Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilishda davlat banklariga shuncha ko‘mak berilayotganiga qaramay, ularning rentabelligi xususiy va xorijiy banklarga nisbatan ancha past darajada ekanini ta’kidladi. Yig‘ilish tafsilotlari bo‘yicha “O‘zbekiston24” kanalida efirga uzatilgan lavhada ma’lumot berildi.

So‘nggi uch yilda banklar kapitali 1,8 baravarga, yillik kredit ajratish hajmi 2 baravarga ko‘paydi. 4 ta bank ilk bor “yevrobond” chiqarib, xalqaro kapital bozorlaridan 1 mlrd dollar resurs olib keldi. “Ipoteka-bank”ka strategik xorijiy investor jalb qilindi. 13 ta yangi xususiy bank tashkil etildi, Vengriya, Qozog‘iston va Gruziyaning nufuzli banklari mamlakatda faoliyat boshladi. Onlayn bank xizmatlari hajmi 2,7 barobarga oshdi.

“Agar bankni kapitallashtirish nuqtai-nazaridan 4,5 mlrd dollardan ko‘proq pul bermaganimizda, bu natijaga erisholmasdik. Albatta, bank sohasida o‘zgarish bo‘lmadi desak, noto‘g‘ri bo‘ladi, hozirgi iqtisodiyotimizni mana shunday barqaror bo‘lishida o‘zlarining uslublari o‘zgarganini ko‘rsatishdi. Birinchi marta Yevropa banki kirib keldi. “Ipoteka-bank”ni vengriyalik strategik hamkorga berdik. Qozog‘istondan, Gruziyadan uchta bank keldi. Onlayn banklar ishlay boshladi. 13 ta tijorat banklarimiz ishlab turibdi”, — dedi prezident.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat ulushiga ega banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini “IPO”ga chiqarish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, banklarning reytingini oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

“Lekin nima uchun davlat banklariga shuncha ko‘p ko‘mak beryapmanda, xususiy va xorijiy banklarga nisbatan rentabelliklarining ancha past darajada desak to‘g‘ri bo‘ladi. 16,5 trln pul turibdi. Eng muammoli kreditlar. Bugun sizni yig‘ishimdan eng katta maqsad — davlat pulinining qadriga yetish, samaradorligini oshirish nuqtai nazaridan har bir tijorat banki dunyo qarashini mutlaqo o‘zgartirishi kerak”, — deya ta’kidladi prezident.

Shuningdek, davlat rahbari “Milliy bank”ni IPO`ga chiqarish haqida ham gapirib o‘tdi.

“Endi loyihalarni ham banklardan so‘raymiz. Yangi O‘zbekistonda yangi bank tizimi bo‘ladi. 2025-yilga borib, davlat ulushini 70 foizdan 40 foizga tushirishimiz kerak. Iqtisodiyot shunday rivojlanyaptiki, biz banklarni tezroq strategik hamkorga bermoqchimiz. 4 ta bankimiz rejada turibdi. Yoki mana “Milliy bank”imizni IPO`ga chiqarmoqchimiz. Xalqimiz ham manfaatdor bo‘lishi uchun bu bank soat mexanizmidek ishlashi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.