Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam markazining bemorga nisbatan jinsiy tajovuzda gumon qilinayotgan feldsheri qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Nilufar Isoxonova “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Olmazor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish, moddaning 1-qismiga ko‘ra, mazkur jinoyat 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, erkak gumonlanuvchi maqomida. Hozirda zaruriy ekspertiza tayinlangan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ish tugagach, qonuniy qaror qabul qilinadi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 17-noyabrga o‘tar kechasi universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan va kichkina farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ayol o‘zini yomon his qilgani uchun tez yordam chaqirib, ayol shifokor kelishini so‘ragan. Bloger Shahnoza Soatova jabrlanuvchi tanishiga tayanib, tez tibbiy yordam shifokori unga bir necha marta ukol qilganini, ayolning ahvolidan foydalanib, “nomaqbul harakatlarga qo‘l urganini, uni qo‘li bilan zo‘rlaganini” yozgan.

Ma’lum qilinishicha, profilaktika inspektori uning ayoldan “bu jinoyatni isbotlash qiyin” bo‘lgani uchun ko‘rsatmalarini qaytarib olishni so‘ragan. Tez tibbiy yordam markazi rahbariyati ichki tekshiruv o‘tkazishni tayinlagan.