Namangan viloyati Chust tumanidagi 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi yosh qizning kiyimini almashtirish chog‘ida unga tarsaki tushirgani aks etgan video tarqaldi. Holatni o‘rgangan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi aynan shu tarbiyachining bolalar joyida uxlagani va yana bir qator salbiy xatti-harakatlar sodir etganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, tarqalgan videodagi holat 2022-yilning may oyida sodir bo‘lgan. Qolaversa, tarbiyachi o‘tgan yilning iyun oyida ham boshqa bir bolani urgan.

“[2022-yil] 17-iyun kuni ushbu masala tashkilotning kuzatuv kengashi a’zolari ishtirokida ko‘rib chiqilgan va tarbiyachi lavozimidan ozod etilib, kirchi vazifasiga tayinlangan… Ayni paytda videodagi holat yuzasidan to‘plangan materiallarni huquq-tartibot organlariga havola etish va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Zoʻr TV telekanalining Bu kun informatsion dasturida jarayon lavhasi efirga uzatildi.

Unda aytilishicha, 15-bog‘cha 70 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, atrofda boshqa muassasa bo‘lmagani uchun unda 180 nafar bola tarbiyalab kelingan.

1964-yilda qurilgan bino ta’mirtalab ahvolga kelib qolgach, Jahon taraqqiyot banki mablag‘lari evaziga qayta qurish ishlari ketmoqda, shuning uchun bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.