O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi “Chilonzor Oqtepa” arxeologik yodgorligi yaqinidagi hududda qurilish ishlari olib borilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Tuman hokimligi barcha ishlar kelishilgan holda olib borilayotganini ma’lum qildi. Madaniy meros agentligi esa, o‘z navbatida, yodgorlikni obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, uning atrofi 3D panjara bilan o‘ralayotgani haqida xabar berdi. “Gazeta.uz” vaziyatni tahlil qilishga urinib ko‘rdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda nima deb yozishdi?

“Chilonzor Oqtepa” yaqinida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ilk xabar 14-noyabr kuni “Golos Djelsomino” Telegram kanalida paydo bo‘ldi. “Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan „Chilonzor Oqtepa“ arxeologik yodgorligi butunlay vayron bo‘lish va maishiy chiqindilarga to‘lish xavfi ostida! Yodgorlik yonida tushunarsiz qurilish ketmoqda — qurilayotgan obyektning pasporti yo‘q! Qimmatli tuproq qurilish maydonidan noma’lum yo‘nalishga qarab olib ketildi”, — deb yozdi blog muallifi.

Muallif o‘z postiga qurilish ishlarining fotosuratlarini ham ilova qilgan, ularda devor bilan o‘rab olingan maydonda poydevor uchun asos tayyorlanayotganini ko‘rish mumkin.

Keyinroq arxitektor Timur Nurulin Facebook`dagi sahifasida yodgorlik yonidagi yer uchastkasi qurilish uchun berilgani haqida xabar berdi.

“Afsuski, bugun biz ushbu hudud yodgorlik yaqinidagi qurilish uchun berilganini ko‘rdik. Bunday obyektlar uchun temir qalqon vazifasini o‘tashi va tegishli tuzilmalar tomonidan himoyalanishi kerak bo‘lgan qo‘riqlanuvchi zonalar buzildi, — deb yozdi u. — Toshkentning arxeologik yodgorliklarini asrab-avaylash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda, chunki shaharda faol qurilishi ishlari bo‘lmoqda. Lekin yerning har bir bo‘lagini o‘ylamasdan sotaverish mumkin emas, bu auksion emas. Bu tarix, tarix esa bebahodir”.

Ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, Shayxontohur tumanidagi “Katta Oqtepa” mahallasi aholisining shahar hokimiyatiga yodgorlik yaqinidagi hududda qurilishni to‘xtatib, buning o‘rniga dam olish uchun “yashil hudud” tashkil etishni so‘rab qilgan murojaati ham tarqaldi.

“0,3 gektar maydondagi bu hududni bizga berishingizni so‘raymiz, biz uni o‘z kuchimiz bilan kattalar va bolalar dam oladigan go‘zal yashil maskanga aylantiramiz. Shu bilan bir vaqtda, sayyohlar va shahar mehmonlari ziyorat qiladigan arxeologik obida oldida yashil burchak yaratib, shahar magistralining bir qismi obodonlashtiriladi”, — deyiladi murojaatda.

Shayxontohur tumani hokimligining javobi

Shayxontohur tumani hokimligi matbuot xizmatining 16-noyabr kuni bergan xabariga ko‘ra, Toshkent shahri Qurilish bosh boshqarmasi 2021-yil 5-oktabrda Darvoza Savdo kompaniyasiga bu hududda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish binosi qurishga ruxsatnoma bergan.

Xabarda aytilishicha, bosh boshqarma Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi (200-sonli) qaroriga asosan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini (ART, qurilishdan oldin olinishi kerak bo‘lgan normativ hujjatlardan biri — tahr.) ishlab chiqqan hamda Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2023-yil 21-sentabrdagi xulosasi bilan eskiz loyiha xujjatlari kelishilgan.

“Eskiz loyiha hujjatlari kelishish jarayonida Madaniy meros agentligi Toshkent shahri madaniy meros boshqarmasining hulosasi va Milliy arxeologiya markazining ko‘rsatma xatida belgilab o‘tilgan „Chilonzor Oqtepa“ arxeologiya obyektining muhofaza hududi inobatga olingan”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Madaniy meros agentligi munosabati

Madaniy meros agentligi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga javoban mazkur obyektda agentlikning o‘z mutasaddilari, shahar Madaniy meros boshqarmasi va OAV vakillari ishtirokida “o‘rganish ishlari” olib borilganini ma’lum qildi.

“Natijada arxeologik yodgorlik atrofini 3D panjara bilan o‘rash ishlari olib borilayotgani aniqlandi va ishchi guruh a’zolari tomonidan obyektda obodonlashtirish ishlari tashkil etilib, hudud chiqindilardan tozalandi”, — deyiladi xabarda. Bayonotda yodgorlik yaqinidagi hududda qurilish ishlari olib borilayotgani haqida hech narsa aytilmagan.

oktabr oyida “Gazeta.uz” “Chilonzor Oqtepa” va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi yana to‘rtta arxeologik yodgorlikda ochiq osmon ostidagi muzeylar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqida yozgandi. Buning uchun davlat budjetidan 500 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Agentlik matbuot xizmati ishlar 2024-yil oxirigacha davom etishini ma’lum qildi.

“Hudud axlatxonaga aylangan”

“Gazeta.uz” muxbiri Toshkent shahri Madaniy meros boshqarmasiga “Chilonzor Oqtepa” yaqinida bo‘layotgan qurilish masalasiga oydinlik kiritishni so‘rab murojaat qildi. Boshqarmaning ma’lum qilishicha, 2023-yil 20-aprel kuni Makro savdo tarmog‘iga egalik qiluvchi Darvoza Savdo kompaniyasi agentlik huzuridagi ilmiy-ekspertlik kengashiga savdo nuqtasi va avtoturargoh uchun yengil konstruksiya qurish bo‘yicha taklif loyihasini kiritgan.

Qurilish boshlanishidan avval — 2023-yilning iyun-iyul oylarida Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari The Tower FMG MCHJ bilan tuzilgan shartnoma asosida (Nurafshon va Chig‘atoy ko‘chalari chorrahasida joylashgan Shahar Outlet savdo markazi loyihasini olib boradi) “Chilonzor Oqtepa” yodgorligi hududida uning muhofaza zonasini aniqlash maqsadida rekognossirovka arxeologik ishlarini olib borgan.

Hududda olib borilgan ishlar davomida VII-X asrlarga oid sopol idishlarning bir nechta parchasi va 10−13 metr masofada yodgorlikning qadimiy madaniy qatlami topildi, deyiladi MAM hisobotida (hujjat tahririyatda mavjud). Buni inobatga olgan holda, yodgorlikning muhofaza zonasi kengligi 15 metrga atrofida qilib belgilangan.

Hujjatda, shuningdek, yodgorlik “o‘zining asl qiyofasini yo‘qotgani” va uning hududi so‘nggi 30 yil ichida “mahalla aholisi uchun chiqindixonaga aylangani” qayd etilgan. Qurilish va maishiy chiqindilardan tashkil topgan tuproq qalinligi 2−3 metr hisoblanadi.

Foto: Hisobotdan skrinFoto: Hisobotdan skrin

“Chilonzor Oqtepa” yodgorligi haqida nimalar ma’lum?

“Chilonzor Oqtepa” manzilgohi — eramizning VI—XII vv.a X-XI asrlariga oid arxeologik obyekt. Yodgorlik umumiy maydoni 60×75 kvadrat metr bo‘lgan qo‘shni aholi punkti qoldiqlarini ham o‘z ichiga oluvchi, taxminan 15 metr balandlikdagi tepalik hisoblanadi. Muhofaza qilinadigan hududning umumiy maydoni 2850 kvadrat metrni tashkil qiladi.

obyekt to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat kadastrlarining yagona tizimiga kiritilgan bo‘lib, u davlat mulki hisoblanadi. Yodgorlik Toshkent shahri Madaniy meros boshqarmasi balansida.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Chilonzor Oqtepa” madaniy meros obyekti sifatida moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining milliy ro‘yxatiga kiritilgan.