgan ekanman.

Seni deb 10−11 oydan beri butun respublikaga sharmanda bo‘lib shu yerda o‘tiribman. Farmatsevtika agentligi nimanidir inspeksion [tekshiruvdan olishga] ruxsat bergan ekan deb. Bu narsa sendan chiqqan, sen, bilmadim, u yerda kim bilandir 33 ming [dollar]ni kelishib olgansan. Bilgan summam, undan boshqasini Xudo biladi. Lekin seni deb mana shu yerda o‘tiribman.

Sudya: Savollar bormi?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Siz boya mening vakolatimga kirmaydi, dedingiz. Aynan ro‘yxatdan o‘tkazish, inspeksiya masalalari bo‘yicha bir necha bor bu yerdagi bo‘lim boshliqlari, qo‘mita raislari, “zam”lar bilan agentlikning uchinchi qavatida majlis o‘tkazgansiz. Buning uchun alohida buyruq chiqarib, komissiya ham tuzilgan. Bu yerda shartnomalar bo‘yicha majlisda [ishtirok etganlardan] S.G., M.N., A.A. [o‘tiribdi], yana 10−15 kishi bo‘lgan-da. Shaxsan o‘zingiz menga qarab “Vitse bo‘lim boshlig‘i degan lavozim yo‘q, sizlarning ishlaring o‘zi buxgalteriya, kanselyariya, davlat bojini to‘lattirish. 213-[qaror] bo‘yicha qo‘mita va bo‘limlar bo‘lib chiqadi. Sizlar besh kunda bermaysiz”, degan vaj bo‘lgan, bir-ikki marta majlislardan chiqib ketganman. Keyingi majlislarga Nazorat bo‘limiga aytib, aynan Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limini “spiska”dan chiqarib tashlagansiz. Men “Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha prezident farmonlari, inspeksion tekshiruv bo‘yicha yangi qonunlar [ko‘rilganda], nega bizni chaqirmayapsiz?”, deganimda shaxsan Ulug‘bek aka Egamov: “Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limining ishi — davlat bojini olish, Mukarram Jo‘raboyevna, Hilola Boltaboyeva, shunga o‘xshash ekspertlarni chaqirish”, deb aytgan.

Savol: 213-[qaror] bo‘yicha men ekspert bo‘lmasam, siz aytgandek schyot-faktura bergan bo‘lsam, siz bu ishlarga nega aralashgansiz? Aytganingiz vakolatingizga kirmagan. Nima asosida vakolat tuzgansiz? Qaytarib o‘taman, hurmatli rais etuvchi, komissiya aynan ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi, kerak bo‘lsa, guvohlarim ham bor, mening shaxsiy xonamdan chiqarib yuborib, kompyuterlarimni, hujjatlarimni tekshirgan. Bu bir necha marotaba bo‘lgan. Shaxsan agentlikning nazorat bo‘limi boshlig‘i Sherzod Xolmatovning o‘zi kelib, “Ulug‘bek Egamovning shaxsiy topshirig‘i deb, nima uchun besh kun ichida shartnomani bermayapsizlar”, degan. “Bor-yo‘qligini ko‘rib beryapmiz, hujjatlar ko‘p, bir kunda 50 ta, 100 ta hujjat keladi. To‘g‘ri tushuning, beryapmiz”, deganimizda, mana bu yerda xodimlar bor, “Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi, bu kanselyariya, sizlarga topshirilgandan keyin davlat davlat boji to‘lanmaguncha ekspertiza qilinmaydi”, deb aytgansiz.

Siz Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga nima asosida komissiya tuzgansiz? Nima asosida guruh qilgansiz? Bu yerda hamma advokatlar o‘tiribdi. Sardor Hikmatovich [Kariyev] biladilarmi-yo‘qmi, bilmayman, bilishlariga shubham bor. Bir yilda beshta xizmat tekshiruvi yuborilgan. Siz tomoningizdan uchta. Bilishim bo‘yicha, xizmat tekshiruvi asosli bo‘lishi kerak. Komplayens bo‘limi boshlig‘i Sherzod Xolmatov kirib, xonamdan haydab yuborib, ikki soat ichida hujjatlarni ko‘rib chiqib, e’tiroz bildirgan. Agar vakolatingiz bo‘lmasa, ro‘yxat o‘tkazish bo‘limida nima asosida tekshiruv bo‘lgan? Izoh bera olasizmi?

Uzr, endi men noto‘g‘ri aytayotgan bo‘lishim mumkin, lekin men ham bular qatori 11 oydan beri qilmagan ishim uchun bu yerda o‘tiribman. Tuhmatlar bilan o‘tiribman. Shu savollarga javob olish qonuniy deb o‘ylayman. Shu paytgacha Sardor aka bilan ko‘rishmaganligim sababli “Sardor Hikmatovich aytyapti”, deb o‘ylaganman. Lekin Komplayens boshlig‘i Sherzod Xolmatov kadr bo‘limi boshlig‘i bilan xonamga kirib kelib, xonamdan chiqarib yuborib, tekshirgani, hech nima topilmagandan keyin A.A.ni oldida bir necha marta: “Sening o‘rinbosar sifatida tekshirishga haqqing yo‘q, sizlar kanselyariyasizlar, ekspertdan tushgandan keyin tekshiriladi”, deb aytgansiz. Tasdiqlash uchun bu yerda odamlar ham o‘tiribdi. Men birovga tuhmat qilmayman. Har bir gapimda yo guvoh, yoki fakt bilan gapirdim. Iltimos, shu savolimga javob bering.

Guvoh: Unaqa xizmat tekshiruvi o‘tkazilmagan. Tekshiruv emas, o‘rganish o‘tkazilgan. Berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmaslik holatlari ko‘payganidan keyin buning sababini o‘rganish maqsadida kelib tushgan murojaatlar, topshiriqlarni belgilangan muddatda bajarilishi bo‘yicha o‘tkazilgan. Chunki bizda ijro nazorati tizimi bor. Kelib tushgan topshiriqlar belgilangan muddatda bajarilmasa, muddatida bajarilmagan topshiriqlar qatoriga tushadi. Juda ham ko‘p murojaatlar, tezkor topshiriqlar bo‘lardi. O‘shalarni o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan. Aytayotgan ishchi guruhingiz bo‘yicha [gapiradigan bo‘lsam], bu ishchi guruh faoliyati tanishish bilan bog‘liq bo‘lgan ishchi grafik tuzilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Aytib o‘taman, aynan Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga.

Guvoh: Aynan Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bo‘yicha biror ishchi bo‘limi tuzilib, komissiya tuzilgan holati yo‘q, bo‘lmagan. Eslolmayman. Lekin agentlik va uning tizimidagi hamma tashkilotlar, hamma bo‘linmalarning faoliyati bilan tanishish bo‘yicha alohida grafik tasdiqlanib, faoliyatlari jamoaviy taqdimotlar qilinib, tanishtirilgan, o‘rganilgan va bunga faoliyatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Xo‘p, siz aytganingiz bo‘lmagan bo‘lsa ham, mayli. Qabul qildik. Ikkinchi savolim xuddi o‘sha savolga [davom]: sizning xizmat vakolatingizda bo‘lmasa, nima asosida chaqirgansiz? Ta’kidlab o‘taman, bu yerda guvohlar ham o‘tiribdi. Bulardan tashqari ham, majlis hech qachon 20 kishidan kam bo‘lmagan, uchinchi qavatda. Siz nima asosida o‘rganish olib borgansiz? O‘rganishlarni bizga taqdim qilganmisiz? Ikkita komplayens boshlig‘i, yurist, boshqarma boshlig‘iga bildirgim bor. “Agar xatochiligimiz bo‘lsa, ko‘rsatinglar, men o‘rganib chiqib to‘g‘rilashim kerak. Bir oydan beri tekshiryapsizlar, xohlagan hujjatlaringizni olyapsizlar, ishlashga xalaqit qilyapsizlar, bu narsaning oxiri bormi?”, deb so‘rganman va buni isbotlashim [ham] mumkin. Qaytarib o‘taman, bildirgim asosida. Shu savolimga javob bering, lavozimingizda bo‘lmasa, nimaga o‘rganish o‘tkazgansiz? Rahbar Sardor Hikmatovichning xabarlari yo‘q ekan, sizga [topshiriq] bermagan ekanlar.

Guvoh: Ijro nazorati bo‘yicha har bir bo‘linmada o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Sizga ro‘yxatdan o‘tkazishga kim [topshiriq/buyruq/huquq] bergan? Shaxsan Sherzod Xolmatovning o‘zi kelib, Ulug‘bek Egamovning buyrug‘i deb, xonamdan chiqarib yuborgan.

Guvoh: Xonangizdan chiqarganmi-yo‘qmi, men unisini bilmayman. Lekin har bir bo‘linmada ijro nazorati bo‘yicha topshiriqlarni o‘rganish yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan. Chunki ijro nazorati bo‘linmasi shunga mas’ul. Yuqori tashkilotlar, SSV, Vazirlar Mahkamasidan kelgan topshiriqlarning vaqtida bajarilishi, kimga qancha muddatidan o‘tgan topshiriqlar borligini o‘rganish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Unaqa bo‘lmagan. Hurmatli raislik qiluvchi, yana ruxsat bersangiz, guvohlar bilan yuzlashtirsam.

Sudlanuvchi boshqa uch sudlanuvchilardan “Men hozir shuncha gapirgan gaplarim, majlisdagi vitse bo‘limi boshlig‘i yo‘q, sizlarning ishlaringiz faqat kanselyariya, davlat bojini to‘lashlaring kerak, sun’iy ushlab turibsizlar, besh kunda qilmayapsizlar, deb menga qattiq gapirib, majlisdan chiqarib yuborgan, mana shu hamma aytilgan gaplarni tasdiqlaysizmi, yo‘qmi? Hozir tergov jarayonida bilyapman, Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi[dan] aynan o‘ziga kerak bo‘lgan hujjatlarni so‘rab, nimaga to‘xtab turibdi, nima kamchiligi bor, deb aralashganligi, yolg‘on ko‘rsatma berayotganliklarini tasdiqlaysizmi?”, deb so‘radi. Ularning bari keltirilgan so‘roqlarni tasdiqladi.

Sudlanuvchi Sh. Sh. — guvohga: Aynan shartnomalar bo‘yicha komissiya borligini tasdiqlaganingizni tasdiqlaysizmi?

Guvoh: Shartnomalar bo‘yicha unaqa komissiya bo‘lmagan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hurmatli rais etuvchi, agentlikda Ulug‘bek aka Egamovning nomidan komissiya tuzilgan. Birinchidan, hujjatlar, shartnomalar xohlagan payti kelib tekshirilgan. “Dashbord”ning login-parollari so‘ralgan. Bir necha marta xizmat tekshiruvi amalga oshirilgan, vitse bo‘lim boshlig‘i bo‘lganimda bir necha marta men tomonga qarab, “Sening lavoziming yo‘riqnomangda yo‘q”, deb vaj keltirilgan. Buni davlat markazimizdan xat qilib olsak bo‘ladi. Ish bo‘yicha shuni e’tiborga olishingizni iltimos qilardim.

Sudya: Savollar bormi?

Sudlanuvchi G. S.: Esingizda bo‘lsa, post-marketing bo‘yicha Afrikaga xizmat safari bo‘lgan. S.S. ham borganlar. Klinikalar bo‘yicha. Shu taklif kimdam chiqqan? Agar rahbarning o‘zlaridan taklif bo‘lsa, munosabat belgilarini qo‘yib, buyruq chiqarib, sizga chiqarardilar. Shu taklif shakllantirilganiga buyruq rasmiylashtiriladi. Agar bu narsalar sizning vakolatingizda bo‘lmasa, taklif kim tarafdan berilgan? Siz xizmat safariga borgansiz. Davlat markazining ishi bu.

Guvoh: Bu bo‘yicha “Pekin+” degan loyiha bor. O‘sha loyiha doirasida taklif kelib tushgan. O‘sha asosida bu shakllantirilib, xizmat safari JSSTning shu yo‘nalishdagi tajribasini o‘rganish maqsadida uyushtirilgan.

Sudlanuvchi G. S.: Xo‘p, bu davlat markazining loyihasi bo‘lsa, siz agentlikda bo‘lsangiz, davlat markaziga nima aloqangiz bor?

Guvoh: Delegatsiya tarkibiga Farmatsevtika agentligi, Davlat markazi va Vazirlar Mahkamasidan vakillar kiritilib, ishchi guruh shakllantirilgan. Keyin Vazirlar Mahkamasiga axborot berilib, o‘rganish o‘tkazilgan.

Sudlanuvchi G. S.: Ishchi guruh shakllantirilgan deyapsiz. Ishchi guruhni kim shakllantirdi: Kariyevmi, sizmi?

Guvoh: Endi hozir kim shakllantirgani esimda yo‘q. O‘sha payti mutasaddilar (sudlanuvchi guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudlanuvchi G. S.: Chunki taklif sizdan chiqqan. Keling, ko‘zga qarab bor haqiqatni gapiraylik. Bu yerda biz yeganimizni ichimizdan yeb bo‘ldik. Ichimiz to‘kilib bo‘ldi. Vijdoningiz bilan birga-bir qolganda nima deb javob berasiz o‘zingizga?

Sudya: Savolga javob kutaylik, marhamat.

Sudlanuvchi G. S.: Raislik etuvchi, shunchaki bu narsa Davlat markazining o‘zining bo‘limiga tegishli bo‘lsa. Post-marketing, sertifikatsiya jarayoni, klinika (sudya sudlanuvchini gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: Tushunarli. G. S., fikringiz bo‘lsa, bildirasiz, inobatga olamiz. Boshqa savolingiz bormi?

Sudlanuvchi: Javob bermayaptilar.

Sudya: Kimda savollar bor?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Mening savolim javobsiz qolib ketdi. 33 ming [dollar]ning qanchasi senga tegdi? Shuni menga aytib ketsin. To‘g‘risi, menga juda qiziq bo‘lyapti. Uyingdagilarga buyurdimi, oilangga, bola-chaqangga?

Guvoh: Unaqa holat… (sudlanuvchi guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Qo‘ygin, Ulug‘bek, iltimos. Kel, menga lag‘mon osmagin. Bu yerdagilarga osarsan, menga osolmaysan. Aytaver, kutamiz.

Sudya: Savol berildi, marhamat. “Kuraraks”ni inspeksiyadan olib tashlash bo‘yicha 33 ming AQSh dollari sizga borganmi?

Guvoh: Yo‘q.

Sudya: Savollar bormi?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Kadrlar masalasi bo‘yicha DUKdan ishdan olishga sizning haqqingiz bormidi, yo‘qmidi?

Guvoh: Yo‘q.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Bo‘lmasa, qanday qilib har bir majlisda “men seni besh kunda ishga olaman”, deb gapirgansiz?

Guvoh: Bunaqa holatni… (sudlanuvchi guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Qaytarib o‘taman, guvohlarni bilaman.

Guvoh: Unaqa holatni men eslolmayman.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Bo‘ldi, boshqa savolim yo‘q.

Sudlanuvchi G. S.: Kechqurun 23:00 gacha majlis qilib o‘tirardilar. Bolasi bormi-yo‘qmi, farqi yo‘q edi.

Sudya: Egamov, Kariyevdan keyin agentlikka siz rahbar bo‘ldingiz-a? To‘g‘rimi?

Guvoh: Ha.

Sudya: Unday bo‘lsa bilarkansiz. Savol: o‘zi inspeksion tekshiruvdan olib tashlash qonuniymi?

Guvoh: Yo‘q, noqonuniy.

Sudya: Nega bunaqa topshiriq bergansiz? Mana, hozir o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Telefoningizdan [jo‘natilgan xabarning] rasmini ko‘rsatyapti.

Guvoh: Unaqa topshiriq bo‘lmagan.

Sudya: Unaqa topshiriq bo‘lmagan? Mana, aynan A.A.ning telefon raqamidagi yozishmalar. Hozir sizda [ham] ko‘ramiz. Buni “Inspeksiyadan yechish kerak” mazmunida sizdan A.A.ga [xabar] boryapti. A.A. sizga javob beryapti: “Bu ishlab chiqaruvni inspeksion tekshiruvdan yechish protokolini qaytadan qilsam, Sardor aka Hikmatovich imzo qo‘yib beradimi?”, desa, “Ha, imzo qo‘yib beradi”, deyapsiz.

Guvoh: Unaqa holat bo‘lmagan.

Sudya: Siz unaqa demang, menda matni turibdi. Yolg‘on ko‘rsatma berish javobgarligidan sizni ogohlantirdim. Siz Davlat markazi emas, Agentlik rahbari o‘rinbosari bo‘lgansiz. Davlat markaziga aloqangiz yo‘qligini hamma e’tirof etyapti.

Guvoh: Bunaqa holatni (sudya guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: Tasdiqlamaysiz-a?

Guvoh: Tasdiqlamayman.

Sudya: (zaldagilarga murojaat qilib — tahr.) Telefoni kerakmi?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Kerak-kerak. Ko‘rish kerak. Boshqa narsa chiqib keladi baribir. Boshqa olgan-yeganlari bo‘ladi.

Sudlanuvchilardan biri: Keyin yana e’tibor qilishingizni so‘rardim. Umid Temirov kelganlarida ko‘rsatma berdilar. Har bir ishlab chiqaruvchilarni sanab chiqdilar-ku, mana bu, mana bu, deb. Aynan o‘sha ishlab chiqaruvchilarning hammasi bularga bog‘liq.Telegram'laridan ham o‘sha yerdagi odamlar bilan gaplashib,. kompyuterlarigacha, telefonlarigacha tekshirsa bo‘ladi.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Men o‘zi hayron bo‘ldim. Tergovda nega mukammal tekshiruvni o‘tkazmabdi?.. Ulug‘bek, o‘zi mening boshimga solingan narsaning 10 foizi senga solinganda-chi, mana shu yerda bulbuligo‘yo bo‘lib sayrarding, bilasanmi?

Guvoh: Bu holatda Sardor Hikmatovich bo‘lmagan. Men u narsani… (sudlanuvchi guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Ulug‘bek, kel, iltimos, shunaqa qilmagin. Mana shu yerda o‘tirganlarning hammasi ko‘rib turibdi, afting oqarib, yolg‘on gapirayotganingni.

Guvoh: Yo‘q, oqarib ketyapman. Anaqa qilmayman. Shunchaki holat… (sudlanuvchi guvohni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Olgansan, yegansan, o‘shanga hayajonlanyapsan. Inspeksiyadan yechgansan. Mana bu yerdagilar bilan bo‘lishgansan sen ham. Bu yerda men agentlikning rahbari sifatida aybsiz aybdor bo‘lib qoldim. Hamma ish, qilg‘ilikni qilding, yeb-ichib — bu yerda javob berib o‘tirgan esa men bo‘lyapman. Yegan sen bo‘lyapsan.

Guvoh: Sardor Hikmatovich, unaqa holatlar bo‘lmagan.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Bo‘lgan, Ulug‘bek. Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi. Yegansan, qilgansan shu ishlarni.

Sudya: A.A., bu yozishmalar sizning telefoningizda bormi-yo‘qmi?

Sudlanuvchi A.A.: Mening Telegram’im, menimcha, “avtoudaleniya” (avtomatik o‘chish) bo‘lib o‘chib ham ketgan. Chunki bir yildan beri ishlatilmayapti. “Perepiska” esa tergov boshlangan vaqtda [olingan] — men o‘chirmagan bo‘lganman, skrinshot qilib olsam bo‘larkan. Bular tomonidan o‘chirib tashlangan bo‘lgan ekan, ikkita tomondan ham. Hozir menda ham, ularda ham yo‘q u narsa.

Sudya: Bu rasm taqdim qilingan-ku.

Sudlanuvchi A.A.: Yo‘q, bu skrinshot mening telefonimdan olinmagan. Buni, menimcha, Umid aka Temirov taqdim qilganlar.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Hurmatli sudya, mendan judayam katta shubha paydo bo‘lyapti. “Perepiska” (yozishma) ikkovining o‘rtasida bo‘lgan. Negadir bunga meni tiqib qo‘yishyapti, u yoqdan kelgan, bu yoqdan kelgan, deb. Ikkalovi yozishgan o‘zi. Pullarni ham bular bo‘lishib olgan. Bu ishni bir o‘zi qilmagan. Bu yerda bir nechta odamga [pul berilgan].

Sudya: Muhtaram sud ishtirokchilari, A.A. [holati] bo‘yicha aniqlik kiritib olaylik. Telefoni o‘chib ketgan, mendan ham o‘chib ketgan deyapti. Telefonning ko‘rishning foydasi yo‘q. Baribir olib kelgani bilan o‘ziga qarshi narsani ko‘tarib kelmaydi.

Tomonlar, Egamovning harakatlariga baho berish masalasida munosabat berish bo‘yicha takliflaringiz bo‘lsa, bersangiz, sud ko‘rib chiqishi mumkin. Tushunarli-a? Buni muzokaralarda bersangiz ham bo‘ladi.

Advokatlardan biri: Aka, bitta savolga javob bering-da. Hozir agentlik rahbari, markaz direktori va markaz rahbarining o‘rinbosarlari, 6 ta sudlanuvchi sizga [qarshi] to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma beryapti. Bir kishi emas, uch kishi emas, 6 kishi to‘g‘risida gap ketyapti. Va siz hammasini inkor qildingiz. Bularning ko‘rsatuvini nima deb izohlaysiz?

Guvoh: Yana bir bor qaytaraman, lekin bu holatlar aytib o‘tilgan tarzda bo‘lmagan. Qilingan narsa shu — o‘rganishlar o‘tkazilgan. Bu sohaga kirib kelganimdan keyin, har bir bo‘linmaning faoliyati o‘rganilgan. Faqat Davlat markazining faoliyati emas, hamma bo‘linmalarning, agentlikning o‘zidagi bo‘linmalar, ilmiy-tadqiqot institutlari bor. Lekin hozir aytib o‘tilgan ko‘rsatmalar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Yana qaytaraman, bu narsa vakolatimga kirmagan.

Advokat: Sizning mutaxassisligingiz nima?

Guvoh: Yurist.

Advokat: Hozirgi kunda qayerda ishlayapsiz?

Guvoh: Ishlamayapman.

Advokat: Nega ishdan bo‘shatilgansiz?

Guvoh: Sohada ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari tushib ketganligi sababli topshiriq bo‘lgan. Prezident qaroriga muvofiq “boshqa ishga o‘tganligi sababli”, deb agentlikdagi lavozimimdan bo‘shatilganman.

Advokat: Hozir qaysi ishga o‘tdingiz?

Guvoh: Hali hech qayerga o‘tganim yo‘q.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Hurmatli prezidentimning senga bergan ishonchini oqlab, soqqa qilmay, pul qilmay yurganingda ishlab chiqarish ham, “temp” ham yaxshi bo‘lardi. Chunki mening davrimda “temp”lar tushmagan. Adolat bilan, insof bilan ishlaganman.

Sudya: Savolingiz bormi?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Savolim emas, iltimosim bor edi. Advokatlarim tomonidan mana shu shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif kiritish bo‘yicha.

Sudya: Advokatlar bilan kelishasiz, marhamat.

Advokatlardan biri: Ulug‘bek Egamov, siz avval Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan ekansiz-a?

Guvoh: Ha.

Advokat: Nima sababdan viloyat hokimi o‘rinbosarligidan ketgansiz?

Guvoh: Viloyat hokimligida ishlab, keyin vazirlikka qaytib [kelganman]

Sudya: [Savolning] bizning [ishga] aloqasi bormi?

Advokat: Ha, aloqasi bor-da, hurmatli raislik qiluvchi. O‘zingiz yurist ekansiz, hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlagansiz. Qanaqa qilib umuman boshqa, dorishunoslik yo‘nalishiga ishga kirib qoldingiz? Ana shu ishga kelib qolganligingiz, dorini tushunmaganingiz, tibbiy sohani yaxshi bilmaganligingiz oqibatida 65 ta bolachaning o‘limida o‘zingizni shaxsan aybdorman deb hisoblaysizmi? Mard bo‘lib chiqib ketish kerak edi-ku, kimyo sohasida ishlamagansiz, bu sohani bilmaysiz.

Sudya: Bunga sud baho beradi. O‘ziga o‘zi baho berishi qonunan to‘g‘ri kelmaydi. Baho beradigan boshqa organlar bor. Savollar bormi?

O‘sha advokat: Siz farmakopeya sohasining ish faoliyatini yaxshi bilasizmi?

Guvoh: Yo‘q.

Advokat: Bo‘lmasa, bularni qanday nazorat qilgansiz?

Guvoh: Qanaqa nazorat?

Advokat: Nazorat olib borgan ekansiz-ku.

Guvoh: Ijrosini… (advokat guvohning so‘zini bo‘ladi — tahr.)

Advokat: Ha, ijrosini qanaqa nazorat qilgansiz?

Guvoh: Yo‘q, yuqori turuvchi tashkilotlardan kelgan topshiriqlarning ijrosini nazorat qilib borganman.

Advokat: Yuqori tashkilotlar mana shu dorini o‘tkazish [kerak] desa, o‘tkazganmisiz?

Guvoh: Unaqa topshiriq bo‘lmaganam… (advokat guvohni bo‘ladi — tahr.).

Advokat: Qanday qilib bo‘lmagan? Aytishyapti-ku bo‘lgan topshiriqni?

Guvoh: Rosti, xabarim yo‘q.

Advokat: Rahmat.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hurmatli raislik qiluvchi, qo‘shimcha qilib aytishim mumkinki, hozir aytilayotgan o‘rganish bir marta bo‘ladi. Bir yilda besh marta xizmat tekshiruvi o‘tkazilmaydi. Va hech qaysisida men kamchiliklar bilan tanishtirilmaganman. Bu yerda yolg‘on ketyapti. Bir yilning ichida besh marta asossiz ravishda Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limini tekshirgan. Bir yilga ham bormaydi, adashmasam.

Sudya: Advokatlaringiz bor. Agar biror kishiga xizmat tekshiruvlarini ilova qilib berib, nazorat bildirish so‘ralsa, uni ham ko‘rib chiqamiz.

Sudya: Savollar yo‘qmi? (jimlik, shundan so‘ng sudya sud kotibiga qarata) Pasportini bering.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Ulug‘bek, chiqib ketayotganda oila a’zolarimning ko‘ziga qarab chiqib ketgin, iltimos.

Sudya: Marhamat, jabrlanuvchilarimiz [ko‘rsatma berishingiz mumkin]. Ulug‘bek aka, o‘sha yerda ishlagan ekansiz, [zalda] o‘tiring, jabrlanuvchilarni eshitasiz. Taraflardan shunaqa taklif bo‘layotgan ekan, o‘tiring. Eshiting, mana, jabrlanuvchilarning ahvoli qanaqa.

Jabrlanuvchi Ardashoy No‘’monovaning ko‘rsatmasi

Sudya: [Marhuma Malika Qudratovaning] otasi qonuniy vakil sifatida e’tirof etilgan. Lekin farzandga qaragan, o‘sha dorini bergan va uni bevosita parvarish qilib borgan ona bugun sudga kelibdi. Qonuniy vakili deb e’tirof etilgan shaxsning o‘zi, [otasi] ham kelgan. [Onasini] qonuniy vakil deb e’tirof etishga e’tirozlar yo‘qmi?

Tomonlar: Yo‘q.

Jabrlanuvchi Ardashoy No‘’monova 1992-yil Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Uning 2019-yil 31-yanvarda tug‘ilgan farzandi — Malika Qudratova 2022-yilning cyentabrida shamollashdan tuzalish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib, vafot etgan. U “Dok-1 Maks” voqealaridan keyin kenja farzandiga g‘amxo‘rlik qilish uchun ham hech qayerda ishlamayotganini ta’kidlaydi.

Jabrlanuvchi: Avvalambor, meni jabrlanuvchining vakili sifatida taklif qilganlaringiz uchun rahmat aytaman. Farzandim Malika Qudratova 2019-yil 31-yanvarda Navbahor tumanida tug‘ilgan. Bu sirop ["Dok-1 Maks]”ni bahorning boshlarida o‘g‘lim Muhammadali Qudratovga shamollab qolgani uchun Karmana tumanidagi tibbiyot birlashmasidagi vrach yozib bergandi. Doimiy foydalanib kelganim, yaxshi natija ko‘rsatgani, hech bir salbiy ta’sirini ko‘rmaganim uchun kuzda Malika qizim shamollab qolganda ham dorixonadan olib kelib, ichirdim.

Qizim yaxshi edi. To‘rt kundan keyin, 4−5-oktabrlarda qayt qila boshladi. Karmana tuman tibbiyot birlashmasiga olib borganimizda oshqozoni buzilgan, infeksiya tushgan deb, oshqozonini yuvib, uyimizga jo‘natdi. Yana qayt qilib, holsizlanib, ko‘p uxlaydigan bo‘lib qoldi. Keyin tez yordam mashinasi bilan Karmana tumani bolalar shoshilinch bo‘limiga olib bordik. Reanimatsiyaga yotqizishdi. U yerda peshob chiqarmay qo‘ydi. Bir sutka ichida ham chiqarmadi. To‘xtovsiz osma, plazma quydi.

UZIga tushirganda: “Ikkita buyrak ham ishlamayapti, tamom bo‘lgan. Siz nima bergansiz? Bu zaharlagan”, dedi. To‘g‘risi, hayron bo‘lib, shokka tushib qoldim. [Kasallanish] bu siropdanligi ham hali u vaqtda aniq emas edi-da. “Bizda bittagina chora qolgan”, dedi-da, qizimga bir sutka davomida to‘xtovsiz osma ukol qo‘ydi. Hatto uning tanasi ukol qabul qilmay qo‘ydi. Shishib keta boshladi. “Buning birgina yo‘li — dializ qilish. U esa bizda yo‘q, Samarqandda, Buxoroda bor. Agar sharoitlaringiz kelishsa, olib borishlaringiz mumkin”, dedi.

8-oktabr kuni qizimni Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markaziga olib bordik. 9-oktabrda dializ kateterini topib kelsak, dializ qilishini aytishdi. Olib bordik. Dializni boshladi. Dializdan keyin yaxshi bo‘lib ketadi deb umid qildik. Lekin har dializdan keyin ahvoli og‘irlashib ketaverdi-da (shunday deb yig‘lab yubordi — tahr.). Yaxshi bo‘lmadi. Unga qo‘yilgan ukollar, quyilgan qonlarning hisobi yo‘q edi.

15 kilogramm chiqadigan qizim 15 kunda 50 kilogramm bo‘lib qolib, hatto og‘zidan yiringlay boshladi. Ikki-uch marta dializ olib, ahvoli og‘irlashib turganda uydan qaynonam telefon qilib, o‘g‘lim Muhammadalining ham qayt qilib, peshob chiqarmay qo‘yganini aytdi. O‘sha paytdagi ahvolimni hech kimga tushuntirib berolmayman-da (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Uni ham tezda reanimatsiyaga olib keldik. U ham xuddi opasi kabi ahvolda edi.

Uyda yo‘talgani uchun dadasi bir yoki ikki marta o‘sha siropdan ichirgan ekan. Qizimning ahvoli dializdan keyin yomonlashib ketgani uchun o‘g‘limga ham [dializ qilishlaridan qo‘rqdim]. Lekin vrachlar “Qilmasak, bo‘lmaydi. Uning ham kateterini topib kelinglar, bu yerlarda yo‘q”, deyishdi. O‘g‘lim bir yarim yoshli bo‘lgani uchun unga judayam kichik naychali [kateter] kerak ekan. Toshkentdan bir sutka mobaynida izladik. Oxiri 500 ming [so‘m] evaziga kimdir bizga yordam qilib, jo‘natib yubordi. Lekin baxtimga, Allohning mo‘’jizasi bilan o‘g‘lim o‘sha kuni ozgina peshob chiqardi. Uni dializ qilish fikridan qaytishdi.

Qizimning ahvoli judayam og‘irlashib qolgandi. Besh marta dializdan keyin 15-oktabr kechasi judayam ayanchli, judayam azobli ahvolda dunyodan o‘tdi-da (yana yig‘lab yuboradi va shunday davom etadi — tahr.). Ko‘z oldimda qo‘llari qontalash bo‘lib, “Onajon, meni olib keting”, dedi. Bola-da, “Shu do‘xtirxonadan chiqib ketsam, yaxshi bo‘laman”, degan o‘y-xayoli bo‘lganda. Lekin men yordam berolmadim. Farzandim o‘z qo‘limda dorilar ta’sirida ado bo‘ldi. Hatto og‘zidan yiring kela boshladi.

Mana bir yil bo‘ldi hamki, o‘sha stressdan chiqa olmayman. Har soat, har lahza farzandimning o‘sha azobi ko‘z oldimdan ketmaydi. Eng ayanchlisi — ta’ziyasida ham qatnasholmadim. Uni so‘nggi yo‘lga ham kuzatolmadim. O‘g‘lim og‘ir ahvolda edi. U bilan reanimatsiyada qoldim. “Peshob ajraldi, hech bo‘lmasa, bu tirik qoladi”, deganimda, o‘sha kechqurun u ham sudurgi oldi. Miyasining bir tarafi tortishib, ko‘zi bilan og‘zi qiyshayib qoldi. Vrachlar “O‘g‘lingizning shu ahvolda o‘lmay turgani — mo‘’jiza. Har narsaga tayyor turing. Biz ham qo‘limizdan kelganini qildik”, deyishdi.

Palataga oladi, reanimatsiyaga oladi. Shu alfozda oktabrning oxirlarida, ko‘zi bilan og‘zi joyiga tushdi. Biror infeksiya yuqtirib olmasligimiz uchun, davolanish jarayonini davom ettirish sharti bilan uyimizga ruxsat berdi. Har 10 kun — bir oyda tahlillar topshiramiz, muolaja yozib beradi. Shu tarzda olti oy davolatdik. Allohga ming qatla shukr, hozir o‘g‘lim yaxshi. Lekin, lekin (yana yig‘lab yuboradi va shunday davom etadi — tahr.) qizim shunday azoblanib o‘ldi, men uning ta’siridan hali ham chiqolmayman.

Hurmatli, sudya, agar shu jamiyatda inson qadri baland bo‘lsa, sizdan adolatli qaror chiqarib, javobgar shaxslarga eng oliy jazo berishingizni so‘rayman. Va mening oilamga yetkazilgan moddiy-ma’naviy, jismoniy zararni qoplab berishsin. Men o‘sha [voqea] sabab ishimdan ayrildim. Endi faqat farzandim bilan mashg‘ulman. O‘sha ahvoldan qo‘rqib qoldim. Endi farzandim mening ko‘magimga muhtoj. Uni birorta bog‘chaga ham berolmayman. Bir xo‘jayinimning ishlagani esa [yetmaydi]. Shuncha vaqt davolatganimiz uchun qarzga botib ketdik. Kompensatsiya to‘lab berishsin. Bularning dastidan oilamning bir umrga yetadigan musibati bor endi. Hech qachon yuragim o‘ynab-kulolmaydi. Har lahzada farzandim bilan qo‘shilib o‘lgandek bo‘laman.

Sudya: “Dok-1 Maks”ni farzandingizga necha kun, necha mahal, qancha miqdordan ichirgandingiz?

Jabrlanuvchi: Uch kun, ikki mahaldan, yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan miqdorda. Hamma dorining yo‘riqnomasiga qarab ichirardim, hozir qanchaligini eslolmayapman. Lekin idishini to‘ldirib emas, ko‘rsatilgan milligrammda berganman,

Sudya: Dorini kim tavsiya qilgandi?

Jabrlanuvchi: O‘zimizning Karmana tumaniga qarashli poliklinikadagi vrach avval o‘g‘limga tavsiya qilgandi. U vrachga e’tirozim yo‘q. Avval [yozib berganlari] yaxshi natija ko‘rsatgan. Aprel oylarida ichirganimda darrov yo‘taldan yaxshi bo‘lib ketgandi-da, shamollashlarini ham olgandi.

Sudya: O‘g‘lingizga necha marta ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: O‘g‘limga kam. Bir marta yoki ikki marta.

Sudya: Hozir o‘g‘lingiz yaxshi bo‘lib ketganmi?

Jabrlanuvchi: Yaxshi bo‘ldi.

Sudya: Asoratlari yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Asoratlari yo‘q. Lekin vrach muntazam nazoratingizda bo‘lsin dedi. Avval bir oyda olib kelgan bo‘lsangiz, endi har olti oyda siydik analizni olib kelinglar dedi. Hozir dalil sifatida tahlillarini ham olib kelganman.

Sudya: O‘g‘lingizga dorini kim ichirgan?

Jabrlanuvchi: O‘zim qizim bilan kasalxonadaligimda dadasi bir martagina ichirganlar. O‘zimga telefon qilib: “Onasi, bu yo‘talyapti”, dedilar. “Mayli, o‘sha ["Dok-1 Maks"]dan oz miqdorda ichiring”, dedim. Shamollashlarini olar deb o‘yladim-da. [U paytda qizimning kasalni ham siropdan bo‘lganini] hech kim bilmasdi-da. Biz do‘xtirlar aytganicha oshqozon infeksiyasi deb o‘ylaganmiz.

Sudya: Bir marta ichirganini bilasizmi yoki o‘zi umuman necha marta ichirgan?

Jabrlanuvchi: Bir marta ichirgan (jabrlanuvchi sud zalida turgan turmush o‘rtog‘idan so‘rab, tasdiqlatib ham oldi — tahr.)

Sudya: Dori qayerda?

Jabrlanuvchi: DXXga topshirdik.

Sudya: Ichida qancha bor edi?

Jabrlanuvchi: Yarmi qolgan edi.

Adavokatlardan biri: Singlim, bir narsaga aniqlik kiritib o‘taylik. Cyentyabrda qizingiz sog‘lig‘i yomonlashganda vrachga ko‘rsatmasdan [siropni] o‘zingiz dorixonadan mustaqil ravishda borib, sotib olyapsiz. Ko‘rsatmangizni to‘g‘ri tushundim-a?

Jabrlanuvchi: To‘g‘ri tushundingiz. [Avval] menga sinalgan vrach yozib bergani uchun shubhalanmaganman.

Sudya: Moddiy kompensatsiya so‘rayman deyapsiz, miqdorini bayon qila olasizmi?

Jabrlanuvchi: Bir milliard [so‘m] so‘rayman.

Sudya: Savollar bormi? Hech kimda savol yo‘q ekan, o‘tirishingiz mumkin. Jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari, sizlarda huquq bor, xohlasalaringiz savol berishlaringiz, ishtirok etishlaringiz mumkin.

Marhuma Malika Qudratovaning otasi ham ko‘rsatma berishni xohladi.

Jabrlanuvchi Ro‘zi Rajabov 1992-yil Navoiy viloyati Navbahor tumanida tug‘ilgan. Chilangarlik bilan shug‘ullanadi.

Jabrlanuvchi: Bo‘lgan voqeani turmush o‘rtog‘im gapirib berdi. O‘g‘limga shamollab, yo‘talchasi borligida bir marta berganman. Unda ham dori yo‘riqnomasida yoshiga moslab ko‘rsatilgan milligrammda berganman. O‘shandan ham [ichishni xohlamagandi], xarxasha qilganda aldab ichirganmiz. Qizimizga ham aldab, bir nimalar berib ichirgandik. Qizimni turmush o‘rtog‘im ikkimiz Samarqandga olib kelganimizda onam o‘g‘limga qarab turgandilar. Telefon qilib, “O‘g‘lingning mazasi yo‘q, qusyapti, yiqilib tushyapti”, dedilar. O‘zimiz [nimadanligi] bildik-da, hech kimga aytib o‘tirmay, tezda Samarqandga olib keltirdik. O‘zimizning do‘xtirimiz bor edi, o‘shanga olib bordik.

Sudya: Marhamat, kimda savollar bor? Savollar yo‘qmi? O‘tiring.

Shu o‘rinda sudya guvoh Egamovga xohlasa ketaverishi mumkinligini aytgandi, u ham chiqib ketdi.

Jabrlanuvchi Dadaxon Boltayev ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Dadaxon Boltaboyev 1992-yil Xorazm viloyati Xiva tumanida tug‘ilgan. Kasbi — haydovchi. Uning 2018-yil 11 cyentabrida tug‘ilgan farzandi — Fazliddin Polvonnazirov 2022-yil dekabr oyida shamollashdan tuzalish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib, vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Dekabrda o‘g‘limning tomog‘ida yiringlash [borligini ko‘rdik]. Do‘xtirga olib borganimizda antibiotik olishimizni aytgandi, men xohlamadim. Keyin “Dok-1 Maks” siropini yozib berdi. Dorixonadan oldik. Biz bu dorini bolalarga har doim berardik. Katta o‘g‘lim bor, hozir 2-sinf. Kichkinalik vaqtidan [shamollaganida] “Dok-1 Maks” ichardi. O‘zi uchalasi ham urushib-[talashib] “men ichaman, men ichaman” deb ichardi.

6-dekabr kechqurunidan yo‘riqnomasidagi miqdor bo‘yicha ayolim ichira boshladi. To‘rt kun ichirdi. O‘zi bolamning organizmi kuchli edi-da. Lekin dori yoqmadi, shekilli 10-dekabr kunidan yotqiloq bo‘la boshladi. “Peshobing chiqdimi?” desak, “chiqdi-chiqdi” degandi. Aslida chiqmagan ekan. O‘zim ishda bo‘laman, ertalab ketib, kechqurun qaytib kelaman.

11-dekabr kuni Xivaga, bolalar shifoxonasiga olib bordik. Do‘xtirlar ultratovush tekshiruv (UZI) o‘tkazib, “Buyrak ishlamayapti, siydik yo‘q, buni siydirish kerak”, deb tushlikkacha bitta yoki ikkitami qandaydir osma qo‘ydi. Onasi bilan [uyga] tashlab, ishga ketgandim. Keyin ayolim telefon qilib, “Bolaning ahvoli og‘ir”, dedi (yig‘lamsirab gapiradi — tahr.). Ishni tashlab kelsam, bola [so‘lib qolibdi-da]. Yana o‘sha bolalar kasalxonasiga olib bordik.

Bir do‘xtirga ko‘rsatdik, u bilmayapti. Yana bitta do‘xtirga ko‘rsatdik, unda ham shu ahvol. Tushlikdan keyin soat uchlarda borgandik, kechqurun 12 bo‘ldi. O‘zlari bir do‘xtirni chaqirdilar. U keldi-da, bunda qandaydir virus bor, buyragi ishlamayapti dedi.

Shoshilinchga yubordi. Dializga qo‘shamiz, deyishdi. Biz [dializning] nimaligini [ham] bilmaymiz-da. O‘sha kuni haligacha yodimdan chiqmaydi-da. Qo‘limdan qo‘yvormay, “Meni tashlab ketmang, tashlab ketmang” (yana yig‘lamsiraydi — tahr.), derdi. Keyin dializga qo‘shdi.

Ertalab soat oltigacha yaxshiroq bo‘lib boraverdi-da, yettidan keyin [ahvoli] yana orqaga ketib qoldi. Shu payti shokka tushib qoldik. Xotinim ham yetti oylik homilador edi. U stressga tushgandan keyin bola[ga ta’sir qilib qoldi]. Bu yoqda xotin kasalxonada, bu yoqda esa o‘g‘lim. Qaysi biriga qarashni bilmayman.

25-dekabrlardamikin, xotinimning oldiga borsam, shifokor “Hozir u bolang 70 ga 30 holatda. Undan ham ayrilasan, bundan ham ayrilasan. Ko‘proq mana bu bolangga niyat qilib, qarash kerak”, dedi. Uning ketidan yurdim (yana yig‘lamsiraydi — tahr.). Bu yoqda ota-onam, qaynotam o‘g‘limga qaradi. “Bola yaxshi bo‘lyapti”, deb xotinimni aldashga majbur bo‘ldik.

O‘g‘limning yoniga, ichkariga kirishga yuragim bardosh bermasdi. Bir kuni dializga olib kirib ketayotganda ko‘rdim, tanimadim — shishib ketgan (yana yig‘lamsiraydi — tahr.). Hozir ham suratlari bor, ko‘rib qolsam, esimga tushib ketadi. Uning chekkan azobini hech kimga ravo ko‘rmayman. Unday yotgandan [jonini] o‘sha zahoti olgani yaxshi edi.

6-yanvarda xotinimning ko‘zi yoridi. To‘g‘risi, shu farzandim tug‘ilguncha, 11-dekabrdan 6-yanvargacha, qanaqa o‘tganini bilmayman. Kunimiz bazo‘r o‘tdi. Xotinim shokda. Stress bolaga tezda ta’sir qilarkan-da o‘zi.

Sudya: Dadaxon aka, farzandingizga dorini kim ichirgan?

Jabrlanuvchi: Xotinim.

Sudya: Necha marta ichirganlar?

Jabrlanuvchi: To‘rt kun, ikki martadan.

Sudya: Demak, sakkiz marta. Miqdori qancha?

Jabrlanuvchi: Do‘xtir bergan qog‘ozda ko‘rsatilgandek, ikki milligrammdanmi, shunaqa.

Sudya: Tug‘ilgan farzandingiz yaxshimi?

Jabrlanuvchi: Hozir yaxshi. Shunda ham stresslari bor. Hozir ham nimadir bezovta qilsa, do‘xtirga borsak, stressdan bo‘lgan deydi.

Sudya: Keyingi farzandingiz dunyoga kelguncha bu farzandingiz o‘tib qoldi-a?

Jabrlanuvchi: Ha, 27-dekabrda edi.

Sudya: Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: Ichida ozgina bor edi. DXXdanmi kelib, uydagilardan ariza olib, uyda nima dori bo‘lsa, hammasini olib ketgan-da. Men u payt xotinimning izidan yurgandim.

Sudya: Savollar bormi?

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan qanday da’voyingiz bor? Jazo masalasida. Va moddiy-ma’naviy da’voyingiz bormi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Moddiy taraflama hamma narsam yetarli. Da’vo bo‘lsa, 2 milliard so‘rayman, lekin o‘zim uchun emas. Ular beradigan bo‘lsa, o‘zimizda qanchadan-qancha uysiz-joysizlar bor. Shularga uy olib beraman. Bolamni duo qilsa bo‘ldi-da. Bolam uchun.

Prokuror: Jazo masalasida-chi?

Jabrlanuvchi: Sudning eng og‘ir jazosini qo‘yishlaringni so‘rayman. Qonun bor, o‘zingiz qonuniy qaror qilasiz.

Advokatlardan biri: Dadaxon aka, dorining idishi qanaqa edi?

Jabrlanuvchi: Bilmayman. Men uyda bo‘lmaganmanda, xotinim ichirgan. O‘sha paytlar katta o‘g‘lim ichaman degan, ichirishmagan. “Ukangga yetmaydi. O‘sha yaxshi bo‘lsin, yiringi ko‘proq”, deb berishmagan. Shu oyda o‘zimda ham mablag‘ bo‘lmay qolgandi, bir donagina olib bergandim. Pulim yetmagani uchun antibiotik olmagandim.

Yana bir sirop bor ekan-ku, “Ambronol” degan. Shundan opamning uyida bor ekan. 28-dekabr kuni qiziga ichirgan. Ikki kun peshobi bo‘lmagan. Yangi yil kuni, 31-dekabrda kasalxonaga olib bordik. Do‘xtirlar ham bizni o‘sha yerda ko‘rib tanib qolgan ekan, darrov tekshirishga olib kirdi.

UZI qildirdik, unaqa qildik, bunaqa qildik, unda ham siydik yo‘q. Bitta ukol oldi. Keyin majburlab, suv ichirdik. Yogurt yeyman dedi, to‘rt kunmi, besh kunmi yogurt berdik. Hech narsa yemay yurdi. Lekin u hozir yaxshi bo‘lib ketdi. Unga bir marta, bir milligrammi ichirgan ekan-da.

Advokat: “Dok-1 Maks”ni qaysi dorixonadan oldingiz?

Jabrlanuvchi: O‘zimizda “Humo” degan katta dorixona bor. O‘zi Xivadagi kasalxonaning yonida dorixonalar ko‘p. Kattaroq bo‘lgani uchun “Humo”ga kirib olgandik.

Jabrlanuvchi Dilshodjon Yo‘ldoshev ko‘rsatmasi

Ushbu jabrlanuvchi ko‘rsatma berish qismiga chaqirilganda avvaliga ko‘rsatma bermasligini aytdi. Sudya sababini so‘raganidan keyin so‘zga chiqdi.

Dilshodjon Yo‘ldoshev 1990-yil Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. Uning 2019-yil 30-oktabrda tug‘ilgan qizi — Mubinaxon Shamsiddinova shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: O‘zim asosan [Toshkentda] ishlayman. Shu ["Dok-1 Maks"]ni ichgan. Keyin Farg‘onaga olib borishgan. Menga telefon qilishdi. Ungacha aytishmagandi. Borganimda Farg‘onadagi tez yordamda yotgan ekan. Qayerdan oldi, kim ichirdi, qancha ichdi, bexabarman. Bu doridanligini ham keyin bilganman. Hozircha shu.

Sudya: O‘zi u dori oldin ichirilganmi-yo‘qmi, aka?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, bilmayman.

Sudya: Tergov jarayonida ko‘rsatmalar berilgan-da. Unda ham “Eslolmayman” debsiz. Turmush o‘rtog‘ingizdan so‘rab ko‘rmadingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Myen bu haqda savol bermayman.

Sudya: Bugungi kungacha ham so‘ramadingiz-a?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Bundan keyin ham.

Sudya: Tushunarli. Farzandingizda shamollash bo‘lganmi?

Jabrlanuvchi: O‘zi bir marta kasal bo‘lgandi.

Sudya: 2019-yil 30-oktabrda tug‘ilgan ekan-a, farzandingiz?

Jabrlanuvchi: Shunday.

Sudya: Siz borgan vaqtda farzandingiz qaysi shifoxonada ekan.

Jabrlanuvchi: Farg‘onada, tez tibbiy yordamda.

Sudya: Ular nima muolaja qildi?

Jabrlanuvchi: Nima, kim? (yig‘i to‘la ovoz bilan gapiradi va keyingi bir necha daqiqada ham shu ohangda davom etadi — tahr.).

Sudya: Farzandingizda qanday muolajalar amalga oshirildi?

Jabrlanuvchi: Shu, hozir aytganlar bilan bir xil.

Sudya: Dializ qilishdi?

Jabrlanuvchi: Ha, shu. Oyog‘i shishib ketgan, peshob chiqmay qo‘ygan ekan.

Sudya: Aka, hamdardlik bildiramiz. To‘g‘ri, og‘ir, yarangizni yangilayapmiz. Holatlarga aniqlik kiritish uchun savollarga javob olishim kerak. Hozir boshqa farzandingiz bor ekan-a, Dilnuraxon ismli.

Jabrlanuvchi: Shunday, ha.

Sudya: Tushunarli. Uyda dorining qolganini topshirish masalalari ham ko‘rilganmi?

Jabrlanuvchi: Bunday: oilada o‘zim ishlayman. Shuning uchun ko‘p ham telefon qilishib bezovta qilishmaydi (yig‘i to‘la ovoz bilan gapiradi — tahr.). Katta muammo bo‘lsa, chiqishadi. Endi moddiy tarafdan yordam bo‘lsin deb, to‘g‘risi, bolalarni uyga tashlab, o‘zim Toshkentda ishlayotgandim (yig‘lab yuboradi — tahr.).

Sudya: Turmush o‘rtog‘ingiz ham uyoqdami?

Jabrlanuvchi: Uyoqda bo‘lgan, ha.

Sudya: Farzandingiz bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi amalga oshirilgan ekan-a, xabaringiz bor-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Savollar bormi? Prokurorning savoli bormi?

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q-yo‘q. Da’vom yo‘q meni. Faqat iltimos qilamanki — bo‘ldi, mening uyimga “uchastkavoy” [bormasin]. Unaqa oila emasmiz. Kirib, bezovta qilish shart emas. Men hech kimdan hech narsa so‘ramayman. Ko‘rganimni o‘zimni bildim, to‘g‘risi (yana yig‘laydi — tahr.). Kasalxonaga borganda aytganman, to‘g‘risi, “Dunyoni buzib yuboraman, olib chiqib ketaman”, deganman. Shunchaki bajarolmadim. O‘z qo‘lim bilan [o‘ligini] ko‘tarib ketdim. Men hech kimdan hech narsa so‘ramayman, aka, tinch qo‘yinglar bo‘ldi. Boshqa narsa so‘ramayman.

Sudya: Tushunarli. Savollar yo‘qmi hech kimda? O‘tiring, aka, o‘tiring. Agar xohlasangiz, ketsangiz ham bo‘ladi (jabrlanuvchi sud zalidan yig‘lab chiqib ketadi — tahr.).

Jabrlanuvchi Fazliddin Mirshohidov ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Fazliddin Mirshohidov 1994-yil Toshkent shahrining Sergeli tumanida tug‘ilgan. Ustachilik qiladi. Uning 2020-yil 3-noyabrda tug‘ilgan farzandi — Abdulloh Faxriddinov shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: O‘g‘lim ikki yoshda edi. “Dok-1 Maks” ichirishdan oldin bir shamollagan edi. Keyin o‘tib ketdi. Ayolim emlash kerakligini aytdi. O‘zi olib chiqqan. Do‘xtirlar “[emlashdan keyin] immuniteti tushib ketib, shamollashi mumkin”, deygan ekan. Shunday bo‘ldi ham.

Xotinimga ancha oldin “Dok-1 Maks”ni maqtashgan ekan. O‘shani olib kelib berishimni aytdi, keltirdim. Uni ichgandan keyin oldingidan ham [ko‘proq] holsizlanishni boshladi. Ichgan bo‘lsa, ikki-uch kun ichgan. Keyin ikki kuncha peshob kelmagan.

16-kasalxonaga olib bordik. Shamollashdan bo‘lsa kerak deb o‘ylab, koronavirusga test topshirdik. [Hech narsa] chiqmadi. Keyin bolani onasi bilan 16-kasalxonaga qoldirdim. Shu kuni yaxshi bo‘lgan. Ertasi kuni komaga tushgan. Shu bilan komadan chiqmadi.

Dializ qildik, dializning foydasi bo‘lmadi. Bola shishib ketgan. 26-dekabrda vafot etdi.

Sudya: Farzandingizga dorini turmush o‘rtog‘ingiz ichirgan-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: “Uch mahal, bir choy qoshiqdan”, deyilgan ekan. To‘g‘rimi, shu?

Jabrlanuvchi: Uch mahalligini bilmayman.

Sudya: Tergovda shunaqa ko‘rsatma bergan ekansiz-da?

Jabrlanuvchi: Unaqa ko‘rsatma bermaganman. Oxirida yarmidan ko‘pi qolgandi-da, idishini topshirganman.

Sudya: Necha kun ichirilganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Ikki-uch kun bo‘lsa kerak.

Sudya: Dorixonani [tergovchilarga] ko‘rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Ko‘rsatdim. 16-kasalxonadaligimizda do‘xtirlar siropda zahar bo‘lishi mumkinligini aytishganda, hali hech qayerga ovoza bo‘lib ketmagandi.

Sirop sotib olgan dorixonaga borib (ovozi titraydi — tahr.), “Shu doridan bormi?”, deb so‘rasam, “Bor” deyishdi. “Sotmalaring, bolalar zaharlanyapti”, desam, men bilan talashib ketib, “Cyen kimsan?”, degandek qilishgandi. Dorixona egasini topib, egasi bilan gaplashganman. Boshida ishonmagan, keyin “Rostan shunaqa zaharlanyapti ekan”, deb telefon qilib uzr so‘ragan.

Keyinchalik surishtirsam, bu doridan zaharlanish bo‘layotganini Yunusoboddagi dorixonalar bilib, allaqachon sotishni to‘xtatgan yekanu, bu paytda Sergelida sotilayotgan bo‘lgan. Bu narsaga o‘zi kim qaraydi? (yana ovozi titraydi — tahr.).

Sudya: Yunsobodda sotuv oldinroq to‘xtatilganini ciz qayerdan bildingiz?

Jabrlanuvchi: Eshitdim.

Sudya: Prokuror, savollar bormi?

Prokuror: Sudlanuvchilarga da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Hozirgi sud jarayonidan bu yerdagilar [turmadagilar] aybsizu, mana bu yerda [sud zalidagi ko‘rsatma berilayotgan joyda] aybdor odam o‘tirgandek ko‘rinyapti. Men ishonmayapman-da, qaysi biri: bular aybdormi yoki bu aybdormi? Yo yana boshqasi bormi? Sudlanuvchilar bo‘yicha u-bu narsa deyolmayman. Sudga havola.

Sudya: Kim aybdor-aybsizligini sud hal qiladi. Sud ayblasa, aybdorlarga [qanday jazo] so‘raysiz?

Jabrlanuvchi: Sudga havola.

Advokatlardan biri: Siz aynan Toshkent shahrida istiqomat qilgansiz. 8-dekabr kuni Respublika shoshilinch yordam markazi, bolalar bo‘limiga murojaat qilgansiz. Tergovdagi ko‘rsatmangizda o‘rta yoshli, o‘zbek millatiga mansub ayol kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, farzandingizda shamollash alomati yo‘qligi, aksincha, unda allergiya bilan bog‘liq holat kuzatilayotganini ma’lum qilib, bir dori vositasini tavsiya qilib, uyingizga yuborgani, ertasi kuni yana 16-kasalxonaga kelganingizni [aytgansiz]. Nega u yerda olib qolmay, uyingizga ruxsat berib yuborishdi? Do‘xtir to‘g‘risida ma’lumotingiz bo‘lsa, sudga bering.

Jabrlanuvchi: Ayolim aytgan bo‘lsa kerak. Men unaqa deb aytmaganman.

Advokat: Haqiqatan… (jabrlanuvchi advokatni to‘xtatdi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Men eslolmayapman.

Advokat: O‘zi bolani olib borganmisiz?

Jabrlanuvchi: Eslolmayapman.

Advokat: Boshqa savolim yo‘q, muhtaram raislik qiluvchi.

Jabrlanuvchi Javlon Qirjigitov ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Javlon Qirjigitov 1987-yil Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. Jizzax Davlat pedagogika universitetida murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i. Uning farzandi Shahrizoda Ergasheva 2022-yil dekabr oyidan shamollashdan tuzalish uchun dori qabul qilib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Shanba kuni edi. Ishdan kelsam, ikkinchi qizim isitmasi chiqib, yo‘talib yotgan ekan. Dadam 45 yillik tajribaga ega pediatr. “Dok-1 Maks” siroplaridan avval ham foydalanganmiz. Jizzax shahridagi ko‘p tarmoqli endokrinologiya markazining yonidagi “24 soat” dorixonasiga borib, “Dok-1 Maks” siropini olib keldik-da, o‘sha kuni ichirdik.

Avvallari siroplar bolalar uchun ko‘proq shirin dori hisoblanardi. Haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi, qizim shu siropni ichishni xohlamagan edi. Hattoki birinchi marta ichganida tupurib ham tashladi, ikkinchisida qayt qildi. Ikki kuncha shunday yurdi. Biz grippning asorati deb o‘ylabmiz. Seshanba kungacha ichirganmiz.

Seshanbadan peshob chiqmayotganligi, umumiy ahvoli ham yaxshi emasligini ko‘rib, ayolim Jizzax shahar ko‘p tarmoqli bolalar klinikasiga olib borgan. U yerda buyragida muammosi bor deb tashxis qo‘yib, Jizzax shahar ko‘p tarmoqli bolalar klinikasini tavsiya qilishgan (birinchi marta borgan kasalxonasi sifatida ham shu joyni aytgan — tahr.).

Kechasi 21:00 da chiqib, Jizzax shahar ko‘p tarmoqli bolalar klinikasiga bordik. Navbatchi vrach Shoshilinch tibbiy yordamga yubordi. O‘sha yerda haqiqatdan ikki buyragi ishlamayotganini ko‘rsatib berishdi. “Bu bizning masalamiz emas”, deb Samarqand shahar ko‘p tarmoqli bolalar klinikasiga olib borishimizni aytishdi. U yerga borsak, joy yo‘q ekan. Bir amallab joylashtirdim.

Ertalab Bahodir aka degan nefrolog vrach bilan uchrashdim. “Men mana shunday 7−8 bolalarni asrab qololmadim. Sizlar Toshkentga, shoshilinch tibbiy yordamga boringlar”, dedi. Afsuski, mana shu yerda shahardan-shaharga qolishga majbur bo‘ldik.

Lekin kateter yo‘qligini aytishdi. Toshkentdan uch kun deganda tanishlar orqali 400 ming so‘mga kateterni topib bordik. Bahodir aka nefrolog [dializni boshladi]. Hamma dorilarni yetkazib berib turdik. 16-dekabr tongga yaqin ko‘zimning oldida shunday sharpa ko‘rindiyu farzandim jannat bo‘lib ketdi (yig‘lab yuboradi — tahr.).

Samarqand shahrida sudlanuvchilarning, Jizzax, Samarqanddagi “Dok-1 Maks” firmalarining hammasini taniyman. Qarindoshlar, akalar-da. Mening yuragim qiynaydi (yana yig‘lab yuboradi — tahr.).

Sudya: Javlon aka, farzandingizga dorini kim ichirgan?

Jabrlanuvchi: Ayolim ichirgan. Yakshanba kuni o‘zim ham ichirganman. O‘zim ham ko‘rganman-da o‘shani.

Sudya: Dorini kim tavsiya qilgan, aka?

Jabrlanuvchi: O‘zim shifokorning farzandi bo‘lganim, [dorilardan xabardor bo‘lganim uchun] dorixonadan o‘zim borib olganman.

Sudya: Necha mahal ichirganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Uch-to‘rt mahal ichirilgan.

Sudya: Qancha miqdordan ichirganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Dozasi bo‘yicha qopqoqchasida milligrammda berishgan.

Sudya: Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: Qolganini bilmayman. Ayolim menga bermadi. To‘kib yubordimi, yoqib yubordimi, bilmayman.

Sudya: Dori tegovga taqdim etilmagan-a?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Sudya: Tushunarli. Prokuror, savol bormi?

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi? Jazo va zarar masalasida.

Jabrlanuvchi: Shu jamiyatda ishlayapmiz. Shu jamiyatimiz, Yangi O‘zbekistonimiz uchun harakat qilyapmiz. Hamma inson, qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, farmatsevt bo‘ladimi, doktormi, bizga o‘xshagan pedagok sohami, farqi yo‘q, vatanni sevsagina mana shu jamiyatimiz, davlatimizning rivojida hissa qo‘shamiz. Shuning uchun suddan faqat qonuniy talab bo‘yicha ko‘rib chiqishini so‘rayman.

Prokuror: Moddiy-ma’anaviy da’voyingiz bormi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Xohlamayman.

Advokatlardan biri: Javlon aka, farzandingiz siropni ichayotgan vaqtda qusib yuborganlarmi?

Jabrlanuvchi: Birinchi marta berayotganimizda og‘zidan chiqarib tashladi. Lekin biz “Tuzalsang, isitmang tushadi”, deb, majburlab oyoq-qo‘lini ushlab, ichirganmiz.

Advokat: Ichirganingizda ichganlar, yutganlar, tashqariga chiqarmaganlar-a, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: O‘zingiz boshida bo‘lgan ekansiz-da. Qancha dozada bergansizlar?

Jabrlanuvchi: Qopqoqchasida o‘zining o‘lchami bor-ku, o‘shanda o‘lchab, milligrammda berganmiz.

Advokat: 3−4 marta dedingiz-a?

Jabrlanuvchi: Bir kunda 3−4 martadan berilgan. Shanba kuni boshlagan bo‘lsa, chorshanba kunigacha ichirgan. Juma kuni Samarqandga olib borganman.

Jabrlanuvchi Munojot Uraimova ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Munojot Uraimova 1997-yil Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Uning 2020-yil iyul oyida tug‘ilgan farzandi — Qodirali Bahodirov 2022-yil noyabr oyida shamollashdan tuzalish uchun dori qabul qilib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Oilangiz bormi?

Jabrlanuvchi: Ajrashganman.

Sudya: Farzandingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Boshqa farzandim yo‘q.

2022-yil noyabr oyining oxirlarida o‘g‘lim shamolladi. Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasiga qatnab muolaja oldik. Oradan bir haftalar o‘tar-o‘tmas shamollash kuchayib ketdi. Yana ukol-dori oldirmay degan maqsadda Andijon shahriga ketgan tanishimga telefon qilib, dorixonadan shamollashga qarshi sirop olib kelishini so‘radim.

U Uchqo‘rg‘on tumani Quvay qishlog‘idagi yo‘l bo‘yida joylashgan dorixonaga kirib, menga telefon qilib, dorixonachi bilan gaplashtirdi. “Shamollashga, yo‘talga qanday dori-darmonlaringizni tavsiya qilasizlar?”, desam, ko‘proq “Dok-1 Maks siropi yaxshi ta’sir qilyapti, shuni oling”, dedi. Shu bilan tanishim “Dok-1 Maks”ni olib kelib berdi. O‘sha kuni kechqurun bir mahal, ertasiga ikki-uch mahaldan ichirishni boshladim.

Oradan 3−4 kun o‘tgandan keyin o‘g‘limda peshob ajralishi kamayib, keyinchalik yo‘qolib, siymay qo‘ydi. Keyin Uchqo‘rg‘on tibbiyot birlashmasiga olib bordim. Siymayotganini aytsam, “Qusyaptimi?” deb so‘rashdi. “Dam-dam qayt qilyapti, dam-dam ichi ketyapti”, dedim. “Bola qusgani, ichi ketgani hisobiga bola siymayapti”, degan tashxis qo‘yishdi.

Shifoxonada bir kecha yotdik. Keyin qarasam, bolaning holati orqaga ketyapti. O‘zim reanimatsiyaga olishlarini talab qilib chiqdim. Reanimatsiyaga olishdi. Bolaning og‘zi va ko‘zi tortishishni boshladi. Reanimatsiyada shok holatiga tushdi. “Miyasi qabul qilmayapti, sezmayapti”, deyishdi. Davo choralarini ko‘rishdi.

Namangan shahridan, Go‘zal [nomli shifoxona]dan bir vrach chaqirishdi. U kelib ko‘rdi-da, “Bolaning holati yomon, Namangan shahri shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib o‘tish kerak”, dedi. O‘sha kuni kunduzi reanimatsiyada bo‘ldik, kechqurun soat 7−8 lar atrofida tez yordam mashinasi bilan Namangan shahridagi bolalar shifoxonasiga olib bordik.

U yerda besh kun yotdik. Beshinchi kuni kechqurun, 24-dekabr soat 19:40 lar atrofida bolam vafot etdi.

Sudya: Tushunarli. Munojotxon, dorini aynan kim tavsiya qilganini aytmadingiz.

Jabrlanuvchi: Dorixona xodimi tavsiya qilgan.

Sudya: Dorixonaga Toshxo‘ja ismli qarindoshingiz borgan, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Ha

Sudya: Lekin “Dok-1 Maks” so‘ramagan, o‘zlari tavsiya qilgan, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Shunday.

Sudya: Dorini necha kun, necha mahal, necha gramdan ichirdingiz?

Jabrlanuvchi: 2−3 mahal, 5 milligrammdan ichirdim. Necha kun ichirganim aniq esimda yo‘q. Yo to‘rt, yo besh kun ichirdim. Unaqa ko‘p emas. Bolaning holati yomonlashgandan keyin ichirmadim, kasalxonaga olib bordim.

Sudya: Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: Qolganini bilmayman. Men kasalxonadaligimda onam Umra ziyoratiga ketgandilar. Kelganlarida ham kasalxonada edik. Qarindoshlar uyimizga kelganda bir nima qilishganmi, borgach topa olmadim.

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi? Moddiy-ma’naviy, jazo masalasida.

Jabrlanuvchi: Da’voyim bor. Eng oliy jazoni qo‘llashingizni so‘rayman. Moddiy ta’minot bilan ham qoplab berishinglarni so‘rayman.

Prokuror: Aniq summani ayta olasizmi?

Jabrlanuvchi: 500 million so‘m.

Advokatlardan biri: Dorixona xodimi bilan telefonda gaplashganingizda qanaqa dozada berish kerakligini aytdimi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, aytmadi. “Shu yaxshi effekt beradi”, dedi.

Advokat: Unda besh milligrammdan berish haqidagi xulosaga qanday keldingiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘riqnomasidan o‘qib, shu dozada berdim.

Advokat: Yo‘riqnomada besh [milligramm] ko‘rsatilgan ekanmi?

Jabrlanuvchi: Uch yoshgacha bo‘lgan bolaga 4−5 milligramm deb ko‘rsatilgan edi, shekilli. Aniq esimda yo‘q. Kasalxonaga ko‘p qatnayverib, qanaqa dorini, qanchadan berganimni eslolmayapman.

Advokat: 3 yoshgacha degan ko‘rsatma yo‘riqnomada umuman yo‘q-da. Ikki yoshdan boshlanadi. Ikki yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan bolalarda 2,5 milligrammdan ko‘rsatilgan ekan, siz ko‘proq berib yuborgan ekansiz-da. Oxirgi marta ko‘rganingizda idishida qancha qolgandi?

Jabrlanuvchi: Yarimdan ko‘proq qolgandi.

Advokatlar iltimosnomalari

Sud davomida advokatlar bir nechta iltimoslar kiritishdi. Ularning ayrimlari sud tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, ayrimlari rad etildi.

Advokatlardan biri: Bizning himoyamiz ostidagi A.A va N.M.ga e’lon qilingan ayblovning 4-epizodi bor. Hindistonning 11 ta dorisini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 205−209-moddalar qo‘yilgan. U dorilar kun tartibiga kiritilgan, muhokama qilingan, u bo‘yicha qanaqadir ishlar ham olib borilmagan. Lekin shu ayb e’lon qilingan. A.A. o‘zining ko‘rsatuvlaridagi bir nechta joyda Farmakologiyaning vrach o‘rinbosari Mahfuza Amirova shu ish bo‘yicha ko‘rsatib bera oladi, deb guvohlik bergan. Shuning uchun qo‘shimcha guvoh sifatida Mahfuza Amirovani chaqirishni so‘raymiz. Buni o‘zimizning zimmamizga olamiz. Vaqtini aytsangiz, o‘sha paytda kelishi mumkin.

Sudya: Marhamat, muhtaram prokuror.

Prokuror: E’tiroz yo‘q.

Sudya: Advokatlarimizda-chi?

Zaldagi advokatlar bir og‘izdan e’tirozi yo‘qligini bildirishdi. Sudlanuvchilardan biri e’tiroz yo‘qligini bildirish barobarida o‘sha ishlar ish yurituvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Mahfuza Amirovaga yo‘naltirilgani uchun ham guvohlikka chaqirish to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidladi.

Sudya: Qolgan sudlanuvchilarimizda e’tirozlar yo‘qmi? Advokat, raqamlarini bering, biz o‘zimiz bog‘lanamiz, shunisi qonuniy bo‘ladi. Agar kela olsa, tushlikdan keyinga taklif qilib ko‘ramiz.

Shuningdek, bir advokat o‘z himoyasi ostidagi sudlanuvchiga nisbatan qo‘shimcha sud-tibbiy ekspertizasi bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. Unda sudlanuvchining kardiolog, endokrinolog, travmatolog hamda MSKT tekshiruvlaridan o‘tishi kerakligi ifodalangan edi. Sud esa iltimosnomani qo‘llab, ajrim qildi. Qo‘shimcha komission tibbiy ekspertiza tayinladi. Ekspertiza o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali ekspertlari zimmasiga yuklatildi. Mutaxassisligi bo‘yicha shifokor kardiolog, endokrinolog, travmatolog, ortoped biriktirildi.

Mutaxassislarning oldiga quyidagi savollar qo‘yildi: Sudlanuvchida endokrinologik kasalliklar mavjudmi? Kardiologik kasallik mavjudmi? Kasallik mavjud bo‘lsa, uning hayoti uchun xavflimi? Bu kasallik diagnostikasi qanday? Instrumental va laborator tekshiruvlar amalga oshirish lozimmi? Bemor shifokorning doimiy nazoratida bo‘lishi talab etiladimi? Aniqlangan kasalliklarga ko‘ra, sudlanuvchi statsionar davolanishga muhtojmi? Unda aniqlangan kasallik uning sud majlisida ishtirok etishida monelik qiladimi? Unga qanday davo va muolojalar qo‘llanilishi lozim? Sudlanuvchi o‘z vaqtida davolanmasa, kasallik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Sudlanuvchida aniqlagan kasalliklar belgilari unga ozodlikdan cheklash jazosini o‘tashga monelik qiladimi?

Advokatlardan biri: Hurmatli raislik qiluvchi, necha oydan beri mazkur jinoyat ishini ko‘rib kelyapmiz. Jinoyat ishi materaiallarining 90-jildi, 189−220-ish varaqlarida Hindistonning Marion Biotech korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertiza standartlashtirish markaziga topshirilgan doselarning ekspertizalari mavjud.

Ya’ni bu ekspertizani SSV xodimlari o‘tkazgan. Va ularning xulosalari jinoyat ishidagi 70 foiz sudlanuvchilarning ayblovida mavjud. Shuning uchun ushbu ekspertizani o‘tkazgan mutaxassislarni sudga chaqirtirishingizni so‘raymiz.

Bular: SSV kompleks bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Hajixanov, SSV insonparvarlik yordami hamda dori vositalarining tibbiy buyumlarni tibbiy texnik boshqarish bo‘limi boshlig‘i Hilola G‘aniyeva, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdurahmon Ashurov, Toshkent farmatsevtika instituti Farmakologiya va klinik farmatsiya kafedrasi professori Rustam To‘laganov, Dori vositalari, tibbiy buyumlar, va tibbiy texnika ekspertizasi standartlashtirish markazi yetakchi mutaxassisi Farhod Mamatmusayev.

Sudya: Himoyangiz ostidagi shaxsga ularning xulosasi bo‘yicha ayb e’lon qilinmagan. Ular dorini, “Dok-1 Maks”ning kirib kelishini olib qolish uchun bir necha marta, 12 marta imkoniyatga ega bo‘lgan degan holatni asoslash uchun o‘sha tekshiruv bo‘lgan. Hamma biladi. Shu holat bo‘yicha ayblangan. Ular so‘roq qilingan, xulosasi olingan. Agar yo‘q demasangiz, o‘zimiz baho beramiz. 12 ta holat bo‘yicha sud ularni so‘roq qilmasdan turib ham baho berib ketishi mumkin. “Yo‘q, chaqiring desangiz”, hech bo‘lmasa, bittasini chaqiraylik, vaqtni ko‘p olmaylik.

Advokat: [Unda] Baxtiyor aka Hajixanovni chaqiraylik.

Sudya: E’tirozlar yo‘qmi?

Zaldagi sudlanuvchilardan biri: Hajixanov yurist, ishdan ketgan.

Advokat: Unda Farhod Mamatmusayev.

Sudlanuvchilardan biri: U yetakchi mutaxassis edi, bir oy oldin Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga o‘tkazishgan. U ximik. 20 yildan beri bizning laboratoriyada ishlaydi.

Boshqa sudlanuvchi: Hilola G‘ayratovna o‘sha yerda bor edilar. Ular konsalting firmada hujjatlar topshiradilar, qisman tushunadilar. Ximikning [bu ish haqida] umumiy tushunchasi yo‘q.

Advokat: Bo‘lmasa, nega bunaqa xulosa berganlar?

Sudlanuvchi: Biz ham hayratdamiz.

Sudya: Mening o‘zim shu xulosaning to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga baho berib ketsam bo‘lmaydimi?

Advokat: Unda qanaqa bo‘ladi?

Boshqa advokat: Hurmatli raislik qiluvchi, bu yerda bir nechta mutaxassislarning fikri jamlangan-da. Qolaversa, rus tilida yozilgan. Hozir biz buning qaysi biri qaysi qismiga javob berishini bilmaymiz. Oldindan aytib o‘tmoqchimanki, [xulosalarimiz davomida] ularda xatoliklar kuzatilyapti. Shuni aniqlashtirmasak, bu [ishga] juda ta’sir qiladi deb hisoblaymiz.

Sudya: Bo‘ldi, Hilola G‘aytartovnani tushdan keyin imkon qadar taklif qilamiz, bo‘ladimi?

Advokat: Bo‘ladi.

Boshqa advokat: Kamchilik kamomadlari bo‘yicha buxgalter Saodat opa Shukurovani guvoh guvoh sifatida chaqirishingizni so‘raymiz.

Sudya: Bizga nima aniqlik kiritadi?

Advokat: 205, 209-moddalar bo‘yicha qo‘yilgan kamomadning o‘zi bormi-yo‘qmi? Ular hisobdan o‘tganmi-o‘tmaganmi?

Sudya: Tushunarli. Iltimosnoma bo‘yicha fikr. Marhamat, prokuror.

Prokuror: Topilmagan, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar deb aytyaptilar-ku.

Sud zalidagi advokatlar va sudlanuvchilar bir ovozdan iltimosnomani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Sudya: Muhtaram sud ishtirokchilari, sud ajrim qilib, iltimosnomani rad qildi. Asosni eshiting. Birinchidan, jinoyat ishi hujjatlari hammasida mavjud. Bu bo‘yicha ortgan dorilarni ortib qolsa, nima qilish to‘g‘risida ham hujjat turibdi. To‘g‘ri-noto‘g‘riligiga sudning o‘zi baho beradi. Shuning uchun buxgalterning “yuridik tomondan mana bunaqa qilish kerak ekan” degan tavsiyasiga muhtoj emas. Bu bo‘yicha savol-javoblarda ham tushuntirishlar berildi. Ortgan dori davlatga ketishi kerakmi degan masalada qabul qilingan qaror bor. Shundan kelib chiqib, sud kvalifikatsiya to‘g‘ri-noto‘g‘rligiga baho beradi.

Advokat Normurod Sobirov: Hurmatli raislik qiluvchi, himoyam ostidagi J.E. bo‘yicha qo‘llanilgan qamoq chorasiga o‘zgartirish berishingizni so‘rayman.

Ma’lumot uchun, “Dok-1 Maks” ishini ko‘rib chiqayotgan sudning 2023-yil 22-sentabr kuni davom etgan majlisida “Kuraraks” dori vositasini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha 33 ming dollar oldi-berdisida vositachilik qilgani aytilgan ayblanuvchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, sudlanuvchi sud zalidan qamoqqa olingandi.

Sudya: Sud maslahatda ko‘rib chiqdi va ajrim chiqardi. Iltimosnoma qanoatlantirilmadi. Bizga jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy kirim bo‘lgan DXXning xati turibdi. Men uni bir o‘yladim, so‘rov berib, “Nima bo‘ldi ekan?” degan masalani ko‘taraymi dedim-da. O‘zi indamay turgan holatni men qo‘zg‘ab qo‘yamanmi, degan fikr bo‘ldi o‘zimda ham. Hozir iltimosnoma kiritib, yaxshilik qilish o‘rniga yomon narsaga duchor bo‘lmaylik, degan narsa bo‘ldi. Ham o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblayapti. Shuning uchun biz barvaqt degan to‘xtamga keldik. Hali jinoyat ishini tezroq ko‘ramiz, degan masalaga kelyapmiz. O‘sha davrga kelib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan-qo‘zg‘atilmaganini rasmiy tartibda bilib, keyin to‘xtamga kelamiz.

Guvoh Mahfuza Amirova ko‘rsatmasi

Advokatlardan biri tomonidan kiritilgan iltimosnomaga ko‘ra guvoh sifatida Mahfuza Amirova sud zaliga yetib keldi.

Guvoh Mahfuza Amirova 1988-yil Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Farmakologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlaydi.

Sudya: Umumiy holat bo‘yicha 21 ta dori vositasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha sudlanuvchi A.A ko‘rsatma berib o‘tgan. 2022-yil dekabr oyida bo‘lgan ekan. O‘sha bo‘yicha qisqacha gapirib o‘ting.

Guvoh: 2022-yil dekabr oyida, adashmasam, 25 yoki 26-dekabrdamidi xat “registratsiya” bo‘limidan bizga tushgan. O‘sha vaqtda rais o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotganimga bir hafta bo‘lgandi. Bu hujjatlarni o‘zim tekshirmoqchi bo‘ldim. O‘sha yerda uzoq yillardan beri birga ishlayotgan ekspertlar bilan birgalikda tekshirganmiz. Shunda bir emas, 20 ta hujjatga e’tiroz bo‘lgan.

2022-yil 2 ta yo‘llanma bilan preparatlar doselarini qabul qilganmiz. Bularni ekspert qilgan jarayonimizda “dokumentlar”da yetarlicha hujjatlar bo‘lmaganligi, “priznaniya” yo‘li bilan topshirishga to‘g‘ri kelmasligini aniqlaganimizdan keyin men to‘g‘ridan-to‘g‘ri A.A.ga murojaat qilganman. Bu yo‘llanmalar bilan birga A.A. qonuniy yondashishimni aytib o‘tgan.

Qonuniy yondashishim faqat xat asosida kelgan yo‘llanmalarni ilova qilgan holda kamchiliklarni ko‘rsatib, Registratsiya bo‘limiga xat bilan murojaat qilganman. 29-dekabrda kamchiliklari, doselari keltirilgan chiqish xati Farmakologiya qo‘mitasidan chiqib ketgan. Doselarini, papkalarini berishim kerak edi. Yo‘qolib qoladi deb o‘ylab, bermaganman. 2023-yili 3-yanvar kuni DXXdan kelganlar papkalarni olib ketgan.

Sudya: [Ular] olib ketganining ichida hujjatingiz bormi?

Guvoh: Yo‘q, akt qilib olishgan. U balki rahbariyatda turgandir. Shaxsan mening qo‘limga berishmagan.

Sudya: Papkangizni bering.

Guvoh sudyaga papka taqdim etdi.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Mahfuza opa, sizning xizmat vazifalaringizga nimalar kiradi? Shuni aytib o‘tsangiz.

Guvoh: Funksional vazifamga ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini nazorat qilish, “registratsiya” jarayonidagi dori vositalarini xodimlardan keyin yana bir karra tekshirib va ularning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirish kiradi.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Dekabr oyida “naznacheniya” bo‘lganman deyapsiz. Nima sababdan o‘sha lavozimga qo‘yilganingiz, nima sababdan Farmakologiya qo‘mitasi xodimlari rotatsiya qilib tashlaganini tushuntirib bersangiz.

Guvoh: Rotatsiya qilingani to‘g‘ri. Adashmasam, 9-dekabrda edi. Undan oldin rotatsiya qilingan bo‘lsa ham buyruq menga shu kuni chiqqan. “Registratsiya” jarayonida uzoq yillar, 10−15 yildan beri faqat bitta lavozimda, faqat bitta funksional vazifani bajarib keluvchi xodimlar bo‘lgan. Ular “bolnichniy” [olganda] yoki xizmat safariga ketganda vazifasini hech kim qilmas, ochiq qolardi. Chunki ularning “zamena” ishlaydigan xodimi har doim bo‘lishi kerak edi. Ko‘pincha shunaqa holatlar bo‘lganki, ular bo‘lmasa, xatlar yoki topshiriqlar vaqtida bajarilmay qolgan. Registratsiya jarayonida sababsiz ko‘p turgan, sun’iy ravishda turgan preparatlar ham bo‘lgan. Yosh kadrlarga o‘rgatish, ustozlik qilish [an’anasi] bo‘lmagan. Shu [an’anani] yo‘lga qo‘yish maqsadida rahbariyat rotatsiya qilish, xodimlar almashtirishni lozim topgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hurmatli raislik etuvchi, javoblarini eshitib, bir izoh berib ketmoqchi edim. Aynan mana shu 21 ta preparat, menga qo‘yilgan 11 ta preparat ayblovi bo‘yicha cudlanuvchi S.S.: “Menga buni o‘tkazib yuborish uchun topshiriq berdi”, degan ko‘rsatma berganlar. Bu tuhmat. Sababi mana, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘yilgan, koordinatsiya qiladigan va nazorat qilish uchun mas’ul xodim belgilangan. Advokatim tomonidan ham o‘sha hujjatlar taqdim etiladi. Aynan bu hujjatlarning mas’ulligi Mahfuza Amirovaga yuklatilgan. Nazorat qilish ular tomonidan belgilangan bo‘lgan. Men S.C.ga bunday ko‘rsatma bermaganman.

Ikkinchi izoh. Mana “Wallace”ning uchta preparatini yuqorida xatda ko‘rib chiqdingiz. Agar ishlab chiqaruvchisi noto‘g‘ri yoki tegishli o‘rinda ekspertizadan o‘tmagan bo‘lsa, Farmakologiya qo‘mitasi tomonidan shunaqa tartibda hujjatlar qaytarilib, ekspertiza jarayoni to‘xtatilib, tadbirkorga yuborilishi kerak bo‘lgan. Shuni ham inobatga olishingizni so‘rayman.

Sudlanuvchi Sh. Sh. — guvohga: Farmakologiya qo‘mitasidan ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, masalani tan olish, “registratsiya”, hujjatlar ekspertlar kengashidan o‘tgandan keyin hujjatlarni arxivga qancha muddatda topshirasizlar?

Guvoh: Hozir bergan savolingiz mening funksional vazifamga kirmaydi. Javob bermaslikka haqqim bormi?

Sudya: Yo‘q.

Guvoh: Misol uchun, arxiv bilan o‘sha holatda men shug‘ullanmaganman. Lekin…

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Boshqa xodim tomonidan topshirilishidan xabaringiz bormi?

Guvoh: Yo‘q. Men hech qachon uni nazorat qilmaganman. U mening vazifamga kirmaydi.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Kamchilik xat berilgandan keyin, tadbirkor pul to‘lab bo‘lgandan keyin, tadbirkor kamchilikka 862-farmon bo‘yicha 15 kun ichida javob berishi kerak, to‘g‘rimi? Agar javob bermasa, bir tomonlama yopiladi. Qanday hujjatlarni qaytarishingiz kerak? Biror joyda yozilganmi? Adashmasam, pul yopilsa, Farmakologiya arxivga topshirishi kerak.

Guvoh: Yozilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: 15 yil davomida deyapsiz, kamchilik topilgandan keyin 25−30 yil davomida ham ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga hujjatlar qaytarib berilmagan. Bu asos bo‘lib turib, papkada tikilib, arxivga topshirilib, puli bir tomonlama yopilgan. Hurmatli raislik qiluvchi, hozir Mahfuza opa aytganlaridek kamchilik bo‘lgandan keyin tadbirkorga kamchilik xati yuborilishi kerak. Kamchilik xati Farmakologiya qo‘mitasidan Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limida beriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi hech qachon hujjatlarni qaytarib olmagan. Bunga haqqi ham, vakolati ham yo‘q.

Guvoh: Xo‘p, siz xatni berganmisiz o‘shanda?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Men sizga bermagansiz demayapman. “Wallace”da…

Guvoh: “Wallace” bilan men ishlamaganman.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Yo‘q, sizga aytmayapman, Mahfuza opa. Sizdan oldingi boshqa [guvohlar] kamchilik xati berilmaydi deganiga qo‘shimcha qilib ketyapman. Sizga [e’tirozim] yo‘q. Shunchaki aniqlik kiritib ketyapman.

Sudlanuvchi S.S. ko‘rsatmasi

Sudya: Sudlanuvchi S.S., keling. [11 ta preparat ayblovi bo‘yicha S.C.ga] ko‘rsatma bermaganman deyaptilar, nima deysiz?

Sudlanuvchi S.S.: Ushbu ekspertiza jarayonlari natijasi bilan men o‘zim tanishib chiqqanman. Bu ekspertlar kengashida muhokama qilinmagan. Ekspertiza jarayonining o‘zida kamchiliklari aniqlanib bartaraf qilinishiga va ushbu holatda, ya’ni tan olish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi rad qilinishi bo‘yicha shunaqa bildirgi yozilgan. Men Amirovaning ko‘rsatuvlarini tasdiqlayman.

Sudya: Sizga [11 ta preparat]ni o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bo‘lganmi?

Sudlanuvchi S.S.: Bu bo‘yicha uchta dorining o‘zida ham bo‘lgan. Bu bo‘yicha ham suhbat bo‘lgan. Dorining o‘tkazilishi kerakligi to‘g‘risida. Lekin biz bu narsani qat’iy rad qilishga olib chiqqanmiz. Ammo adashmasam, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha guvohnoma bunga rasmiylashtirilmagan. Va ekspert kengashiga bu narsa olib chiqilmagan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hozir Mahfuza opadan so‘ragan savollarimning javoblarini eshitdingiz. Raislik qiluvchiga ham, advokatlarga ham keraklicha javob berdingiz. Agar qonun doirasida ishlagan bo‘lsangiz, qanday tushunish mumkin? Mana, hozir aytyapsiz, kamchilik bo‘lgandan keyin kamchilik xatlari Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga topshirilgan. Kamchilik xatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limidan keyin tadbirkorlarga berib yubordingiz, to‘g‘rimi? Ikkinchi munosabatda esa “Ekspertlar kengashiga chiqardim, hujjatlarni qaytarib berdim, kamchilik xati yozish shart emas, ekspertlar kengashida ko‘rib chiqaman”, dedingiz.

Bu yerda ikki xil ko‘rsatma bo‘lyapti. Men shunchaki haqiqatni so‘rayapman, sizga aybdorsiz demayapman. Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limini nega bu darajada ayblayapsizlar, tushunmayapmanu, bundan oldingisi ham, bundan keyingisi ham hozir ko‘tarib chiqsangiz, hammasiga kamchilik xati yozilgan. Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi ham olgan kamchilikni yozib bergan. Shu asos bo‘yicha senga (tadbirkorga — tahr.) 45 kun, 15 kun vaqt, agar qilib berolmasang, bir tomonlama yopiladi. Ertaga prokuratura, Adliya kelganda yopilishiga asos bo‘lishi uchun o‘sha xatlar tikiladi. Farmakologiya qo‘mitasi sizdan oldin ham, sizdan keyin ham hujjatlar qaytarib bermaydi. U asos bo‘lib qolishi uchun arxivga topshiriladi.

Siz bu yerda ikki-uch xil ko‘rsatma beryapsiz-da, faqat to‘g‘ri tushuning, men sizni aybdor demayapman, lekin o‘zingizning ko‘rsatmangiz ikki xil bo‘lyapti. Nega bittasiga xat yozyapsiz-da, kamchilik xatiga rasman chiqib ketyapti, ikkinchisiga yozilmayaptiyu, Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga vaj qilib qo‘yyapsiz?

Sudlanuvchi S.S.: Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limini yoki boshqa bo‘limlarni aybdor qilish mening vazifam emas. Men Yaratgandan faqat aybsizlikni so‘rayman. Hech qaysi ko‘rsatmam, gapimda sizlarni aybdor qilgan joyim yo‘q.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Ko‘rsatma bo‘yicha javob bering, bo‘ldi.

Sudlanuvchi S.S.: Gapingizga javoban aytyapman-da. Ushbu holatda hali ekspert kengashiga olib chiqilmagan. Xatning qat’iy ravishda o‘zimizning tarafimizdan berilishi ekspert kengashiga olib chiqilmasligiga yo‘l qo‘yish edi. Endi haligi uchta bo‘yicha savolga javobni berganman. Men yana qaytarib o‘taman, bu ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limining aybi emas. Bu 365-[qaror]da yozilgan narsa, xat bilan olib chiqilishi kerak edi. 862-[qaror] bo‘yicha o‘zingiz o‘qigansiz-ku, biz o‘shandan muhokamaga olib chiqqanmiz. Bu savolga javob ham ko‘p marta berilgan. Bir marta emas, ikki marta muhokamaga olib chiqilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Takror gapni eshityapman. Hozir raislik qiluvchi tushunishi uchun [aytaman], ikkita bir xil dori, ikkita bir xil kamchilik [bor-da], bittasini bermayapsiz-da, Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga vaj qilib beryapsiz, ikkinchisiga kamchiliklar berilyapti, tadbirkorga yuborilyapti.

Sudlanuvchi S.S.: Maqsad — qat’iy ravishda uni ekspert kengashiga olib chiqmaslik, ushbu dori vositalarini qat’iy ravishda rad qilishini so‘rash bo‘lgan. Shuning uchun biz bildirgi yozishga majbur bo‘lganmiz.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Xatni bersangiz bo‘lardiyu.

Sudlanuvchi S.S.: Qaysi xatni?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: 862 bo‘yicha kamchilik xati yozib berishingiz kerak edi

Sudlanuvchi S.S.: Nima bo‘yicha? Dorilar bo‘yichami?

Sudlanuvchi Sh.Sh: Siz ko‘rsatgan dori bo‘yicha. Mana hozir Mahfuza opa kelganlarida ham aytdilar. Kamchilik chiqdi, kamchilikni biz tadbirkorga yozib yubordik. Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi 862-qaror bo‘yicha tadbirkorga “15 kun ichida to‘g‘rila, to‘g‘rilamasang, yopiladi” degan xat chiqarib yuboradi, deyaptilar. Men shuni aytyapman: nega bo‘lmasa ikkita bir xil doriga ikki xil xat yo‘nalish bo‘lyaptiyu, oxirida biz aybdor bo‘lib qolyapmiz?

Bir narsani tushuntiring. Hujjatlarni qaytarganmisizlar? Farmakologiya qo‘mitasi “registratsiya”si shu 15−20 yillik tajribada ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga hujjat qaytib ketganmi, yo‘qligini ko‘rsata oladimi?

Sudlanuvchi S.S.: Mening tajribam bir yarim yillik bo‘lgan. Bu vaqt ichida ko‘p narsalarni rad qilishga olib chiqqanmiz. Takliflar berilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga qaytib ketganmi?

Sudlanuvchi S.S.: Ushbu holatda bizning yozishuvimizning asosiy [maqsadi] — uchta dori bo‘yicha holat qaytarilmasligining oldini olish bo‘lgan. Judayam yuqori ishonch bilan aytaman, ushbu bildirgining yozilishi va qat’iy ravishda olib chiqilishi ham sizlarning xat yozishingizga, tergov jarayonining boshlanganligi ham ushbu holatning rad etilishiga asos bo‘lgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Aka, sizga o‘zingiz uchun bir yangilik aytaman. Jinoyat ishida turibdi. Siz qilgan bildirgi biror sanasiz, tergov ishi boshlangandan keyin qilingan.

Sudlanuvchi S.S.: Qaysi bildirgini gapiryapsiz?

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Farrux Tolipov bilan qilgan bildirdingiz. Aynan “Wallace” bo‘yicha bildirgi qildirganman degandingiz.

Sudlanuvchi S.S.: “Wallace” o‘zining paytida tushgan.

Sudlanuvchi: Nima uchun sanasi yo‘q? Bildirgi shablon bo‘ladi.

Sudlanuvchi S.S.: Ehtimol, sanasi o‘sha paytda yozilmagandir. Lekin o‘zining vaqtida bu narsa aytib o‘tilgan, o‘zining vaqtida olib chiqilgan.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hurmatli raislik qiluvchi, men o‘zimning savolimga javob olmadim. Ashyoviy dalil masalasida bildirgining sanasini ko‘rsa bo‘ladi. Hamma bildirgilar, hamma ko‘rib chiqilgan hujjatlar, aynan “Wallace”da ham qilingan bildirgini tergov ishlari davomida bularning o‘zi qilib bergan. Sana, oy, yil ko‘rsatilmagan. Ikkalasi bir xil dori bo‘lsa ham ikki xil ko‘rsatma berib tuhmatni menga qoldirib ketishyapti. Marhamat, 15−20 yilning ichida papkani qaytargan bo‘lsalar, taqdim qilishsin. Mening sizga e’tirozim yo‘q. Shunchaki menda qolib ketishi noto‘g‘ri.

Ikkinchi savolim: o‘sha payt mana bu narsalar paydo bo‘lganda rosti, mana, tepada Xudo, Sarvar degan xodim tan olish bo‘yicha shartnoma qiladi. Qaytarib o‘taman “Wallace” dori vositasi shartnomasida mening xonamga olib kirilmagan, mening imzoyim yo‘q. Mayli, bunga ham ko‘z yumib turibmiz.

Sizga, ekspertlar kengashiga chiqib, shartnomani tan olish bo‘yicha “Agar Farmakologiya ekspertizani o‘zi qilsa, o‘ziga [olib qo‘yarkanmi?]”, deb xonangizda aytganmanmi? Hech bo‘lmasa, shuni ayta olasizmi? Farrux Tolipov xonangizda o‘tirganda men xonangizga kirdim, Irina opa o‘tirganda, “S.S. aka, sizning amaliyotingiz katta. Mana shu schyot-fakturani ekspertlar kengashiga chiqarib oling. Menda baza yo‘q”, deb aytganmanmi? Xonangizda bo‘lgan narsani aytyapman.

“Ekspertlar kengashiga chiqib ko‘rsataman”, degansiz. “Men olib tashlang deb Sarvarga aytdim, Xudo xohlasa, bir oy ichida, tan olishni Farmakologiya o‘zining bo‘yniga oladi. Menda qolib ketmasin, menda baza bor-yo‘qligini ko‘raman faqat”, deb aytganman. Men shunchaki haqiqatni so‘rayapman, sizda yolg‘on axborot berishingizni so‘ramayapman. Shu narsa bo‘lganmi?

Sudlanuvchi S.S.: Men shu paytgacha yolg‘on ko‘rsatma bermadim.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Shu narsa bo‘lganmi, yo‘qmi?

Sudlanuvchi S.S.: Bildirgi bo‘yicha holat ekspert kengashiga olib chiqilgan. Sanasi yozilmagan bo‘lmasa ham, o‘sha bildirgidagi mazmunlar hammasi qaytarilgan. Bu “zapisda” ham, tergov materiallarida ham [aytildi]. Bu hech bir keyingi yoki oldingi holat bilan bog‘liq bo‘ladigan narsa emas. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, Farmakologiya qo‘mitasi o‘zining vazifasini bajardi, ekspertlar o‘zining ishini qildi. Ekspertiza natijasida bor kamchiliklar aniqlandi va bu ekspert kengashiga olib chiqildi.

Sudlanuvchi Sh. Sh.: Hurmatli raislik qiluvchi, men aniq savolimga javob olmadim. O‘zim sizga qo‘shimcha sifatida aytib o‘taman. Bu narsa paydo bo‘lishidan oldin bir necha bor men oldilariga kirganman. Guvohlik bo‘yicha tan olish bo‘yicha shartnomani qilib bergan xodimim, Farrux Tolipov va S.S. akaning o‘zlari bo‘lganlar. Oldilariga kirganman-da, “Agar bo‘lmasa ekspertizani bering yoki ko‘rib chiqing, menga bu shartnoma kerak emas, men ko‘rolmayman bu narsani”, deb aytganman. Shartnomada mening imzoyim yo‘q.

Mana bu ikki xil dorini o‘zingiz ko‘rib chiqishingiz mumkin: ikkita bir xil dori ketyapti, ikkita bir xil kamchilik chiqyapti, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi 862-qarordan chiqmagan, qonun doirasida ko‘rib chiqqan, ekspertiza uchun chiqarib yuborgan kundan keyin bittasiga xat kelgan, ikkinchisiga kelmagan. Men kelmaganiga javob bermayman. Menga “Mana bu hujjatlarning kamchiligi bor. Sen nimaga kamchilik yozmagansan?”, deb ayblov qo‘yilyapti. Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limining hech qanaqa rasmiy sayt ham yo‘q. U faqat notarial hujjatlar bor-yo‘qligini ko‘radi, xolos. Men qonun va qonunosti hujjatlari bilan ishlaganman. Iltimos, shuni inobatga olishingizni so‘rayman.

Sudlanuvchi A.A.: S.C.aka, bitta narsa qiziq bo‘lyapti, mana shu uchta “Wallace” preparati bo‘yicha tergov paytida, suddagi tergov paytida, guvohlar kelib ko‘rsatma berayotganda va boshqa jarayonlarda ham shu uchta preparatni o‘tkazib yuborsin deb topshiriq bergan deb aytmadingiz. Ko‘rsatmalaringizda shu narsa yo‘q-da. Hozir 11 ta preparatni siz “o‘tkazib yuborgin” deb aytgan gapingizning yolg‘onligini mana shu guvoh bilan keltirib berganimdan keyin siz shu yerda hozir qo‘shimcha ravishda “uchta preparatni ham o‘tkazvorgin”, deb ko‘rsatma bergan deb aytyapsiz. Shunga qanaqa izoh berasiz?

Sudlanuvchi S.S.: Bu narsa bo‘yicha sizning ko‘rsatmangiz borligi to‘g‘risida gap bo‘lgani yo‘q. Bu dori vositasi bo‘yicha suhbat bo‘lgan va suhbatga javoban men bu dori vositalarining talabga javob bermasligini va tan olish bo‘yicha o‘tmasligini aytganman. Shu suhbatni o‘zingiz eshitgansiz.

Sudlanuvchi A.A.: Yo‘q, siz “O‘tkazib yuborish bo‘yicha ko‘rsatma bergan”, deb aytdingiz-da. Bu yoqda “zapis” ham ketyapti. Endi sud o‘zlari ham eshitadilar. Men shunchaki qiziqtirayotgan narsa shu: 3 ta, 11 ta preparat bo‘yicha men topshiriq bermaganimni bilaman. Shuning uchun guvohni chaqirdik.

Sudlanuvchi S.S.: Har safar siz savol berayotgan vaqtizda ushbu dori vositalarini “nima bo‘ldi, nima qilindi, nima holat bo‘ldi”, degan savolni berardingiz.

Sudlanuvchi A.A.: Hurmatli raislik etuvchi, ko‘rsatmalarga o‘zingiz baho berishingizni so‘rayman. Rahmat.

Advokatlardan biri: Hozir siz suhbat bo‘lgandi deyapsiz. Bu suhbatda kim-kimlar ishtirok etgan?

Sudlanuvchi S.S.: Aniq eslolmayman. Lekin A.A. bilan shu bo‘yicha suhbat bo‘lgan.

Advokat: Qayerda bo‘lgan?

Sudlanuvchi S.S.: Unisini ham aniq eslolmayman. Lekin bu holat bo‘yicha “Aniq nima bo‘ldi?” deyilgan savol qo‘yilgan.

Advokat: Qachon bo‘lgan?

Sudlanuvchi S.S.: Ekspertiza yakunlanib, ekspert xulosalari yozilishi arafasida bo‘lgan. Lekin doselar o‘sha payt tekshirilib, hammasi bo‘yicha o‘sha payt kamchilik aniqlangan.

Advokat: Qachon bo‘lgan? Oyini ayting.

Guvoh: Men oyini, kunini ham aniq eslolmayman.

Ekspert Eleonora Pak ko‘rsatmasi

Eleonora Pak — Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi bosh eksperti. Kimyogar, 10 yillik tajribaga ega ekspert.

Ekspert o‘tkazgan tadqiqotlari va aniqlangan natijalarini aytib o‘tdi. DXX tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan “Ambronol”, “Dok-1 Maks” siroplarining tarkibi o‘rganishga berilib, unga “Dori vositasi tarkibida zaharli moddalar mavjudmi? Mavjud bo‘lsa, ushbu moddalar qanday moddalar ekanligi va miqdori aniqlansin”, degan savollar qo‘yilgan. Ekspert “Ambronol” tarkibidan detsilenglikol, glitserin, sorbitol, shakar, uglevodlar va ambroksol aniqlangani, “Dok-1 Maks” tarkibidan etilenglikol, limonen, detsilenglikol, mentol, glitserin, paratsetamol, sorbitol, benzoatlar, gvayfenozin aniqlaganini aytib o‘tdi.

O‘z o‘rnida advokatlar tomonidan tekshirish metodlari, moddalar miqdori, dori tarkibi, xulosalar to‘g‘risida savollar berildi. Ikki soatga yaqin davom etgan ushbu munozaraning avvalida advokatlar o‘zlarining savollariga javob olayotgan edi. Keyinchalik sudyaga bir qancha e’tirozlar ham bildirishdi.

Advokatlardan biri: Hurmatli sudya, bizga tarkib miqdori muhim. “Tarkibidan aniqlangan miqdor o‘limga olib keladimi yo‘qmi?” degan savolga javob kerak. Ekspert gapni aylantirib olib qochyapti.

Sudya: Sud baho beradi

Advokatlar savollarini yana davom ettirdi. Ekspert ayrim savollarga javob berish o‘zining vazifasi emasligini aytib o‘tdi.

Advokatlardan biri: Buning kimyoviy tarkibi ishlab chiqaruvchi tomonida “zayavleniye” bo‘lib turibdi. “Zayavleniye” bilan ular o‘zi haqiqatdan bor-yo‘qligini, kompaniya sifatida [faktni] baribir tekshirib ko‘rish shartli deb hisoblayapti. Hozir shu nuqtai nazardan savol berilyapti. Va bu ekspertizaga taalluqli.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik etuvchi, ushbu ekspertni qasddan savollarga javob bermayotganligi va yolg‘on ko‘rsatma berayotganligi uchun ishonchsiz ekspert deb topishingizni va bizga boshqa ekspert taqdim qilishingizni so‘raymiz. Hamma savollarga kompetensiyamga kirmaydi deb qasddan noto‘g‘ri javob beryapti. Shuning uchun ekspertni suddan chetlashtirishingiz va boshqa ekspert chaqirishingizni so‘raymiz.

Bu iltimosnomaning muhimligi nimadan iborat? Sud tergovi davomida hammamizga ma’lum bo‘ldiki, Yevropa farmakopeyasiga asosan etilenglikol yoki detsilinglikolning o‘sha preparatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan, belgilangan miqdoriy normasi bor. Shuning uchun hozir miqdor aniqlanishi kerak. Haqiqatdan o‘sha miqdordan oshganmi, yo‘qmi? Shu savol atrofida yarim soatdan beri aylanyapmiz. Eskpert esa qasddan javob bermayapti.

Sudya: Aynan qayeri? Sizning qaysi savolizga [javob bo‘lmadi]?

Advokat: Deyarli hamma savollarga kompetensiyamga kirmaydi deb javob beryapti. Shuning uchun ekspert sifatida chetlatishingizni so‘rayman.

Sudya: Marhamat, iltimosnomani hal qilib olamiz. Prokurorimizdan fikr?

Prokuror: Advokatlar bergan savollariga advokatlar xohlagandaqa javob bermaganligi kompetentmasligidan dalolat bermaydi. Ekspert hamma savollarga o‘zining vakolat doirasidan kelib chiqib javob beryapti. Iltimosnomani rad etishingizni so‘rayman.

Advokat Mengliqulov: Hurmatli raislik etuvchi, prokurorimiz “Advokatlar xohlagan savollarga xohlagan javobni olmayapti”, deyaptilar. Mana hammamiz sud majlisi zalida o‘tiribmiz. Berilayotgan savol aniq. Tergov organi tomonidan mutaxassisga qo‘yilganidek, “Birinchidan, [dori tarkibida] haqiqatdan yot jismlar bormi, yo‘qmi? Bo‘ladigan bo‘lsa, uning miqdori haqida [ayting]”, deb to‘g‘ri savol berilyapti. Lekin hozir ekspertimiz javob berishdan bosh tortmoqda. Bizning kompetensiyaga kirmaydi deyaptilar. Bu aynan ximikning kompetensiyasiga kirmasa, kimning kompetensiyasiga kiradi? Lekin agar bo‘ladigan bo‘lsa, aynan tergov organi qo‘ygan savolga javob berilishi kerakmi, yo‘qmi? Shuning uchun iltimosnomani qanoatlantirishingizni so‘rayman.

Advokat Madaminov: Iltimosnomani qanoatlantirishingizni so‘rayman. Birinchidan, sud ekspertining xulosasiga qaraydigan bo‘lsak, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatiga sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunni havola qilyapti. Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunning 16-moddasida sud ekspertning majburiyatlari yozilgan. Bu majburiyatlarda uchinchi xatboshida, “Sud eksperti o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi kerak”, deb yozib qo‘yilgan. Hozir ko‘rib turibmiz, ekspertiza xulosasida holatga qarab turib 5−6 ta qisman moddalar aniqlanyapti, xolos. Bu [eskpertizaning] to‘liq o‘tkazilmaganligidan dalolat beradi. Bu — birinchidan.

Yana ekspert xulosasiga murojaat qilamiz. Xulosaning men ochgan varag‘i, 174-jildning 146-betida “Sintezlash qismi” degan joyidan keyin ekspert: “Ikkinchi va uchinchi savollar ekspertning, ekspert-ximiklarning vakolatiga kirmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 185-moddasi va “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, xulosa berolmaymiz”, deyapti.

Endi sud ekspertizasi, ya’ni bevosita bularning faoliyatini tartibga soladigan qonunning 24-moddasiga havola qiladigan bo‘lsak, u yerda quyidagicha norma kelyapti: “Xulosa berishning iloji yo‘qligi. Agar sud eksperti qo‘yilgan savollar uning maxsus bilimlari asosida hal qilinishi mumkinmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, yohud materiallarining yaroqsizligi, yoki xulosa berish uchun yetarli emasligi va ularni to‘ldirib bo‘lmasligi, yohud fan va sud ekspertlik amaliyotining holatda qo‘yilgan savollarga javob berishdan tortish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasi tayinlangan organga yuboradi”.

Bizda esa sud ekspertizasi xulosasiga yana qaytadan e’tibor beramiz, faqatgina shu moddaga havola qilyapti. Modda alternativ, ya’ni asoslarini sanab o‘tyapti. Bir-birini inkor qiluvchi asoslarni sanab o‘tyapti. Biz ekspertga bu savollarni bersak, nima deyapti? “Bu mening vakolatimga kirmaydi, bu mening vakolatimga kirmaydi”. Yaxshi, vakolatiga kirmasa, sud ekspertizasi xulosasida Kimyo bo‘limining nizomi bo‘lsa, o‘sha nizomning tegishli bandiga, o‘zining xizmat yo‘riqnomasining tegishli bandiga havola qilib, “Bu mening vakolatimga kirmaydi”, deb yozishi kerak edi. Qonuniy normasini emas.

Ko‘rib turibsiz, modda kimyoviy ekspertiza uchun yuborilgan. Moddaning tarkibida zararli, zaharli modda borligini faqatgina kimyoviy ekspertiza yo‘li bilan aniqlash mumkin, xolos. Buning uchun ekspert “Ximtexnologiya”ni bitirish shart emas. Maktabdagi kimyo kursini bitirsak bo‘ldi. Kerak bo‘lsa, kimyo darsligini olib kelib beramiz.

Ekspertimiz esa mazkur holatda qasddan javob bermayapti, javob bermaslik holatini asoslantirmayapti. Aniqlagan moddalari mana bu yerdagi instruksiyadagi moddalar bilan to‘g‘ri kelish-kelmasligini ham aniqlamayapti. 16-moddani ham, 24-moddani ham buzyapti. Bunday holatda ekspertiza xulosasi ishonchsiz dalil bo‘lib qoladi. Shuning uchun iltimosnomani qanoatlantirishingizni so‘rayman.

Qolaversa, ekspert xulosasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu ekspertiza uskunalarda amalga oshirilgan. “Agilent technology”, bittasi [B]TR 64, bittasi GS… uyog‘i davom bo‘lib ketyapti. Ekspertiza xulosasining ilovasiga mazkur uskunalar sifat sertifikati ilova qilinmagan. Bu uskunalarning ekspertiza o‘tkazish uchun yaroqliligi ham so‘roq ostida turibdi.

Advokat Xudoyberganov: Hurmatli rais etuvchi, biz olamshumul narsani aniqlashga harakat qilmayotgandik. Maqsadimiz shu ekspertlardan o‘zining xulosasidagi biz tushunmay turgan holatlarga aniqlik kiritishni so‘rayotgan edik. Bu nafaqat bizga kerak, balki ertaga sudning ham maslahatdan oldin shu hujjatlarga asoslanib, yakuniy to‘xtamga kelishi kerak bo‘lgan joylari bor. Savollarni ham mantiqan, ham ona tili adabiyot [tarzidan] kelib chiqqan holda tushunarliroq berishga harakat qildik.

Ekspert esa baribir har savollarimizni rad qilib, o‘zining berganlarini etalon sifatida javobni o‘rtaga tashlayapti. Biz o‘shandan o‘tolmayapmiz. Bu holatda biz aniqlamoqchi bo‘lgan masalalar ochiq qolib ketyapti. Shuning uchun ham shu iltimosnomani qanoatlantirib berishingizni [so‘raymiz]. Bu yerda boshqa ekspertlar ham ko‘rsatilgan. Balki ularda aniqroq masalaga erisharmiz.

Advokat Saidov: Hurmatli rais etuvchi, mana qarang, ularning bergan javobi. Boya hamkasblarim aytganidek tarkibi haqida savol berilyapti. Ekspert esa “Menda bor bo‘lgan laboratoriya texnik hujjatlar asosida tarkibi beshta moddadan iborat”, deyapti. Bo‘lmasa shunaqa deb ko‘rsating edi. “Menda bor bo‘lgan hujjatlar laboratoriyasi asosida faqat besh xildagi moddalar kelib chiqdi”, deyapsiz. Qolgan 10 tasini ko‘rsatmayapsiz. Bu yerda haqiqatdan ham o‘zining bergan ko‘rsatmasiga o‘zi noto‘g‘ri javob beryapti. Shuning uchun bu advokatimizning iltimosnomasini qo‘llab-quvvatlayman.

Advokatlardan biri: Hozir so‘rab ko‘rish jarayonida ekspert bir narsaga e’tibor berib o‘tdi. Har bir olib kelingan suyuqlikning bir qismini olib tekshirish natijasida [tahlil] qilish imkoniyati borligini aytdi-da, lekin miqdorni aniqlash imkoniyatini aytmadi. Ish bo‘yicha miqdorni aniqlash jinoyat ishiga judayam taalluqli bo‘lgani sababli va propelinglikol tarkibida etilenglikol mavjudligi bundan oldingi ekspertlar tomonidan ham aniqlangan. Lekin ular ish bo‘yicha aybdor sifatida jalb qilinganini inobatga olib, ular nomaqbul dalil bo‘lishini nazarda tutsak, boshqa ekspertiza qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuning uchun, boshqa ekspertni jalb qilish kerak, deb hisoblayman va [hamkasbimizning iltimosnomasini] qo‘llab-quvvatlayman.

Sud zalidagi barcha advokatlar hamkasbining iltimosnomasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Sudlanuvchilarning uch nafari bu masalani sudga havola qilishini, qolganlari esa advokatning iltimosnomasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Sudya: Ish bo‘yicha ekspertni chetlatish masalasida sud o‘z o‘rnida ajrim qildi. Bu iltimosnoma rad etildi. Quyidagi asoslarga ko‘ra: ekspert xulosasini berib bo‘lgan. Hozir savol-javob qilyapmiz. Ekspert bergan xulosasining asosli yoki asossizligini o‘rganyapmiz. Buning uchun hozir ekspert xulosasi bergan ekspertni chetlatib qo‘yib, uning xulosasiga baho berish mantiqan to‘g‘ri kelmaydi.

Savol-javob qilamiz, kerakli savoliga javob ololmagan va qo‘shilmagan holatlarda sudga asoslangan fikr berilsa, sud ushbu ekspertiza xulosasining asosli-asosli emasligi, qo‘shilish-qo‘shilmasligini mustaqil hal etadi. Qonun talabi shunday. Marhamat, savollar bo‘lsa, savollarda davom etamiz.

Yana bir narsa, bizda laboratoriya mudirlari bor, so‘roq qilindi. O‘zi aslida bu moddaning tarkibida etilenglikol bo‘lishi kerak emas. “Bo‘lsa agar miqdori qancha?” [savoli]. Lekin bo‘lishi kerak emas degan fikr berildi. Shuni ham inobatga olinglar.

Yana advokatlar va ekspert, sudlanuvchilar va ekspert o‘rtasida savol-javob davom etdi. Advokatlar dori vositalari ustidan tekshiruv o‘tkazgan yana bir nechta mutaxassislarni sud zaliga taklif etish uchun iltimosnoma kiritishdi. Sud ularni taklif etish choralarini ko‘rishini aytib o‘tdi.