16-noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev o‘z ishini Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorat qilishdan boshladi. Majmuada Qur’on oyatlari tilovat etilib, ulamolar bilan suhbat qurildi.

Undan so‘ng prezident Boysun tumanida bo‘lib, “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda gaz koni bir necha o‘n yillar oldin topilgan. Biroq geografiyasi murakkab bo‘lgani, o‘sha paytda zamonaviy texnologiya va mablag‘ bo‘lmagani uchun hech kim o‘zlashtirishga botinolmagan. Shavkat Mirziyoyev 2019-yil aprel oyida bu yerda bo‘lib, dastlabki qidiruv va texnik-iqtisodiy asoslar bilan tanishgandi.

“Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi bajarayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,9 mlrd dollar. Majmua yiliga 5 milliard metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 mlrd 450 mln dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish qariyb yakunlanib qolgan. Zavodning loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. U eng ilg‘or ekologik talablarga mos bo‘lib, ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99 foiz zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Bunday uskunalar MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga o‘rnatilmoqda.

“Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak”, — dedi mutaxassis va quruvchilar bilan suhbatlashgan Shavkat Mirziyoyev.

Majmua Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Ayni paytda uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025-yilda to‘la quvvatga chiqadi. Zavod O‘zbekistondagi 8-gaz-kimyo majmuasi, Surxondaryodagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘ladi. Unda 1050 kishi yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi.

Davlat rahbarining keyingi manzili To‘palang gidroelektr stansiyasi bo‘ldi. Prezident obyektning modernizatsiya ishlarini ko‘zdan kechirdi. 2019-yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev To‘palang gidroelektrostansiyasini borib ko‘rgan. Davlat rahbari yangi to‘g‘on va gidroelektr stansiyani ko‘zdan kechirib, buni “tarixiy voqea” deb atagan va kelgusida Surxondaryo gidro energiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini ta’minlasa bo‘lishini ta’kidlagan.

Uning 2023-yil martdagi tashrifida obyektni modernizatsiya qilish loyihasi foydalanishga topshirildi. Bu galgi tashrif chog‘ida ish jarayoni bilan yaqindan tanishildi. Shu yerda To‘palang daryosi negizida gidro energetika quvvatlarini oshirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unga ko‘ra, kelgusi yillarda daryoning yuqori qismida qurish uchun 20 ta istiqbolli loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy quvvati 264 megavatt bo‘lishi mo‘ljallangan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev To‘palang daryosida “Zarchob-3” kichik gidro elektr stansiyasi qurilishiga start berdi. Uning quvvati 16 megavatt bo‘ladi va yiliga 70 mln kilovatt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. U tabiiy va qayta tiklanuvchanligi bilan ahamiyatli. Shuningdek, boshqa quvvatlar asosan kunduz kuni ishlab chiqarilgani bois, bu yo‘nalish energetika tizimida rostlovchi vazifasini ham o‘taydi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon, deyiladi xabarda.

Hozirgi tizim bo‘yicha, daryo suvi maxsus bosim ostida avval To‘palang GESiga yo‘llanadi. Undan keyin bir biridan uncha uzoq bo‘lmagan Zarchob stansiyalaridagi parraklarni aylantiradi.