16-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning Samarqand viloyatidagi ijrosi yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Majlisda qonun ijrosi bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligining Samarqand viloyati, Ichki ishlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hududiy boshqarmalari rahbarlarining olib borgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Unda ta’kidlanishicha, viloyatda voyaga yetmaganlar soni 1,5 mln nafardan ziyod (780 983 nafari o‘g‘il, 726 499 nafari qiz). Viloyatdagi 1263 ta umumta’lim maktabida qariyb 757 ming nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.

2023-yilda 1345 ta “reyd” tadbiri o‘tkazilib, voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirgan 57 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.

Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birga voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida ayrim muammolar mavjudligi aniqlangan.

Jumladan, viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etish holati ortib, 2021-yilda 1331 tani, 2022-yilda 3941 tani hamda 2023-yilning 8 oyi davomida esa 3128 tani tashkil etgan.

Shuningdek, voyaga yetmaganlar orasida sodir etilgan jinoyatlar soni ham ortgan. Xususan, 2022-yilning 8 oyi davomida jinoyatlar soni 92 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 129 tani tashkil etib, 40 foizga ortganligini ko‘rsatmoqda.

Profilaktik tadbirlar davomida 39 nafar maktab o‘quvchisi pornografik, 58 nafari esa zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi materiallar saqlagani aniqlangan. 2221 nafardan ortiq tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalar bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, 1853 nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.

Kriminogen vaziyat og‘ir deb belgilangan 76 ta ta’lim muassasasiga IIB rahbarlarining biriktirilganidan maktablarning xabardor emasligi aytildi. O‘rganish davomida aksariyat ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz hamda muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlar monitoringini olib borish yo‘lga qo‘yilmagani ham aniqlangan.

Majlis davomida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish yuzasidan ham fikrlar bildirildi. Xususan, mazkur qonunning 12 ta moddasida havolaki normalar mavjudligi aniqlandi. Ushbu moddalarda belgilangan normalar amalda tasdiqlangan norma ijodkorligi faoliyati talabga javob bermaydi.

Majlisda qayd etilishicha, qonunda voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar sohani samarali tartibga solish imkonini bermayapti. Huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqqan holda asosiy tushunchalar yetarli darajada yoritilmagan.

Shu bilan birga, o‘ziga nisbatan yakka tartibdagi profilaktika ishi olib boriladigan shaxslarning toifalari qatorini kengaytirish va huquqbuzarliklarga olib kelayotgan yangi holatlarni aks ettirish hamda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar mas’uliyatini aniq belgilash zarurati mavjudligi ham senatorlar tomonidan qayd etildi.