Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Vazirlar Mahkamasining Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan, yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarni qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risidagi qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Chilonzor City zamonaviy turar joy majmuasini qurish rejalashtirilgan. Loyihani 2023−2024-yillar davomida amalga oshirish uchun yer uchastkalarining chegaralariga aniqlik kiritish, aniq hisob-kitoblar asosida loyiha ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish taklif etilmoqda.

Qurilishni moliyalashtirish respublika budjeti, tashabbuskor mablag‘lar va bank kreditlari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

“Bunyodkor” stadionining 5,5 gektar maydondagi avtoturargohida esa yana bir Smart siti (nomi hujjatga muvofiq berilgan) loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Tashabbus prezident qarori bilan tasdiqlangan loyihalar ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Qiymati 2 trillion 304 milliard so‘m yoki qariyb 200 million dollarga teng bo‘lgan majmua savdo markazi, mehmonxona, biznes markazi, IT markaz, ko‘p qavatli avtoturargoh va turar joy majmuasini o‘z ichiga oladi. Ko‘rsatilgan moliyalashtirish manbalari 400 mlrd so‘m tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari va 160 mln dollar xorijiy investitsiyalar va kreditlardir. Belgilangan ishga tushirish sanasi — 2025-yil 30-dekabr.

Loyiha tashabbuskori 2019-yil 16-iyulda ro‘yxatdan o‘tgan World Miral kompaniyalar guruhi hisoblanadi. Ustav kapitali — 8,15 mlrd so‘m. U bir vaqtning o‘zida bir nechta biznes yo‘nalishlari — ishlab chiqarish (maishiy kimyo, antiseptiklar, dezinfeksiyalash vositalari), konsalting, qayta ishlash, tashqi reklama, eksport va importni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, istiqbolli IT loyihalar bilan shug‘ullanadi.

Ta’sischisi — Mirabbos Farxodovich Aslanov. Kompaniya saytida uning davlat idoralarida va yirik korxonalarni boshqarish tizimida tajribasi borligi qayd etilgan. Orginfo.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, u bir qator kompaniyalar — Ali-Baraka-Fayz (sabzavot yetishtirish), Diganokim Solutions (sovun va yuvish vositalari ishlab chiqarish, tozalash va sayqallash vositalari), All4U-Tourism (turoperatorlik faoliyati) va boshqalarga egalik qiladi.

Umuman olganda, xizmat ko‘rsatish sohasida taqdim etilgan 40 ta loyihaning 19 tasi turar joy va biznes markazlari qurilishiga taalluqlidir. Ular Future Growth (ustav kapitali 380 mlrd so‘m), Greens Residences (238 mlrd so‘m), NRG Park (119 mlrd so‘m), Kinorica (107,1 mlrd so‘m), Long-Lived Buildings (60 mlrd so‘m), Shaxtaquruvchi (50 mlrd so‘m), Eriell Service (202,3 mlrd so‘m) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.