17-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda turizm salohiyatini ishga solish masalalariga to‘xtaldi.

Prezident matbuot kotibi xabariga ko‘ra, viloyatda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm obyektlari bor.

2023-yilda Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri bo‘lgan “Boybuloq”, neandertal odam qoldig‘i topilgan “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asida ham bunday muzey tashkil etiladi. Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, “Samarqand — Kitob — Denov — Oltinsoy — Termiz” marshruti bo‘ylab “Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi.

“Viloyatda 2,5 ming o‘ringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan. 2024-yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qat’i nazar subsidiya berilishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish, Termizdan Istanbul, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmga reyslarni ko‘paytirish topshirildi.

Shuningdek, “Termiz — Toshkent” yo‘nalishida turistik vagon, “Sariosiyo — Toshkent” yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2022-yil 26-oktabr kuni imzolagan “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlarni tiklash haqida band bor.