Yevropa Ittifoqi rahbariyati ishtirokchi mamlakatlarga Yevropa Ittifoqining Ukraina oldidagi uzoq muddatli xavfsizlik majburiyatlarini nazarda tutuvchi konsepsiyani taqdim etdi. Bu haqda hujjat loyihasini o‘rgangan Bloomberg agentligi xabar bermoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha quyidagi tamoyillarni o‘z ichiga oladi:

  • Ukrainaga “oldindan kutiladigan, samarali, barqaror va uzoq muddatli” harbiy yordam, Yevropa Ittifoqi mudofaa sanoatini safarbar qilish;
  • Ukrainaning kiberhujumlar va gibrid tahdidlarga, shuningdek, dezinformatsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish;
  • minalardan tozalash hududlarida yordam ko‘rsatish;
  • Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirishda yordam;
  • qurollarni nazorat qilish va ularning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda Ukrainaga ko‘maklashish;
  • yadro xavfsizligini ta’minlash;
  • razvedka ma’lumotlari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari almashinuvi.

Hujjatda aytilishicha, qurol-yarog‘ yetkazib berish Yevropa Tinchlik jamg‘armasi orqali davom ettiriladi, bu jamg‘arma Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hissalari hisobidan moliyalashtiriladi.

Yevropa Ittifoqi elchilari hujjat loyihasini shu haftada, blok yetakchilari esa dekabrda muhokama qiladi, deya qayd etadi Bloomberg. Konsepsiya Ukraina va G7 davlatlari bilan maslahatlashuvlarda ham qo‘llanadi.

G7-iyul oyida qo‘shma deklaratsiya qabul qilgandi, unda har bir davlat Ukraina xavfsizligi bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlarni olishga va’da bergan. Katta yettilik davlatlari Ukraina Qurolli kuchlariga hissa qo‘shish va tayyorlashda yordam berishga hamda Kiyevga moliyaviy, texnik va siyosiy yordam ko‘rsatishga va’da bergan.

Noyabr oyida boshida Yevrokomissiya Ukraina va Moldova bilan YeIga kirish muzokaralarini boshlashni tavsiya qilgandi.