Endilikda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning bolalar bilan ishlashi qat’iyan man etiladi, deya ma’lum qildi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva.

Qayd etilishicha, aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. Tuzatishlar ustida vazirlik va idoralar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, fuqarolik faollari, jumladan, Nemolchi.uz zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi loyiha faollaridan iborat guruh bir yil davomida ishlagan.

Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sporti, ijodiy tashkilotlarda ishlashi taqiqlandi.

Xuddi shu hujjatda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi ham tasdiqlandi.

Unga ilgari quyidagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar kiritiladi:

  • 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik;
  • 18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik;
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik;
  • voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekistonga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik;
  • voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik;
  • terrorizm.

Reyestr maxsus axborot tizimi orqali shakllantiriladi va yuritiladi.

“Eng muhim va e’tiborli tomoni shundaki, reyestrga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida nazorat qilib boriladi”, — dedi Senat rahbari.

Avvalroq Nemolchi.uz loyihasi faollari taklif qilganidek, xabarda ushbu reyestr ochiq bo‘lishi yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.