16-noyabr kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni yig‘ilishda muhokama qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda banklar va to‘lov tashkilotlarining ustav fondining (ustav kapitali) hajmiga qo‘yilgan talabning bajarilishi, Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga doir masalalar tahlil etildi.

Markaziy bank ko‘rsatmalariga amal qilmaganligi va yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlamaganligi sababli 16 ta bankka nisbatan jarima chorasi qo‘lladi. Bank nomlari xabarda keltirilmagan.

Xususan, 1 ta tijorat bankiga ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklov o‘rnatildi, 1 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini amal qilish muddati 10 ish kuniga to‘xtatildi.

5 ta tijorat banki va 1 ta mikromoliya tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklar uchun chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, deyiladi xabarda.

oktabr oyi oxirida Markaziy bank kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq oshkor etmagani uchun 16 ta tijorat bankiga nisbatan jarimalar belgilagandi.