Samarqand shahrida moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, fuqarolarning murojaatlariga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda H.H. va boshqalar “Samarqand credit” MCHJ tashkil etib, jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb etishga doir faoliyatni amalga oshirgani aytilmoqda.

Ular lnstagram ijtimoiy tarmog‘ida oldindan 20 foiz to‘lov qilib, 5 xil turdagi kreditlarni uzoq muddatga olish mumkinligi haqida e’lonlar bergan. Xususan, 45 nafar fuqaroga kredit ajratish evaziga 20 foizlik dastlabki to‘lov sifatida jami 479 mln so‘m naqd pullarni olgani aniqlangan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 188−1-moddasi (Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, “Gazeta.uz” avvalroq moliyaviy piramida nima va u qanday ishlashi, aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerakligi borasida ekspert hamkorlikda material tayyorlagandi.