O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida Toshkent shahrida qish mavsumiga tayyorgarlik haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moliga kunlik cheklovlar joriy qilingan.

“Respublika hududida kuniga 10−16 million kVt/soat, anomal sovuq kunlarda esa 20 million kVt/soatgacha cheklovlar kiritildi. Toshkentda [energiya ta’minoti bilan bog‘liq] qanday muammo bor edi? Tabiiy gaz bosimi tushib ketishi oqibatida, ya’ni isitish imkoniyati bo‘lmaganidan keyin ko‘pchilik elektr energiyasini [isitish uchun] yoqdi. So‘ng yuklamani ko‘tara olmay, sim yondi, transformatorlar yondi, podstansiyalarda avariyalar holatlar bo‘ldi”, — dedi u.

Vazir prezidentning 2023-yil 11-martda (PQ-91) qabul qilingan qaroridan ko‘zlangan asosiy maqsad, ayniqsa, Yunusobod va Olmazor tumanlaridagi yirik podstansiyalardan alohida kabellarni boshqa podstansiyalarga to‘g‘ri taqsimlash ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, aholi gaz ta’minoti tizimiga isitish markazlari (IM) ulangani sababli IM-3 va IM-5 uchun sanoat tarmog‘idan alohida gaz quvurlari tortib kelingan.

“Agar yirik stansiyalarda issiqlik ta’minotini saqlab turish uchun mazut yoqish imkoni bo‘lsa, bu qozonxonalarda gaz bosimi pasayganda bunday imkoniyat bo‘lmagan. Bu qozonxonalar to‘liq ta’mirlanib, mazut yoqishga ham ixtisoslashtirildi. Mazutni saqlash tizimlari yaratildi. Bugungi kunga qadar IM-3 va IM-5`da 2 ming tonnalik mazut zaxirasi yaratildi”, — dedi u.

Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor tumanida 51 ta ko‘p qavatli uy uchun pilot loyiha doirasida Amerikaning Caterpillar kompaniyasining gaz porshenli dvigatelli kogeneratsion bloki qurilgan bo‘lib, u hatto past gaz bosimida ham — 0,3 atmosfera va gaz bosimida ishlay oladi. U ham elektr, ham issiqlik ishlab chiqaradi.

Poytaxtning yana sakkiz tumanida bunday qurilmalarni qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolandi, deya qo‘shimcha qildi Energetika vazirligi rahbari.

“Yil oxiriga qadar Toshkent shahrida quvvati 664 MVt-amper va 110 kV kuchlanishli beshta podstansiya, shuningdek, 101 kilometr uzunlikdagi 35 — 110 kV elektr uzatish liniyalari foydalanishga topshiriladi, shuningdek, to‘rtta podstansiya rekonstruksiya qilindi, buning natijasida ularning o‘tkazish quvvati 129 MVt-amperga oshadi… 32,5 km kabellar zamonaviyroq qilib yangilandi”, — dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, anomal sovuq va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish algoritmi ishlab chiqilgan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi, gaz va issiqlik ta’minotisiz qoldirmaslik maqsadida yirik iste’molchilar (korxona, zavodlar) kerak bo‘lsa, ta’minotdan uziladi.

“O‘tgan yilning 22-noyabr holatiga IESlarimizda 46 ming tonna mazut zaxiramiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 340 ming tonnadan ortiq zaxiramiz bor. Ya’ni mazut zaxirasi qilindi, kafolatlangan gaz zaxirasi yaratildi. O‘tgan yili yerosti gaz saqlash omborlaridan ko‘pi bilan 18 million kub metr gaz olishimiz mumkin edi, bugun esa yangi qurilma — kompressor stansiyasi tufayli 40 million kub metrgacha gaz olishimiz mumkin”, — dedi u.

Energetika vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat dasturlari doirasida va mahalliy hokimliklar hisobidan energetika tizimini modernizatsiya qilish uchun davlat budjetidan 14 trillion so‘m sarflangan. Toshkent shahridagi ishlar uchun ham kredit mablag‘lari ajratildi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov boshqa hududlarda ham amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib, deputatlar savollariga javob berdi. Uning nutqi bilan bu yerda to‘liq tanishish mumkin.

O‘zbekistonda, jumladan, poytaxtda yuzaga kelgan energetika inqirozidan keyin prezident mart oyida “Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, 2023-yilda Toshkent shahrining elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 35 — 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 3,56 trillion so‘m kerak bo‘ladi. Yunusobod city, Tashkent city va boshqa hududlarda yangi podstansiyalar quriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan Shayxontohur tumanidagi obyektlarni qurish va ta’mirlash uchun 361,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.