Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) “Biokimyo” kompaniyasining ustav kapitalidagi 51 foiz davlat aksiyalari sotilganini e’lon qildi.

Auksionda 118 milliard so‘mga sotib olish to‘lovi bilan Mega comfort business kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.

Abrau Capital kompaniyasi tanlov asosida xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilingan. U 3 ta investordan sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risidagi arizalar olgan. Mega comfort business kelib tushgan takliflar orasida eng yuqori narx taklifini bildirgan, deyiladi xabarda.

DABA ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya kelajakda jamiyat faoliyatini barqaror rivojlanishini ta’minlay oladigan va ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq davomiyligini shakllantirishga salohiyatiga ega.

“Shu bilan birga, xaridorning narx taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning sotilishi mumkin bo‘lgan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan hamda mustaqil baholovchi tomonidan korxonaning baholangan qiymatidan yuqori”, — deyiladi xabarda.

obyektni xususiylashtirish 2023-yilning iyul oyida boshlangan.

Zavod haqida

“Biokimyo” AJ 2007-yilda 1950-yillarda qurilgan Yangiyo‘l gidroliz zavodi negizida tashkil etilgan. U dondan tozalangan etil spirtini ishlab chiqarish majmuasiga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng yirik etil spirti yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi.

Sanoat va noishlab chiqarish obyektlariga ega korxonaning umumiy maydoni 18,92 gektarni tashkil etadi.

Kompaniya haqida

biokimyo, spirtli ichimliklar zavodi, xususiylashtirish

Mega comfort business 2012-yil sentabr oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat yetkazib berish sohasida xizmat ko‘rsatmoqda. Ustav kapitali 50,1 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Ta’sischilar Mirkomil Yusupov, Yulduzxon Isxonbekova, Ulug‘bek Radjabov va Ravshan Alimovdir (har biri 25 foizdan ulushga ega).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Qo‘qon biokimyo” spirtli ichimliklar zavodining 99,7 foiz davlat ulushi 277 milliard so‘mga (24,5 million dollar) sotilgandi. Xaridor asoschisi prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilovning o‘g‘li bo‘lgan First Premium Allianceye kompaniyasidir.