Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Toshkent shahridagi Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li kesishuvida quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mazkur ikki yo‘lda qatnov oshgan. Bo‘stonliq va Parkent tumanlariga borayotgan sayyohlar soni ham avvalgi yillarga qaraganda bir necha barobar ko‘paygan, hali yana oshadi. Qolaversa, ushbu chorraha kelajakda Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy yo‘lga aylanishi kutilmoqda.

“Shularni inobatga olib, bu kesishmada transport bog‘lamasi qurish mo‘ljallangan. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1 ta ko‘prik, 3 ta tunnel, 4 tadan aylanma va qo‘shimcha yo‘llar barpo etiladi. Bularning evaziga chorraha bironta ham svetoforsiz — „yashil chorraha“ bo‘ladi. Bu qulaylik natijasida haydovchi va yo‘lovchilarning vaqti hozirgiga nisbatan 20−30 daqiqaga tejaladi, harakat xavfsizligi oshadi”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston 24” telekanali xabariga ko‘ra, chorrahalar 4 gektar maydonni egallaydi, yo‘lning umumiy uzunligi 6,5 kilometrni tashkil etadi. Hozirda loyihalash ishlarining birinchi bosqichi yakunlangan, yerosti tunnelini yotqizish uchun poydevor tayyorlandi. Yo‘l va inshootlar to‘liq monolit konstruksiyadan quriladi va 3500 ta qoziq o‘rnatiladi.

Amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra, yo‘lning o‘tkazuvchanligi soatiga (“O‘zbekiston 24” telekanalida “daqiqasiga” deyilgan bo‘lsa-da, aslida “soatiga” bo‘lishi kerak — tahr.) 8 ming avtomobilni, uchta yo‘l o‘tkazgich bilan esa soatiga 24 ming avtomobilni tashkil etishi kutilmoqda. Ma’lum qilinishicha, buning natijasida 1100 soat vaqt va 4100 litr benzin tejaladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisida uchta tunnel qurish rejalashtirilgan: ikkitasi Toshkent-Bo‘stonliq yo‘nalishi bo‘yicha, bu yerda ishlar boshlangan va ishni yakunlash 2024-yilning may oyiga mo‘ljallangan, yana bir tunnel Parkent-Toshkent yo‘nalishida. Ikkinchi bosqich 2024-yilning noyabrida boshlanishi va 2025-yilning mayiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Prezident “Do‘stlik-Qo‘yliq” yerusti metro liniyasi ostida barpo etilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini ham ko‘zdan kechirdi. Loyiha doirasida bu yerda 36 savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport va bolalar maydonchalari, avtoturargohlar barpo etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida yangi inshootlarda xavfsizlikni ta’minlash, xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.