Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda президент matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Shu bois Olimpiya shaharchasida mazkur musobaqalar dasturiga kiritilgan barcha sport turlari uchun sharoit bo‘ladi. Uning maydoni 100 gektar. Asosiy inshootlar — 10 ming o‘rinli stadion va 2 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy o‘yinlar majmualaridir.

Shuningdek, 4 qavatli ma’muriy bino, 15 ta ochiq sport maydoni, yugurish yo‘laklari, bog‘lar barpo etiladi. Shaharchaning 54 foiz maydoni yashil hudud bo‘ladi. Buning uchun 37 gektarda sun’iy ko‘llar tashkil qilinadi. Loyiha 70 ta mamlakatda sport inshootlari qurgan Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

олимпия shaharchasi, шавкат мирзиёев

2022-yil 9-noyabr kuni davlat rahbari mazkur shaharcha qurilishiga tamal toshini qo‘ygandi. Bugungi kunda asosiy binolarning poydevor ishlari to‘liq bajarilgan. 5 ta majmuaning konstruksiyalari tiklanib, qad ko‘tarib qolgan. Qurilishga mingga yaqin ishchi va muhandislar, maxsus texnikalar jalb qilingani qayd etildi.

Davlat rahbari shaharchani ekspluatatsiya qilish bo‘yicha xorijiy tajribani joriy etish, xavfsizlik choralarini ko‘rish va qulayliklarni oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

олимпия shaharchasi, шавкат мирзиёев

Osiyo o‘yinlari o‘tgandan keyin majmualar bo‘shab qolishi kerak emas, xalqimizga xizmat qilishi kerak. Bu yerda mashg‘ulotlar bilan birga sport ta’limi, ilmi, tibbiyoti mujassam bo‘lishi zarur. Ya’ni bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

олимпия shaharchasi, шавкат мирзиёев

Keyinchalik u yerda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federatsiyalari, O‘zbekiston davlat sport akademiyasi va boshqalar faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Maydonchalarda aholi ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

“Kelajakda bu shaharcha bilan bolalar sport maktablarini ham bog‘lash kerak. Ommaviy sportdan professional sportga o‘tish ko‘prigi bu”, — dedi prezident.

Shaharchada paralimpiya o‘yinlari ham o‘tkazilgani bois jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay yo‘llar va alohida sektorlar tashkil etiladi. Prezident tavsiyasiga muvofiq, majmuada qayta tiklanuvchi energiyadan ham foydalaniladi. Yillik quvvati 10 megavatt 56 ming kvadrat metr quyosh panellari o‘rnatiladi.

олимпия shaharchasi, шавкат мирзиёев

O‘sha yerda Toshkent shahri bo‘yicha o‘tgan yili taqdimot qilingan investitsiya dasturiga muvofiq, bu yil ishga tushirilgan loyihalar haqida axborot berildi. Qayd etilganidek, 2023-yilning o‘tgan davrida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida 360 ta loyiha bajarilib, jami 20 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Shuningdek, kelgusida Yangihayot tumanida 650 gektar maydonda yangi avlod sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.