BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va Gavi vaksina alyansi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga 3,4 million dollarlik asbob-uskunalar sovg‘a qildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga UNICEF`ning mamlakatdagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Gavi yordami O‘zbekiston bo‘ylab taqdim etilgan uskunalar va chiqindilarni boshqarish resurslarini o‘z ichiga oladi. Xayriya qilingan 3000 ta planshet va 221 ta haroratni masofadan nazorat qilish tizimidan iborat AT jihozlari O‘zbekistonda immunizatsiya dasturini modernizatsiya qilishda ahamiyatli bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, UNICEF va Gavi tomonidan Andijon, Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlaridagi 28 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek, Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazini chiqindilarni qayta ishlash uskunalari va yillik xarajat materiallari yetkazib berildi.

“O‘zbekistonda immunizatsiya dasturini raqamlashtirish hamda chiqindilarni boshqarish amaliyotini takomillashtirishning birga olib borilishi vaksinatsiya qamrovini ta’minlashdagi kamchiliklarni bartaraf etishga, ma’lumotlar sifati va hisobotini yaxshilashga yordam beradi. Bu Sog‘liqni saqlash vazirligiga vaksinalarni tarqatish bo‘yicha ko‘proq asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi hamda barcha bolalar uchun, ularning yashash joyi yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, asosiy vaksinalar va xavfsiz tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi”, — deyiladi xabarda.

“8000 dan ortiq emlash bo‘yicha xodimlar o‘z vaqtida emlash qayd etilgan hujjatlar bilan tanishish va immunizatsiya bilan qamrab olinishi kerak bo‘lgan aholini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Gavi kompaniyasining O‘zbekistondagi portfeli bo‘yicha katta menejeri Yan Kastilos Franka.